Xalqaro anjumanda ishtirok etgan turli mamlakatlar muftiylari, taniqli ulamolar, islomshunos tadqiqotchi va diniy soha vakillari nufuzli tadbirdan so‘ng Xiva shahridagi muborak qadamjolarni ziyorat qildilar.
Martabali mehmonlar Xiva shahridagi Ichan qal’a majmuasida joylashgan Muhammad Rahimxon, Sherg‘ozixon, Muhammad Amin Inoq madrasalari, Sayyid Pahlavon Mahmud ziyoratgohi hamda Juma masjidi singari tabarruk maskanlar bilan yaqindan tanishib, mutaxassislardan ular to‘g‘risida atroflicha ma’lumot olishdi.
Dunyo ulamolari O‘zbekiston zamini qadim madaniyat, buyuk sivilizatsiya va ulug‘ mutafakkirlar yurti ekaniga bevosita guvoh bo‘ldilar.
Majmuada Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilinib, aziz avliyolarning ruhi poklariga bag‘ishlandi. Shu bilan birga, fazilatli ulamolar yurtimiz va butun dunyoda tinchlik va farovonlik hukm surishi, dinimiz rivoji va Islom olami xalqlari tinchlik va ezgulik yo‘lida doimo hamkor bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Bugun Samarqand viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi boshchiligida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining yangi nashrdan chiqqan “Inson qadri” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan tuman va shahar bosh imom-xatiblari, faol imom-xatiblar hamda otinoyilar ishtirok etdi. Taqdimot Qur’oni karim tilovati bilan boshlanib, kitobning mazmun-mohiyati, inson qadrini ulug‘lash, ma’naviy tarbiya va jamiyatdagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida “Inson qadri” kitobi viloyat hududidagi 288 ta masjidga tarqatildi hamda uni diniy-ma’rifiy ishlar jarayonida keng foydalanish tavsiya etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyat vakilligi Matbuot xizmati