Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Va Allohning sizga bergan ne’matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne’mati ila birodar bo‘ldingiz” (Oli Imron surasi, 103-oyat).
Ey mo‘minlar, Alloh taolo sizga oshnolik va birdamlikni in’om etganini eslang. Zero, Islomni qabul qilishingizdan oldin bir-biringizga dushman edingiz. Alloh taolo Islom orqali qalbingizni birlashtirib, o‘zaro birodar qildi. Shunday ekan, birodaringizga nisbatan qalbingizda aslo gina, kin-adovat va nafrat saqlamang!
Imom Sa’diy rohimahulloh aytadilar: “Alloh qalbingizni Islom sababli birlashtirdi va shu bois o‘zaro birodar bo‘lib, rahm-shafqatli hamda bir-biringizga yordam berdingiz” (“Tafsiri Sa’diy”).
Boshqa oyatda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Hamda ularning qalblarini birlashtirgan Zotdir. Agar yer yuzidagi hamma narsani sarf qilsang ham, ularning qalblarini birlashtira olmas eding. Lekin Alloh ularni birlashtirdi. Albatta, U g‘olib va hikmatli Zotdir” (Anfol surasi, 63-oyat).
Hunayn g‘azotidagi g‘alabadan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam makkaliklarga ularning qalblarini Islomga yanada oshno qilish maqsadida o‘ljalarni orttirib berdilar. Bunga ba’zi ansoriylar norozi bo‘lib: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurayshga beryaptilar, bizni esa tark qilyaptilar”, deyishdi.
Bu gap Nabiy alayhissalomga yetdi. Shunda ansorlarni to‘plab: “Ey ansorlar jamoasi, zalolatda edingiz, Alloh taolo sizni men sababli hidoyaga boshlamadimi? Tarqoq edingiz, Alloh sizni men sababli og‘a-ini qilmadimi? Faqir edingiz, Alloh men sababli sizlarni badavlat qilmadimi?”.
Ansorlar u zot alayhissalomning har bir savollariga: “Ha, Alloh va Rasuli marhamatli va afzaldir”, deb javob berishardi.
Davron NURMUHAMMAD
Namanganda «Inson qadri» kitobi taqdimoti va soha xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Namangan shahridagi taqdimot marosimida Musoxon domla Abbosiddinov va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining yangi asari mazmun-mohiyatini tahlil qildilar. So‘zga chiqqanlar kitob jamiyatda mehr-oqibat va odob-axloq tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim dasturilamal bo‘lishini ta’kidladilar.
Shuningdek, tadbir doirasida viloyat va tuman bosh imom-xatiblari uchun yangi dizayndagi maxsus liboslar taqdim etildi.
Tadbir yakunida yil davomida eng faol bo‘lgan imom-xatib va otinoyilarga tashakkurnomalar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati