Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447

Kim qaysi daraxtning shoxini ushlaydi?

04.11.2024   3422   2 min.
Kim qaysi daraxtning shoxini ushlaydi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Daraxtlar har xil bo‘ladi. Soya beradigan daraxtning soyasidan, mevali daraxtning mevasidan iste’foda etamiz. Umuman aytganda, daraxtlar Alloh taoloning bizga bergan ne’matlaridandir.

Bu dunyoda inson saxiylik daraxtining shoxidan ushlasa, u shox uni jannatga yo‘llaydi. Ammo inson baxillik daraxtining shoxini ushlasa, u shox uni do‘zaxga eltadi. Bu haqda janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Saxiylik jannatdagi bir daraxtdir, uning shoxlari dunyoga tushib turadi. Kim uning birorta  shoxini tutsa, u shox uni jannatga  yo‘llaydi. Baxillik ham do‘zaxdagi bir daraxtdir. Uning shoxlari dunyoga tushib turadi. Kimki uning shoxidan tutsa, u shox uni do‘zaxga eltadi”.

Shu sababli bu dunyoda insonning qismati uning qaysi daraxtning shoxini ushlashiga bog‘liq. Agar inson hayotlik davrida saxiy daraxtining shoxlaridan ushlasa, u ikki dunyo yaxshiligini ushlagan bo‘ladi. Allohning roziligida saxiy kishi chin ko‘ngildan yarimta xurmoni bo‘lsa ham muhtojlarga bersa, uning bu himmati katta ajru-savoblarga sabab bo‘ladi. Bu haqda shoir bunday yozadi:

Och qolgan go‘dakka saxovatli zot,
Yarimta xurmoni dildan ilindi,
Bilgilki, bu himmat shu zum, shu zahot,
Bus-butun savob deb qabul qilindi.

Mabodo inson baxillik daraxtining shoxlaridan ushlasa, u dunyo va oxirat yaxshiligidan bebahra qoladi. Shuning uchun ham xalqimiz bekorga “Baxilning bog‘i ko‘karmas” deb bekorga aytmaydi.

Alloh taolo barchamizni baxillik daraxt shoxlaridan ushlashdan asrab, saxiylik daraxtining shoxlaridan ushlashni nasib etsin!

Alloh taolo barchamizni ikki dunyo saodatiga yetkarsin!

TII Modul ta’lim tizimi talabasi,
O‘MIning Qashqadaryo viloyati
vakilligi xodimi Ruhiddin Akbarov

Boshqa maqolalar

“Safarga ketdilar...”

04.07.2025   18490   2 min.
“Safarga ketdilar...”

Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:

– Haliyam uylanmadingmi?

– Yo‘q, – dedi u.

– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?

– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...

– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..

– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.

Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:

“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:

– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:

– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...

Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.

Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.

Akbarshoh RASULOV