Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidlarida ustun bo‘lib turuvchi xurmo daraxtining yog‘ochlari bo‘lgan. U zot sollallohu alayhi vasallam ushbu yog‘ochlardan birining yonida turib xutba qilardilar. Ba’zan uzoq muddat tik turib qolardilar. Shuning uchun ustida o‘tiriladigan biror narsa yasab bermoqchi bo‘lib, bir ansoriy ayol: “Yo Rasululloh! Mening duradgor qulim bor Sizga minbar yasab beraylikmi?” dedi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Maylin, agar (shuni) xohlasang” dedilar. Minbar yasab berdilar.
Kelasi juma kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarga chiqmoqchi bo‘ldilar, shunda xurmo daraxti xuddi yosh bola kabi baland ovozda yig‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haligi yog‘ochni silab yupatdilar. Shundan keyin tinchlandi.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh qachon shu hadisni aytib bersalar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yonidan ketganlariga bir yog‘och yig‘ladi-ya, biz yig‘lamasligimiz mumkinmi?” deb, yig‘idan soqollari ho‘l bo‘lib ketardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu minbarlari hijratning sakkkizinchi yili yasalgan.
Minbarning uchta pog‘onasi bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xutbada oyoqlarini ikkinchi pog‘onaga qo‘yib minbarning ustida o‘tirganlar.
Keyinchalik Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu xutbada o‘tirganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga odob yuzasidan ikkinchi pog‘onaga o‘tirib oyoqlarini eng pastki pog‘onaga qo‘yganlar.
Umar roziyallohu anhu ham xutbada o‘tirganlarida birinchi pog‘onaga o‘tirib, oyoqlarini yerga qo‘yib turganlar. Usmon roziyallohu anhuning davrlarida ham shu holat davom etgan.
Keyinchalik Muoviya roziyallohu anhu minbarga pog‘onalar qo‘shdirgan va ularning soni to‘qqiztaga yetgan.
Hijriy 654 yilda sodir bo‘lgan masjid yong‘inida minbar ham kuyib ketdi.
Hijriy 658 yilda Yaman podshohi Malik Muzaffar tomonidan yasattirilgan minbar o‘rnatilgan. Ammo keyinchalik yana bir necha marta boshqa-boshqa minbarlar qo‘yilgan.
Hijriy 998 yilda Sulton Murod III Usmoniy tomonidan yuborilgan minbar Masjidi Nabaviyga qo‘yilgan oxirgi minbar sanaladi. Minbar marmardan yasalgan bo‘lib, go‘zal naqshlar bilan bezatilgan, tepasida to‘rtta ustunli qubbasi ham bor.
Minbarning eshigi ham bo‘lib, eshigidan tashqarisida uchta, ichkarisida to‘qqizta pog‘onasi bor. Hozirda ushbu minbar Masjidi Nabaviyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbarlari o‘rnida turibdi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uyim bilan minbarimning orasida jannat bog‘laridan biri bor. Minbarim esa hovuzimning ustidadir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga jannat bog‘laridan bir bog‘ bo‘lgan muborak Ravzada takror-takror ibodat qilish baxtiga muvaffaq qilsin.
Shu yil yanvar oyining birinchi yarmida yurtimizdan umra ziyoratini ado qilish uchun ketgan 48 nafar hamyurtimiz umra amallarini bajarib, yurtimizga keldi. Ularni Nukus xalqaro aeroportidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy madrasasi, imom-xatiblar, ziyoratchilarning yaqin qarindoshlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi.
ؘ– Umra amallarini ado etishga ulkan imkoniyat va qulayliklarni hozirlab bergan muhtaram Yurtboshimiz va mutasaddi rahbarlarga tashakkur. Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar hammasi ko‘ngildagidek. Hamsafarlarimiz ham minnatdor. Safar davomida ibodat amallarini ado etish chog‘ida yurtimiz tinchligi va xotirjamligi uchun duolar qildik», – deydi ziyoratchilardan biri.
Darhaqiqat, barcha mo‘min-musulmonlar katta savoblarga erishish va gunohlardan poklanishdan umid qilgan holda Umra ibodatini bajarishga intiladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Haj va umrani Alloh uchun mukammal bajaring”, – deydi. Shuningdek, umra amali uchun katta mukofotlar va’da qilingan. Payg‘ambar alayhissalom o‘z hadisi sharifda: “Umra (oldin qilingan) umragacha (bo‘lgan) ikkalasining o‘rtasidagi (sag‘ira gunohlar)ga kafforot bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).
Miras ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari
qoziyoti xodimi