Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2025   |   21 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:24
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:53
Bismillah
13 Sentabr, 2025, 21 Rabi`ul avval, 1447
Yangiliklar

Nufuzli anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, deklaratsiya qabul qildilar

16.10.2024   8127   1 min.
Nufuzli anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, deklaratsiya qabul qildilar

Xiva shahrida davom etayotgan “Islom – ezgulik va tinchlik dini” mavzuidagi xalqaro konferensiyada Xalqaro musulmon ulamolari kengashi raisi Ali Muhyiddin Qoradog‘iy, Musulmon donishmandlari kengashi huzuridagi Tinchlik tadqiqotlar markazi ijrochi direktori Samir Budinar, Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod, Hindiston “Dar al-Huda” Islom universiteti prorektori Jamoluddin Nadavi, Bulg‘or islom akademiyasi doktori Sayful Asriy, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay Tag‘an o‘g‘li, Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez, Turkiya Tekirdag‘ universiteti professori Xalit Eren, Fransiya milliy ilmiy tadqiqotlar markazi loyiha direktori Karim Ifrak so‘zga chiqib, anjuman mavzusi bo‘yicha ma’ruza qildilar.

 Jumladan, qatnashchilar yurtimizdan buyuk alloma va ulamolar yetishib chiqqani, ularning ilmiy merosini o‘rganish bugungi kunda naqadar muhim ekanligi, shuning bilan birga, ularda Islomning asl insonparvarlik mohiyati ochib berilgani, eng ulug‘ ne’matlardan bo‘lgan tinchlik va omonlikni asrab-avaylash borasida dolzarbligini yo‘qotmaydigan chaqiriqlar aks etganini ta’kidladilar.
Hozirgi paytda islomofobiya, ayrim davlatlar o‘rtasida turli majorolar davom etayotgani, globallashuvning salbiy jihatlari avj olayotgani qayd etilib, bu kabi muammolarning oldini olish uchun dinimiz ta’limotlarini chuqur o‘rganish, yoshlar o‘rtasida ilmni targ‘ib qilish lozimligi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, ishtirokchilar mavzu doirasida bir qator ezgu tashabbuslarni ilgari surdilar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat yo‘llab, anjuman deklaratsiyasini qabul qildilar. 

Ta’kidlash joizki, mazkur tadbirda Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, O‘mon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etdi. 

 

Nufuzli anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, deklaratsiya qabul qildilar Nufuzli anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, deklaratsiya qabul qildilar Nufuzli anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, deklaratsiya qabul qildilar Nufuzli anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, deklaratsiya qabul qildilar Nufuzli anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, deklaratsiya qabul qildilar Nufuzli anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, deklaratsiya qabul qildilar Nufuzli anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, deklaratsiya qabul qildilar Nufuzli anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, deklaratsiya qabul qildilar Nufuzli anjuman ishtirokchilari O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, deklaratsiya qabul qildilar
MAQOLA
Boshqa maqolalar

Takfirchilikning 8 sababi

12.09.2025   5561   4 min.
Takfirchilikning 8 sababi

Islom dinining eng oliy maqsadi insoniyatni hidoyat yo‘liga boshlash, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlashdir. Alloh taolo Qur’oni karimda:

“Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahm qilinsangiz.” (Hujurot surasi, 10-oyat).

Mazkur oyat musulmonlarning o‘zaro birodar va do‘st ekanligiga urg‘u beradi. Biroq tarix davomida ayrim toifalar islom ta’limotini noto‘g‘ri talqin qilib, musulmonlarning o‘ziga qarshi turli fitnalar chiqarishga harakat qildilar. Shulardan eng xatarlisi takfirchilik, ya’ni musulmonni kufrda ayblash masalasidir.

Takfirchilik bir musulmonni boshqa bir musulmonga nisbatan “dindan chiqqan”, “kofir” deb hukm chiqarishidir. Qarshisidagi odamni kofir deyishning oqibatini Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom quyidagicha tushuntirganlar:

“Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa, bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa gapiruvchining o‘ziga qaytadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)

Ushbu hadisdan anglashilganidek, “takfir qilish” jiddiy masala bo‘lib, uning hukmi aytovchining o‘ziga qaytishi mumkin.

Insonlarni kufrda ayblashning bir nechta asosiy sabablari bor:

  1. Ilmsizlik – Qur’on va sunnatni chuqur o‘rganmagan, ulamolar kitoblari va so‘zlaridan xabarsiz bo‘lgan odamlar din masalalarida shoshilinch xulosa chiqaradi.
  2. Mutaassiblik – o‘z qarashlarinigina haq deb bilish va boshqacha fikrni qabul qilmaslik.
  3. Mazhabsizlik – asrlar davomida amal qilib kelingan mazhablarni inkor qilish va “faqat biz to‘g‘ri yo‘ldamiz” degan da’vo.
  4. Zamonaviy xavorijlik g‘oyasining ta’siri – ilk davrlarda chiqqan xavorijlar g‘oyasidan ilhomlanish va ularning yo‘lini davom ettirish.
  5. Siyosiy yoki mafkuraviy maqsadlar – ba’zi guruhlar islom niqobi ostida siyosiy kurash olib borish uchun takfir qilish g‘oyasidan foydalanadilar.
  6. Yoshlarning tajribasizligi – dinni yangi o‘rganayotgan ayrim yoshlar murakkab masalalarda mustaqil hukm chiqarishga urinib, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qoladilar.
  7. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishi – tekshirilmagan “fatvo”lar va radikal da’vatchilar ta’siri.
  8. Shaytonning vasvasasi – insonni xudbinlikka, o‘zini “haqiqiy olim”, boshqalarni esa “adashgan” deb baholash.

Musulmon ulamolari takfirchilikka qarshi qat’iy fikr bildirishgan. Imom Navaviy rahmatullohi alayh shunday degan: “Hech bir kishi yagona gunoh sababli kufrga tushgan deb hisoblanmaydi. Modomiki, u Islom dinining asosiy va zaruriy qoidalarini qasddan inkor qilmayotgan bo‘lsa, u takfir qilinmaydi. Bir inson Islom asoslarini inkor qilganida, avval uning buni bilib-bilmasdan qilgani aniqlanishi kerak. Agar u jaholat sababli yoki ma’lumotsizlik tufayli xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, takfir qilinmaydi.

 Shuningdek, Imom Tohaviy rahmatullohi alayh o‘z mashhur aqida risolasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deb ta’kidlaydilar.

Bu so‘zlardan ma’lumki, bir inson shahodat kalimasini aytgan va islomning asoslariga ishongan bo‘lsa, uni kufrda ayblashga yo‘l yo‘q.

Takfirchilik faqat diniy jihatdan emas, balki ijtimoiy barqarorlik uchun ham xavflidir:

  1. Ummat ichida bo‘linish va tafriqa keltirib chiqaradi.
  2. Birodarlik va ishonchni yo‘qotadi.
  3. Qon to‘kish va islom nomidan zo‘ravonlikka yo‘l ochadi.
  4. Islamning asl ta’limotini buzib ko‘rsatadi, g‘araz niyatdagi kimsalarga esa, fitna uchun imkoniyat yaratadi.

Takfirchilik islom ta’limotiga zid bo‘lgan xatarli g‘oyadir. U insonlarni Allohning rahmatidan uzoqlashtiradi, musulmonlar o‘rtasida birodarlik rishtalarini uzadi va fitna-fasodga sabab bo‘ladi. Har bir musulmonning vazifasi — birodarini kufrda ayblash emas, balki uni hidoyat va xayrli amallarga chorlashdir.

Shu boisdan, barcha holatlarda bo‘lgani kabi bu masalada ham ulamolarning yo‘liga ergashish lozim. Musulmonlar orasida birlik, bag‘rikenglik va inoqlikni mustahkamlash bugungi kun musulmonlarining eng muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda.

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi

imom-xatibi Shermuhammad Boltayev