Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ruhiy taskinlik – 1
Ikki amal har bir mo‘minga manfaat keltiradi:
- husni xulq;
- keng qalblik.
Ikki amal musulmonning darajasini baland qiladi:
- Tavoze’;
- Muhtojlarga yordam berish;
Ikki amal balo-ofatni daf qiladi:
- Sadaqa;
- Silai rahm.
“Muflis ya’ni bankrot odam kim?” deb so‘radilar. “Bankrotlik 3 turga bo‘linadi”, deyildi.
Birinchisi, ovchi it kabi. Qiynalib bir hayvonni ovlaydi-yu, lekin ovlagan o‘ljasini boshqasi ilib ketadi.
Ikkinchisi, baxil odam kabi. Qancha ter to‘kib boyliq yig‘adi, ammo to‘plagan barcha mol-dunyosi boshqalar uchun qoladi.
Uchinchisi, g‘iybatchi odam kabi. Ne mashaqqatlar bilan xayrli ishlar qiladi, birok uning savobi g‘iybat qilgan odamlariga o‘tib ketadi.
4 ta qoidani hayotingiz uchun asos qilib oling!
1. Odamlarni rozi qilaman deb o‘zingizni o‘zgartirmang!
2. Odamlarning olqishi uchun boshqa odamlarga taqlid qilmang!
3. Omadsizlik sababli g‘amga botmang!
4. Yutuqlaringiz bilan kibrga berilmang!
Eng afzal rizq bu – mol-dunyo emas! Balki eng afzal rizq bu – qalb xotirjamligi, pok qalb, sog‘lom fikr va aql, ona duosi, ota g‘amxo‘rligi, farzand tabassumi, sizni ko‘rmay qolishsa izlaydigan, unutsangiz yodingizga soladigan, duolarida unutmaydigan sodiq do‘stlardir.
Solih do‘st yulduz kabidir, agar yo‘ldan adashsangiz sizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadilar, Qiyomat kuni Allohning Arshi soyasida sizni kutadilar chunki ular sizni faqat Alloh taolo uchun yaxshi ko‘radilar.
Dengizdagi baliq og‘zini ochmasa qarmoqqa ilinmaydi. Shunday ekan, tilingni tishlaring ortida saqla! Bilginki, barcha xatolar tildandir. Yomg‘ir kabi yaxshiliklar olib keluvchi bo‘l!
Aslo dunyo mendan yuz o‘girgan dema! Ehtimol, sen unga teskari turgandirsan.
Ibn Juziy aytadilar: “Ibodatning mashaqqati ketadi, lekin savobi qoladi. Gunohning ham lazzati ketadi, ammo azobi qoladi”.
Bir kishi baland bino va qasrlarni ko‘rib: “Alloh taolo shuncha boyliklarni taqsimlaganda biz qayerda edik?” deb do‘stidan so‘radi. Do‘sti uni shifoxonaga olib bordi-da: “Alloh taolo shuncha kasalliklarni taqdir qilganida biz qayerda edik?” dedi. Shunday ekan har bir holatda va vaqtda Allohga hamd ayting!
Agar turmushning sinov va tashvishlaridan charchagan bo‘lsangiz, mahzun bo‘lmang! Ehtimol, Alloh taolo O‘ziga yolvorib duo qilishingizni istayotgandir. Tabassum qilishingiz uchun baxtni kutmang, balki baxtli bo‘lmaguningizcha tabassum qilishda davom eting!
Hadeb xavotirga tushavermang, axir har bir ish Allohning izni ila bo‘ladiku?! Nega hali noma’lum ishlar haqida buncha qayg‘urasiz, axir har bir narsa Allohga ma’lumku!
Shunday ekan, xotirjam bo‘ling! Hafiz bo‘lgan Alloh taolo sizni ko‘rib turibdi. Qalbingizdan: “Har bir ishimni Allohga topshiraman” deb ayting!
Biz qaysi amalimiz sababli Allohning rahmati bilan Jannatga kirishimizni bilmaymiz. O‘qigan namozimiz yoki qilgan xayr-ehson, sadaqamiz sabablimi, suv ulashganimiz yo bir mo‘minning hojatini oson qilganimiz, duo yoki zikrimiz sabablimi? Shunday ekan, amal qiling, biror amalingizni kichik sanamang! Alloh taologa xolis toat va ibodat qiling!
Davron NURMUHAMMAD
Muqaddas dinimiz ta’limotiga ko‘ra ilmlariga amal qiluvchi ulamolar Alloh taolo huzurida eng sha’nlari ulug‘, qadrlari yuksak zotlar hisoblanadi. Ko‘plab hadis va asarlarda ularning qadamlari ostiga farishtalar qanot yozishlari, yeru osmondagi barcha mavjudotlar hatto suv ostidagi baliqlar ham istig‘for aytishlari aytib o‘tilgan.
Shunday ekan ulamolarni qadrlash va ehtirom qilish shar’an vojib amallardandir. Zero ulamolar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. anbiyolar molu dunyoni emas, balki ilmni meros qoldirgandirlar. Alloh taolo Qur’oni karimning“Mujodala” surasida marhamat qilib “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur”degan bo‘lsa, “Zumar” surasida: “Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” degan (9 oyat). Ya’ni olimlar bilan johil-ilmsizlar Allohning huzurida ham, jazo va mukofotda ham teng bo‘lmaydilar. Shunday ekan ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilmaslik, ularga aziyat bermaslik lozim.
Ammo afsuski keyingi paytda internet va ijtimoiy tarmoqlarda buyuk ajdodlarimizning pok nomiga turli nomlar bilan loy chaplamoqchi bo‘layotganlar uchramoqda. “Ular qozongan muvaffaqiyatlarini go‘yoki islomdan emas, yunonlar va boshqalardan o‘rganishgan”, deya nafaqat O‘rta Osiyo xalqlari, balki butun dunyo faxrlangan shaxsiyatlarni bemalol ayblash va ularni haqorat qilishga jur’at qilayotgani nihoyatda achinarli holdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Alloh taolo “Kim menga yaqin bo‘lgan bir bandamga nisbatan dushmanlik qilsa unga qarshi urush e’lon qilurman” dedi” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ushbu hadisni izohlab imom Abu Hanifa va imom Shofe’iy (r.a.) “agar ulamolar Allohga yaqin bo‘lishmasa kim ham u zotga yaqin bo‘lardi?!” deyishgan.
Alloh taolo “Hujurot” surasida shunday marhamat qilgan: “Ey, mo‘minlar! Ko‘pgumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir. (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz...!”
Ushbu oyati karimaga yaxshiroq e’tibor qilsak, Alloh taolo bizlarni turli asossiz gumonlardan, insonlarni ayblarini qidirib yurishdan va shu bilan bir qatorda odamlarni ortlaridan g‘iybat qilishdan qaytarmoqda. Oyatda g‘iybat qilgan kishini o‘z birodarini o‘lganidan keyin go‘shtini yeyish bilan barobar manfur amal ekani ta’kidlanmoqda. Bir musulmon kishi boshqa bir musulmonni ortidan g‘iybat qilishi shu darajada razil bo‘lsa olimlarni g‘iybat qilishni qanday baholash mumkin?!
Mashhur muhaddis olim Abul Qosim ibn Asokir ilm ahllariga odobsizlik qilgan kishiga nasihat qilib, shunday degan “bilginki, ulamolarning go‘shtlari zaharlidir. Kim biror olimni haqorat qilsa Alloh taolo uning o‘limidan avval qalbini o‘limi bilan baloga giriftor qiladi”. Ya’ni ilm ahllariga nisbatan odobsizlik qilib, ular yo‘qliklarida ortilaridan gapirgan kishi go‘yo zaharli go‘sht yegandek bo‘ladi. Uning bu qilgan ishi sababli Alloh taolo uning o‘zidan avval qalb ko‘r qilib qo‘yadi.
Alloma ibn Najjorning “tarix”ida Qozi imom Abu Toyyibdan qilingan sahih rivoyatda shunday voqe’ni keltiriladi “Biz Bag‘doddagi jome’ masjidda o‘tirgan edik. Bir xurosonlik yosh yigit kelib, olimlardan bir masala haqida so‘rab dalilini talab qildi. Shunda unga so‘ragan masalasini javobini aytib Abu Huraya raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis ushbu masalaning dalili ekanini aytildi. Yigit: “Abu Hurayra hadisi hujjat bo‘ladigan odam emas” dedi. U gapini tugatib bo‘lmasdan “jome’” shiftidan katta bir qora ilon tushdi. Bu holatni ko‘rgan odamlar qo‘rqib ketib, har tomonga qocha boshlashdi. Ilon ayni o‘sha yigitni ta’qib qilardi. Shunda yigitga qarata “hozir aytgan gapingdan tavba qil” deyildi. U shoshganicha “tavba qildim” degan edi ilon hech qanday iz qoldirmay ortiga qaytib ketdi”. Ushbu hikoyani keltirgan mashhur muhaddis olim ibn Saloh “ushbu rivoyat ishonchli sanad bilan sobit bo‘lgan bo‘lib, rivoyat qilganlarni barchasi ishonchli kishilardir” degan.
Yuqoridagi keltirilgan va undan boshqa ko‘plab shar’iy dalillardan xulosa qiladigan bo‘lsak insonlarni, ayniqsa, ilm ahllarini haqorat qilish, ortlaridan g‘iybat qilish, odamlar o‘rtasida obro‘sizlantirishga urinish shar’an harom amaldir. Aksincha ularni qadrlash, hurmat qilish, nasixatlariga quloq tutish esa marg‘ub va matlubdir. Har bir inson qo‘lidan kelganicha ularga nisbatan samimiy bo‘lishga, o‘zaro mehr-muhabbat asosida muomalada bo‘lishga harakt qilishi lozim. Zero xazrati Ali raziyallohu anhu aytganlaridek “Ulamolarni yaxshi ko‘rish ham diyonatdandir”.
Muslim.uz