Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447

Qizlar hayz tufayli namoz va ro‘zaning savobidan mahrum bo‘ladimi?

17.10.2024   4599   5 min.
Qizlar hayz tufayli namoz va  ro‘zaning savobidan mahrum bo‘ladimi?

Bir qiz aytadi: «Hayz boshlanib qolsa, rosa alam qiladi. Chunki men namoz o‘qishni yaxshi ko‘raman, hayz esa meni namozdan to‘sadi. Qayg‘ularim Ramazonda yana ham ortadi. Hamma ro‘za tutsa, bir o‘zim ro‘za tutmasligim menga og‘ir botadi. Bundan tashqari, o‘sha tutmagan ro‘zalarimni baribir keyin bir o‘zim tutib berishimga to‘g‘ri keladi.

Avvaliga qalbim xotirjam bo‘lmas edi. Lekin hayz kunlarida qila olmagan ibodatlarimning savobi pokligimda qilib yurgan paytimdagidek yozilib boraverishini bilganimdan keyin ko‘nglim taskin topdi.

 

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Banda kasal bo‘lib qolsa yoki safarga chiqsa, unga muqim va sog‘lom paytida qilib yurgan amallariga yozilganidek savob yozilaveradi» (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Masalan, bir kishi doim nafl namoz o‘qib, nafl ro‘zalar tutib yursa, keyin bir kuni safarga chiqishga majbur bo‘lib yoki kasal bo‘lib qolib, doimgi ibodatlarini qila olmay qolsa, unga sog‘lom, muqim paytidagi ibodatlarining savobi yozilaveradi.

Misol uchun, bir kishi dushanba-payshanba kunlari ro‘za tutib yursa, safar qilgani uchun ro‘za tuta olmasa, o‘sha kunlardagi ro‘zasining savobi baribir yozilaveradi. Yana bir odam sunnat va choshgoh namozlarini doim o‘qib yurgan bo‘lsa, bir necha kun betob bo‘lib, namozlarini o‘qiy olmagan bo‘lsa ham, shu kunlardagi namozning savobi baribir yozilaveradi. Shunga qiyosan, qiz bola ham shar’iy uzr – hayz sababli doimiy o‘qib yurgan namozini, tutib yurgan ro‘zasini ado qila olmasa ham, Alloh taolo shar’iy uzri kelishidan oldin doimiy qilib yurgan amallarining savobini yozib turaveradi.

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir g‘azotda shunday deganlar: «Ortimizda, Madinada shunday odamlar borki, biz qaysi bir dara yoki vodiyni bosib o‘tmaylik, ular ham biz bilan birga bo‘ldilar, chunki ularni uzr ushlab qoldi, xolos» (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Shunday ekan, xayrli ishni niyat qilib, bajarmoqchi bo‘lgan odam uzrli sabab tufayli uni bajara olmasa, o‘sha amalning savobi yozilaveradi. Hayz ham shar’iy uzr bo‘lib, Alloh taolo uni barcha ayollarning peshonasiga yozgan. Shuning uchun har qanday yaxshilikni, ibodatlarni bajarishni niyat qilgan qizni uning ixtiyorida bo‘lmagan hayz qoni amal qilishdan to‘sib qolsa, unga o‘sha amallarning savobi yozilaveradi. Hayzi sababli namozni, ro‘zani tark etishga majbur bo‘lgan qizga Alloh taolo O‘zining fazlu karami bilan o‘sha ibodatlarni ado etganlarga beriladigan savoblarni beraveradi.

 

Yana bir qiz aytadi: «Hayz sababli erkak zotiga hasad qilardim, ularga nisbatan gina saqlar edim. Men ham ularga o‘xshab hayzsiz, xotirjam yashashni orzu qilardim.

Lekin qizlar hayzning jismoniy, ma’naviy og‘riqlarini boshdan o‘tkazganlari uchun juda ko‘p savoblarga ega bo‘lar ekan. Buni bilganimdan keyin ichim ancha yorishdi.

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Musulmonga biror horg‘inlikmi, bemorlikmi, tashvishmi, qayg‘umi, ozormi, g‘ammi yetsa, hatto tikan kirsa ham, Alloh bular tufayli uning xatolarini o‘chiradi» (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Mo‘min bandaga yetadigan har qanday kattayu kichik musibat uchun uning gunohlari mag‘firat qilinadi. Demak, quyidagi musibatga uchrasak, xotirjam bo‘laylikki, ular tufayli gunohlarimiz kechirilar ekan:

• horg‘inlik (holsizlanish, mehnat, hatto yurish sababli paydo bo‘ladigan qiynalish);

• bemorlik;

• tashvish (hali sodir bo‘lmagan ishning g‘ami);

• qayg‘u (bo‘lib o‘tgan musibatga siqilish);

• ozor (o‘zgalar tarafidan yetadigan nohaq jabr-sitam),

• g‘am (hech qanday sababsiz ko‘ngil xira tortishi).

 

Qiz bola hayz kelishidan oldin hadisda kelgan mana shu qiyinchiliklarning deyarli barchasini boshidan kechiradi. Hayzda jismoniy zo‘riqish bor. Bu – hadisda kelgan horg‘inlikdir. Hayz kelishidan oldin qiz bola hayz kelishini o‘ylab siqiladi, eziladi. Bu esa mazkur hadisda zikri kelgan tashvishdir. Qiz bola hayz vaqtida turli dilixiraliklar sabab mahzun bo‘ladi. Bu – hadisdagi qayg‘udir. Bu davrda ba’zilar unga aynan hayz ko‘rayotgani uchun ham qo‘pol muomalada bo‘ladi, bechora qiz bundan aziyat chekadi. Bu – hadisdagi ozordir. Hayz kelishidan biroz oldin qiz bola o‘zidan-o‘zi siqiladigan bo‘lib qoladi. Bu – hadisda kelgan g‘am bo‘lib, biror-bir sababsiz uning yuragi siqilaveradi.

Ko‘rib turganingizdek, qiz bola hayz davrida tabiiy kasallikdan tashqari, turli musibatlarni boshdan kechiradi.

 

Endi ushbu savolga javob bering:

Bu musibatlarning hammasi hayz davriga jamlangan ekan, unga sabr qilish, rozi bo‘lishning savobi qanchalar ulkan bo‘lar ekan-a? Demak, aslida qiz bola hayz ko‘rishidan xursand bo‘lishi kerak emasmi? Chunki bu narsa uning ko‘plab gunohlari kechirilishiga sabab bo‘lmoqda-ku!

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.

Boshqa maqolalar

Qiz bolaga qilingan nafaqa

07.07.2025   882   2 min.
Qiz bolaga qilingan nafaqa

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Odatda odamlarda «Qiz bola birovning hasmi, erta-indin erga tegib ketib qoladi. Undan nima foyda bo‘lishi mumkin», degan salbiy fikr bo‘ladi. «O‘g‘il bola esa doimo xizmatda bo‘ladi. Uni uylab qo‘ysang, kelin ham xizmatingni qiladi. U qariganingda ham joningga oro kiradi», kabi tushunchalar bor. Bu noto‘g‘ri fikr. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlarga nafaqa qilishning fazli haqida o‘z hadislarida qayta-qayta bayon qilganlar. O‘zlari to‘rt nafar qizlariga qilgan muomalalari bilan barchaga namuna ko‘rsatganlar.

Ushbu hadisi sharif va rivoyatlarda ham shu ma’nolar ilgari surilgan.

عَنِ الزُّهْرِيِّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَنْ كَانَتْ لَهُ بِنْتَانِ فَصَبَرَ عَلَى لَأْوَائِهِمَا وَنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا كَانَتْ لَهُ بِنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا الْجَنَّةُ».

Zuhriydan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning ikki qizi bo‘lsa va ularning mashaqqatlariga va nafaqasiga sabr qilsa, ularga qilgan nafaqasi uchun unga jannat bo‘ladi», dedilar.

Sharh: Qiz boqish oson narsa emas, buni hamma yaxshi biladi. Bu ishni amalga oshirish uchun sabr-matonat kerak, harakat, g‘ayrat kerak, topganini sarflash kerak. Baribir shu qiz ertami, indinmi, birovning uyiga ketishi, kelin bo‘lishi borligini o‘ylab, yurak uvushib ham turadi. Ayniqsa qizi ko‘p bo‘lsa, bu holat aniq bilinadi. Ana shularni bilib turib va sabr etib, qizlarini yaxshi tarbiya qilgan odam o‘zi uchun oxiratning katta bir martabasini kasb qilgan bo‘lar ekan.

Ayni paytda qizlarni nafaqa bilan ta’minlash ham lozim ekan. Bu ish uchun ham sabr-bardosh kerak bo‘ladi.

Ikki qizning tarbiyasidagi mashaqqatlarga, xususan, qizlarning nafaqasini ta’minlashdagi qiyinchiliklarga sabr qilish ota-ona uchun katta savob hamda jannatga kirishga sabab bo‘ladigan amallardan biri hisoblanar ekan.


«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz