Cavol: Iso alayhissalomning osmonga ko‘tarilganlari va Qiyomatga yaqin tushishlari haqida to‘liq ma’lumot bersangiz. Chunki hozirda ayrim kishilar bunga shubha qilishmoqda.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Iso alayhissalomning ko‘tarilishlari va Qiyomatga yaqin tushishlariga har bir mo‘min inson imon keltirishi farz hisoblanadi. Bu aqidaga shubha qilish – kishining imoniga putur yetkazib qo‘yadi, Alloh asrasin . Chunki u zotning osmonga ko‘targanlari va Qiyomat oldidan tushishlari borasidagi hadislar ma’naviy mutavotir - inkor qilib bo‘lmas darajaga yetgan. Jumladan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, albatta, kelajakda ichingizga Ibn Maryam alayhissalom odil hakam bo‘lgan holda nozil bo‘lur...”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilganlar).
Iso alayhissalomning osmonga ko‘tarilganlari va Qiyomat oldidan yerga qaytib tushishlariga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlaridan boshlab hozirgacha barcha musulmonlar birdek e’tiqod qilib, ishonib keladigan aqidaviy masaladir.
Iso alayhissalomning osmonga ko‘tarilishlari quyidagi oyatda keladi: “Biz ularning “Allohning Rasuli Masih Iso ibn Maryamni o‘ldirdik”, deganlari uchun (ularni la’natladik). Holbuki uni o‘ldirmadilar ham, osmadilar ham, lekin ularga shunday tuyuldi. U haqida ixtilofga tushganlar uning o‘limidan shak-shubhadadirlar. U to‘g‘risida ularning bilimlari yo‘q, faqatgina gumonga ergasharlar. Uni o‘ldirmaganlari aniqdir. Balki uni Alloh O‘ziga ko‘tardi. Alloh mulkida g‘olib va o‘ta hikmatli zotdir” (Niso surasi, 157-158-oyatlar). Iso alayhissalom ham jasad, ham ruhlari bilan osmonga ko‘tarilganlar va Qiyomatga yaqin tushadilar.
Qur’oni karimda Iso alayhissalomning osmondan tushishlari Qiyomat alomatlari ekani ta’kidlangan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Albatta, u (Iso) qiyomat soati belgisidir. Bas, siz u (Qiyomat) haqida hech shubha qilmang va Menga ergashing. Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir” (Zuxruf surasi, 61-oyat).
Zamondosh ulamolardan Doktor Hamza Bakriy “Iso alayhissalomning tushishlarini inkor qilish Ahli sunnada ham, mo‘tazila yoki boshqa turli firqalarda uchragani ma’lum emas, bu buzuq aqida yaqinda paydo bo‘ldi”, deydi.
Alloma Kashmiriy rahimahulloh Iso alayhissalomning tushishlari haqida alohida kitob yozib, Iso alayhissalomning osmonga ko‘tarilganlari va tushishlari borasidagi dalillar inkor etib bo‘lmas darajada ko‘p ekanini ta’kidlaganlar va unda Iso alayhissalomning Qiyomatga yaqin tushishlari haqida 100 dan ortiq hadislar keltirgan. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan V yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, tarixiy natija qayd etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi O‘zbekistonga qaytib keldi.
Delegatsiya a’zolari "Humo" Toshkent xalqaro aeroportida rasmiylar tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.
Poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida V yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilar va ularning murabbiylarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbir avvalida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining V yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng davlatimiz madhiyasi ijro etildi va rasmiylar tomonidan sportchilar va murabbiylar erishilgan ulkan g‘alaba bilan samimiy tabriklanib, ularning jasorati, matonati va fidoyiligi yuksak e’tirof etildi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston terma jamoasi ushbu nufuzli musobaqada 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, 35 ta davlat orasida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.
Mazkur g‘alaba Yangi O‘zbekiston yoshlarining salohiyati, irodasi va xalqaro sport maydonidagi nufuzini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati