Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Nikoh» so‘zi lug‘atda «qo‘shilish», «jamlanish», «yaqinlashish» ma’nolarini anglatadi.
Shariatda esa: «Nikoh bahralanish egaligini hosil qiluvchi bog‘lanishdir».
Alloh taolo Qur’oni karimda: «Oralaringizdagi nikohsizlarni va qulu cho‘rilaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying. Agar faqir bo‘lsalar, Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilur. Alloh Vosi’ va Aliymdir» («Nur» surasi, 32‑oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida nikohga targ‘ib juda kuchli tarzda kelgan. Ushbu haqiqatni anglab yetishimiz uchun quyidagi ikki hadisni o‘rganib chiqamiz.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:
«Ey yoshlar jamoasi, sizdan kim nikohga qodir bo‘lsa, uylansin. Albatta, u ko‘zni to‘suvchi va farjni saqlovchidir. Kim qodir bo‘lmasa, ro‘zani lozim tutsin, bu uning uchun bichilishdir», deganlarini eshitdim».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifdagi «nikohga qodir bo‘lsa», deb tarjima qilingan ibora arabchada «bo’a» deyilib, moddiy, ma’naviy va jismoniy jihatdan nikohga qodirlik ma’nosini anglatadi.
Demak, shu ma’nodagi qudratga ega bo‘lgan har bir musulmon uyli-joyli, oilali bo‘lishga harakat qilmog‘i lozim. Agar nikohga moddiy yoki ma’naviy jihatdan qudrati yetmagan, sarf-xarajatni ko‘tara olmaydigan yoki uylansa, umr yo‘ldoshiga zulm qilishdan o‘zini to‘xtata olmaydigan yoshlar bo‘lsa, ro‘za tutishlari kerak. Shu yo‘l bilan ular shahvatlarini bosadilar. Chunki ro‘za tufayli kishining shahvati pasayib, boshqa jinsdagilarga shahvat bilan qaramaydigan, farjini zinoga ishlatmaydigan holga keladi.
Oddiy holatlarda esa bu ikki xavfning oldini nikoh oladi. Nikohdagi kishi o‘z shahvatini halol yo‘l bilan qondirganligi uchun, ko‘zi nomahramlarga qarashdan tiyilgan, farji haromga yurishdan saqlangan bo‘ladi.
Bu hadisi sharif mo‘min‑musmonlarni yoshlik chog‘laridan, nikohga qodir bo‘lishlari bilanoq, oila qurishga chorlamoqda.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Uch kishilik guruh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalarining uylariga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ibodatlari haqida so‘rab keldi. Bas, ularga (bu haqda) xabar berilganida xuddi u(ibodat)ni oz sanaganday bo‘ldilar. Shunda ular:
«Biz qayoqda-yu, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qayoqdalar, u zotning o‘tganu qolgan gunohlari mag‘firat qilingan», dedilar.
Ulardan biri:
«Men abadul abad tunlarni namoz o‘qish bilan o‘tkazaman», dedi. Boshqasi esa:
«Men umrbod ro‘za tutaman, og‘zim ochiq yurmayman», dedi. Yana boshqa biri:
«Men ayollardan chetda bo‘laman, abadul abad uylanmayman», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldilariga kelib:
«Shunday, shunday, deganlar sizlarmi?! Ammo Allohga qasamki, men Allohdan eng qo‘rquvchirog‘ingizman va Unga eng taqvodoringizman. Lekin ro‘za ham tutaman, og‘zim ochiq ham bo‘ladi. Namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham, ayollarga uylanaman ham. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas», dedilar».
Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Bu hadisi sharifda uylanish, oilali bo‘lish «ibodat», «taqvodorlik» va «Allohdan qo‘rqish» ma’nolariga zid emasligi bayon etilmoqda. Uylanish Alloh taolodan eng qo‘rquvchi banda bo‘lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas» deganlari imkoni bo‘la turib nikohda bo‘lmaslik, oila qurmaslik mo‘min‑musmon uchun mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ayon etadi. Uylanmay, oila qurmay yurish musulmonlarga xos ish emas. Chunki Alloh taolo inson zotini yaratgan chog‘ida erkakni ham, ayolni ham jinsiy rag‘bat bilan yaratgan. Bu rag‘bat inson uchun, uning baxt-saodati uchun, insoniyat kelajagi uchun kerakli narsadir. Bo‘lmasa, Alloh taolo insonni bunday qilib yaratmas edi.
Ana shu jinsiy maylni pok yo‘l bilan qondirish zarur. Bu esa, shar’iy nikoh orqali amalga oshiriladi. Aksincha bo‘lsa, turli noqulayliklar, zararlar kelib chiqadi.
Uylanmay, oila qurmay, jinsiy maylni qondirmay yurish inson tabiatiga zid va zararlidir. O‘zini jinsiy aloqadan olib qochgan kishilar o‘z sog‘liqlariga zarar yetkazibgina qolmay, inson naslining qirqilishiga, dunyoning xarob bo‘lishiga sabab bo‘ladilar.
Shuningdek, jinsiy maylini pok yo‘l bilan emas, harom yo‘l bilan qondirib yurganlar ham o‘zlari va o‘zgalar boshiga, butun insoniyat boshiga turli balo-ofatlar kelishiga sabab bo‘ladilar. Shuning uchun ham Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilib, nikohda bo‘lishga, halol-pok yo‘l bilan oila qurishga harakat qilish kerak. Aks holda, u zotning yo‘llaridan boshqa yo‘lda yurilgan hisoblanadi.
Abu Ayyub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«To‘rt narsa Rasullarning sunnatlaridan: hayo, xushbo‘y sepish, misvok va nikoh», dedilar».
Ahmad va Termiziy hasan sanad ila rivoyat qilganlar.
Alloh taoloning Rasullari U Zot yaratgan bandalarning eng sarasidirlar. Ular turli zamonlarda turli xalqlar ichidan tanlab olingan yetuk insonlar hisoblanadilar. Payg‘ambarlar Allohning inoyati ila ilohiy ko‘rsatmalarni bandalarga yetkazib, ularni hayotga tatbiq qilishni ko‘rsatib bergan zotlardir. Ularni turli xato va gunohlardan Alloh taoloning O‘zi saqlab turgan va u zotlarning hayotlari ummatlariga o‘rnak bo‘lgan.
Shuning uchun ularning sunnatlariga, xususan, barchalariga xos bo‘lgan sunnatlarga amal qilish har birimiz uchun o‘ta muhimdir.
Ushbu hadisi sharifda Odam alayhissalomdan tortib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamgacha – barcha Payg‘ambar alayhissalomlarning sunnatlari bo‘lgan to‘rt narsa haqida so‘z ketmoqda:
1. Hayo.
Hayo insonni boshqa jonzotlardan ajratib turadigan ulug‘ sifatlardan biridir. Hayo insonga ziynat hisoblanib, u payg‘ambarlarning hammalariga xos mushtarak sifat bo‘lgan.
Shuning uchun har bir mo‘min hayoli bo‘lishga harakat qilmog‘i lozim. Bu o‘ta muhim sifat haqida, Alloh xohlasa, axloq kitobida alohida so‘z yuritamiz.
2. Xushbo‘y sepish.
Xushbo‘ylik kishiga zavq beradi, ochiq tabiatlilik, quvonch keltiradi. Xushbo‘ylik inson tabiatiga ijobiy ta’sir etadigan narsadir.
Islomda har bir narsaning xushbo‘y bo‘lishiga katta e’tibor beriladi, qo‘lansa hidni yo‘qotishga harakat qilinadi. Chunki bu barcha Payg‘ambar alayhissalomlarning, jumladan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir.
3. Sivok.
Sivok, ya’ni og‘izni, tishni tozalab yurish barcha Payg‘ambar alayhissalomlarning sunnatlari ekanini bilmog‘imiz lozim. Bu ish ham har bir sof tabiatli inson uchun kerakli bo‘lgan ishlardan. Shuning uchun ham uni Alloh taoloning O‘zi Nabiylariga ravo ko‘rgan.
4. Nikoh.
Alloh taoloning barcha Anbiyo alayhimussalomlarini birlashtirib turuvchi sunnatlardan yana biri nikohdir. Bu ish eng muhim sunnatlardan hisoblanmaganida Alloh taolo uni hamma Payg‘ambarlariga ravo ko‘rmas edi. Bu esa, o‘z navbatida nikohga alohida ahamiyat berish lozimligini bildiradi.
Hanafiy mazhabining eng yirik ulamolaridan bo‘lgan Ibn Obidin rahimahulloh aytadilar: «Odam alayhissalomdan to qiyomatgacha ibodat qilib belgilangan hamda oxiratda jannatda ham davom etadigan amal ikkitadir: iymon va nikoh».
Islomda nikohga targ‘ib qilish bilan birga, undan bosh tortish qattiq qoralanadi.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Usmon ibn Maz’un butunlay tarkidunyo qilmoqchi bo‘lgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni nahiy qildilar. Agar unga bu ishda ruxsat berganlarida, o‘zimizni albatta bichib tashlar edik».
Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning emikdosh birodarlaridir. Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhuda ibodatga ajrab chiqish mayli juda ham kuchli bo‘lgan. Avval Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalaridan u zotning ibodatlari haqida so‘rab, uni oz sanab, keyin tarkidunyochilikni ixtiyor qilgan uch kishidan biri ham Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhu edilar. Ushbu hadisdagi «butunlay tarkidunyo qilish» ma’nosi uylanishni ham tark qilish ma’nosini o‘z ichiga olgan. Shuning uchun ham roviy Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu:
«Agar unga bu ishda ruxsat berganlarida, o‘zimizni albatta bichib tashlar edik», – demoqdalar.
Islomda bu ish joiz bo‘lmaganligi uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhuga ruxsat bermaganlar. Uylanmay yurish musulmon kishi uchun yaxshi emas. Ba’zi dinlarda ibodatga berilganlar uylanishdan voz kechishlari kerak. Unday ishni qiluvchilar «rohiblar», qilayotgan ishlari «rohiblik» deyiladi. Islomda esa rohiblik yo‘q, bizning dinimizda uylanish ham ibodat sanalanadi.
Islomda nikoh kechiktirib bo‘lmaydigan uch ishdan biri hisoblanadi.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kishiga:
«Ey Ali, uch narsani ortga surmagin. Namozni vaqti kirganda, janoza hozir bo‘lganda va ersiz ayol tengini topganda», dedilar».
Ahmad, Ibn Moja, Termiziy va Hokim rivoyat qilganlar.
Namoz qanchalik ahamiyatli ibodat ekanini, bu ulkan ibodatni ortga surish qanchalik yomon ish ekanini ham hamma yaxshi biladi. Shuningdek, janozani kechiktirmaslikka qanchalar ahamiyat berilishi ham hech kimga sir emas. Nikohni kechiktirmaslik lozimligini o‘sha muhim va ahamiyatli ikki ish bilan bir hadisda aytilishi ushbu ishning ahamiyati ham avvalgi ikkisidan qolishmasligini bildiradi.
Musulmonlar qadimdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nikohni kechiktirmaslik darkorligi haqidagi ushbu ko‘rsatmalariga amal qilib kelganlar. Afsuski, keyingi paytlarda ba’zi holatlarda turli tushunmovchilik va sabablar tufayli bu ishga e’tibor yo‘qoldi. Buning natijasi o‘laroq, turli muammolar ham kelib chiqa boshladi. O‘zining Islomga amal qilishi bilan faxrlanib yuradigan o‘lkalardan birining axborot vositalarida berilayotgan ma’lumotlarga qaraganda, o‘n sakkiz millionlik aholining bir yarim millionini o‘ttiz yoshdan o‘tgan qari qizlar tashkil qilar ekan. O‘ttiz yoshdan o‘tmagani qancha ekanini Alloh taoloning O‘zi biladi. O‘sha jamiyatning ziyolilari bilan bo‘lgan suhbatdan ma’lum bo‘lishicha, ish qizlarning o‘zlarining baxtiga to‘g‘anoq bo‘layotgan otalari ustidan qozixonalarga arz qilishga ham majbur bo‘lishgan ekan. Chunki otalar qizlari olayotgan oylik maoshdan ayrilib qolmaslik uchungina sovchilarga rad javobini berishar ekan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning birgina hadisi shariflariga amal qilmaslikning oqibatini ko‘rib qo‘ying. Aslida, voyaga yetgan farzandlarni nikohlab, oilali qilib qo‘yish ota‑onaning yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning burchidir.
"Baxtiyor oila" kitobidan
Barchaga ayonki, adabiyot din emas, din ham adabiyot emas. Lekin musulmon xalqlari adabiyotini dindan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Islom ta’limoti o‘tmishda so‘z san’ati uchun ma’naviy asos edi. Buni barcha mumtoz shoir-u adiblarimiz, xususan, Alisher Navoiy ijodi ham yaqqol isbotlab turibdi.
Davrning o‘zi Navoiyga islomning targ‘ibotchisi bo‘lish vazifasini yuklagan edi, desak, xato bo‘lmas. Shoir "Siroj ul-muslimin" ("Musulmonlar chirog‘i") asarining yozilishiga turtki bo‘lgan ba’zi bir sabablarni aytib o‘tadi.
Temuriy hukmdor Husayn Mirzoning yaqinlaridan bir nuktadon kishi: "Navoiy she’rlarida oshiqlig-u mayparastlikni bisyor kuylab, islom-u din uyiga ko‘p g‘avg‘o soldi-da", qabilida fikr bildiradi. Albatta, Navoiy asarlarida may ramziy timsol, ishq esa Allohga oshiqlik ekani ayon. Biroq endi shoir din uyini obod aylaydigan, ya’ni islom asoslarini tushuntirib beradigan bir asar yozishni ko‘ngliga tugadi.
Ammo goh u, goh bu tashvish bilan bo‘lib, orzulagani bu asarni bitishga hech fursat topolmaydi. Yillar o‘tib, shoir oltmishga yaqinlashgan bir mahalda Samarqanddan Hirotga bir mo‘tabar zot tashrif buyuradi.
Navoiy ham uning ziyoratiga boradi. Mehmon Navoiyga o‘zining piri bo‘lmish Xoja Ahror Ubaydulloh Valiyning yillar burun u haqda aytgan: "Alisherbek ko‘p yaxshi nazmlar bitdi, lekin bevosita din targ‘ibiga oid bir asar yozish ham undan lozim edi", degan omonat gapini yetkazadi.
Allaqachon bu dunyoni tark etib ketgan ulug‘ pirning bu tilaklari shoirga ruh baxsh etadi. U o‘sha zahotiyoq "Siroj ul-muslimin"ni yozish uchun qalam yo‘nadi…
"Siroj ul-muslimin"da ro‘za haqida maxsus ikki fasl bor. "Islomning to‘rtunchi ruknikim, ro‘zadur, sharh etmak" deb atalgan faslda ro‘zaning tartib-qoidalari bayon qilingan. Masalan, onaga bolasi uchun non chaynash ravo ekani aytiladi.
Yana "Favt bo‘lg‘an (ya’ni buzilgan – S. O.) ro‘za evazi va kafforati" faslida ro‘zani buzib qo‘yish "ayb"i yetmish miskinga taom tortish yo oltmish kun ro‘za tutib berish yoxud Tangri yo‘lida bir bandani ozod qilish bilan yuviladi, deyilgan.
Bu Navoiyning sof diniy ruhdagi asarida keltirilgan ro‘za ta’rifidir. Garchi shoirning badiiy asarlarida, eslatib o‘tilganidek, ishq va uning ramziy timsoli sanalmish may ko‘proq kuylangan bo‘lsa-da, goh to‘g‘ridan to‘g‘ri, gohida esa vosita bilan islom qoidalari, jumladan, ro‘za targ‘ibiga ham duch kelamiz.
Bu xususiyat "Xamsa"da ham uchraydi.
"Hayrat ul-abror"ning ikkinchi maqolati ayni shu islom arkoni, ya’ni besh farz – iymon, namoz, zakot, ro‘za va haj haqida.
Albatta, bir yilda bir oy ro‘za tutish – avvalo, me’dani bo‘sh qo‘yish:
Me’dani xoliliq ila qil to‘lo,
Necha xalo anda safodin malo.
Lekin, shoir nazdida, ro‘za faqat jism masalasigina emas. Uning uch sharti bor.
Birinchisi, sahardan to kun botgunga qadar yeb-ichmoqdan tiyilish.
Ikkinchisi, badandagi har bir a’zoga shariat yo‘li bilan ro‘za buyurish:
Soyiri a’zog‘a xalal yetmamak,
Shar’ xilofig‘a shuru’ etmamak.
Har biri o‘z shug‘lig‘a zohid bo‘lub,
Man’i xilof ichra mujohid bo‘lub.
Bormag‘ay-u ko‘rmagay-u tutmag‘ay,
Aytmagay, eshitmagay-u yutmag‘ay.
Uchinchisi, ko‘ngilni pok tutish:
Lekin uchunchisi budurkim, ko‘ngul,
Chunki erur mahbiti anvori kull.
Pok-u ravonbaxsh havosi aning,
Jilvagahi fayz fazosi aning.
Chunki ko‘ngil – ilohiy sirlar xazinasi, shohiy chehra, ya’ni Alloh jamolini aks ettiruvchi oyina hisoblanadi:
Maxzani asrori ilohiy ham – ul,
Oyinayi chehrayi shohiy ham – ul.
Shuning uchun bu ko‘zguni turli xayollar zangidan tozalash, shunday asrash kerakki, unda faqat do‘st, ya’ni Allohgina aks etsin, undan boshqa narsaning naqshi ko‘rinmasin:
Daf’ qilib zangi xayolotni,
Asramoq ul nav’ bu mir’otni,
Kim anga juz do‘st zuhur etmagay,
Balki aning g‘ayri xutur etmagay.
"Farhod va Shirin"ning Sulton Husayn Mirzoning o‘g‘li Abulfavoris Shohg‘arib Bahodirga pand-u nasihat tarzida bitilgan 53-bobida shoh bo‘lish uchun ilm egallash ta’kidlanadi. Navoiy nazdida, shoh har qanday ilmni o‘rganishi kerak. Biroq din ilmiga kelganda, uni asosiy manzil aylasin. Chunki bu – asl ilm:
Guzar qil har necha ilm o‘lsa hosil,
Chu din ilmig‘a yetsang, ayla manzil.
Shah uldurkim, shiori ilmi dindur,
Nedinkim ilmi din ilm ul-yaqindur.
Din ilmini egallaganingdan keyin, boshqa fanlarni xoh o‘rgan, xoh o‘rganma, deydi Navoiy. Lekin, deb davom etadi shoir, tib ilmining ham kishiga kerak joyi ko‘p:
Va lekin tibbu hikmat ham erur xo‘b
Ki sihhatdur kishi jismida matlub.
Axir tani sog‘ bo‘lmasa, to‘shakdan bosh ko‘tarmasa, bu odam Tangri amrlarini qanday qilib ado etsin, nechuk ro‘za tutsin, ne yanglig‘ sajdaga bosh egsin? Yoxud og‘ziga paxta bilan suv tomizib turilgan bo‘lsa, u odam qanday qilib ro‘za tutsin:
Qay-u jismeki oning sihhati yo‘q,
Qilurg‘a Tengri amrin quvvati yo‘q.
Birovkim paxta birla su(v)ni yutqay,
O‘zung dekim, ne yanglig‘ ro‘za tutqay?!
Netib qilg‘ay safodin sajdaye fosh,
To‘shakdin ulki olmas lahzaye bosh.
Bobokalonimiz chahoryorlardan biri – Muhammad alayhissalomning kuyovlari bo‘lmish hazrati Alining hikmatli so‘zlari jamlangan nasriy "Nasr ul-laoliy" kitobidan she’rga solib tarjima qilgan "Nazm ul-javohir" to‘plamidagi ruboiylarida ro‘za bilan bevosita yo bilvosita bog‘liq ko‘p va xo‘b nasihatlar bayon etadi.
Hazrati Ali va Navoiylar nazdida, qorin – hamisha kishiga dushman, u bilan do‘st bo‘lmaslik kerak:
Har kimgaki ko‘p taom yemak fandur,
Bilgilki, najosatqa tani maskandur.
Qorning bila do‘st bo‘lmasang ahsandur,
Nevchunki, er o‘g‘lig‘a qorin dushmandur.
Gap shundaki, to‘qlikning ma’naviy ziyoni bor. U kishi ko‘nglini qattiq qiladi:
Ko‘p to‘ma yer el arosidin ixroj o‘l,
Savm ahli aro bosh qo‘y-u sohibtoj o‘l.
Kim qalbi raqiq erur, anga muhtoj o‘l,
To‘qluq chu ko‘ngulni qatiq aylar, och o‘l.
Ko‘p ovqat yegandan keyin kishining lohas, demakki, beparvo bo‘lishini zamonaviy tibbiyot ilmi ham tasdiqlaydi. Chunki bunda tananing butun kuchi ovqatni hazm qilishga ketadi. Qorin to‘q mahali kuchli jismoniy mehnat qilish ham, jiddiy aqliy faoliyat ham qiyin kechadi. Butun diqqati me’daning ishlashiga qaratilgan tana miyaga yetarli miqdorda ozuqa, ya’ni qon yetkazib berolmaydi. Lohaslik – ana shundan.
Beparvolig-u befarqlik esa ko‘ngli qattiqlikning o‘zginasi. Shuning uchun ham Alloh yiliga bir oy ro‘za buyurgan. Ota-bobolarimiz buning qadrini baland tutgan. Ro‘zadan ruhga soflik, badanga esa salomatlik kelishi aniq:
Doim tut o‘zungga ro‘zaning mehnatini,
Kim ruhqa yetkurur safo davlatini,
Sihhat tilasang, qilg‘il aning niyatini,
Kim ro‘zada qo‘ydilar badan sihhatini.
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori