Farg'ona vodiysini elektr energiyasi bilan ta'minlovchi “To'raqo'rg'on issiqlik elektr stantsiyasi” korxonasida davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslarni ro'yobga chiqarish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.


Jumladan, stantsiya atrofida ”yashil belbog'” tizimi hududini yanada kengaytirish maqsadida mahalliy hokimlik tomonidan maxsus ajratib berilgan 5 gektar maydonda ko'chat ekish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Ushbu joyda bodomzor tashkil qilinib, bog'ning atrofini akatsiya ko'chati bilan o'rab chiqish rejalashtirilgan. Hozirgacha 5900 tupdan ziyod yosh nihol ekildi va yana 300 dan ortiq ko'chat o'tqazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ko'chatlarni tomchilatib sug'orish tizimi ham bunyod etilmoqda.
Stantsiyada o'tgan 2023 yil bahorgi mavsumda 1 ming 300 tupdan ortiq, kuzgi mavsum davomida esa yana qo'shimcha 2 ming 183 tup mevali va manzarali ko'chat ekildi. Nihollar qadalgan barcha maydonlarda uzunligi jami 17 ming 240 metrga teng tomchilatib sug'orish tizimi yo'lga qo'yildi.


“Yashil makon” umummilliy harakati doirasida Uchqo'rg'on tumanida ham bahorgi mavsum ko'chat ekishga kirishildi. Tuman sektor rahbarlari va faollar ishtirokida Ulug'bek nomidagi mahalla hududida manzarali ko'chatlar o'tqazildi.
Joriy yil bahorida tumanda jami 902 ming dona manzarali, mevali va boshqa turdagi daraxt, 700 ming terak qalamchasi va 110 ming tup atirgul ko'chati ekish bo'yicha manzilli dastur ishlab chiqilgan. Qolaversa, ko'p qavatli uylar atrofi, xiyobonlar, sayilgohlar va boshqa manzillarga mavsumiy gullar, rayhon va boshqa turdagi mahalliy ko'chatlar o'tqaziladi.


Ekilgan ko'chatlarni parvarishlash ishlari, ya'ni sug'orish, tag qismini chopiq qilish, mineral va organik ozuqalar bilan oziqlantirish hamda zararkunandalarga qarshi ishlov berishga tegishli mutaxassislar tomonidan alohida ahamiyat qaratiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O'zA muxbiri
Shu yil 17 dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Xo‘jakent» jome masjidida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Sayyor uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, O‘MI Moliyaviy nazorat va tahlil bo‘limi boshlig‘i Islomiddin domla Zuhriddinov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar domla Kamolov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Musoxon domla Boboyev, viloyatning tumanlar/shaharlari bosh imom-xatiblari, shuningdek, Bo‘stonliq tumanidagi masjidlar imom-xatiblari, noiblar, “Haj – 2025” ziyoratchilari va mahalla faollari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda Zayniddin domla Eshonqulov mazkur kitobning bugungi hayotimiz bilan naqadar uyg‘un ekani, dinimizda ham inson va uning qadr-qimmati ulug‘lanishi, har bir diniy soha xodimining bugungi kundagi faoliyati uchun dasturamal bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu kitob viloyatdagi barcha masjidlarga tarqatildi.
Tadbir davomida viloyat bosh imom-xatiblari va tuman-shahar bosh imom-xatiblari uchun namunaviy maxsus kiyim namunasi taqdimot qilindi. Unda chakmon, duxoba va milliy do‘ppilar namoyish qilindi.
Shuningdek, Toshkent viloyati, xususan, Bo‘stonliq tumanida 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Unda viloyatdagi imom-xatiblar faoliyatidagi yutuqlar e’tirof etilib, ba’zi kamchiliklar bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Sayyor yig‘ilish ishtirokchilari Bo‘stonliq tumanining 24 ta masjidi hamda 24 ta mahallasiga biriktirildi.
Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 110 ta oilaga, otinoyilar 4 toifaga mansub 23 ta oilaga, umumiy hisobda 133 ta oilaga kirilib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib borildi.
3 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lgan fuqaro bilan suhbatlashildi, uning tushunchalari to‘g‘rilandi.
Notinch oilalar o‘rganilib, ular yarashtirildi.
Shuningdek, 10 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘ygan kishilar bilan suhbatlar o‘tkazildi.
Ma’naviy ko‘makka muhtoj 12 ta oila ila muloqot qilindi.
Muxtasar aytganda, birgina shu tadbir doirasida barcha jihat qamrab olindi.
Toshkent viloyatidagi navbatdagi sayyor yig‘ilish Yuqori Chirchiq tumanida o‘tkazilishi rejalashtirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati