Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Iso alayhissalomning osmonga ko‘tarilganlari va qiyomatga yaqin yerga qaytishlari

08.11.2024   11431   2 min.
Iso alayhissalomning osmonga ko‘tarilganlari va qiyomatga yaqin yerga qaytishlari

Cavol: Iso alayhissalomning osmonga ko‘tarilganlari va Qiyomatga yaqin tushishlari haqida to‘liq ma’lumot bersangiz. Chunki hozirda ayrim kishilar bunga shubha qilishmoqda.

 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Iso alayhissalomning ko‘tarilishlari va Qiyomatga yaqin tushishlariga har bir mo‘min inson imon keltirishi farz hisoblanadi. Bu aqidaga shubha qilish – kishining imoniga putur yetkazib qo‘yadi, Alloh asrasin . Chunki u zotning osmonga ko‘targanlari va Qiyomat oldidan tushishlari borasidagi hadislar ma’naviy mutavotir -  inkor qilib bo‘lmas darajaga yetgan. Jumladan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, albatta, kelajakda ichingizga Ibn Maryam alayhissalom odil hakam bo‘lgan holda nozil bo‘lur...”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilganlar).

Iso alayhissalomning osmonga ko‘tarilganlari va Qiyomat oldidan yerga qaytib tushishlariga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlaridan boshlab hozirgacha barcha musulmonlar birdek e’tiqod qilib, ishonib keladigan aqidaviy masaladir.

Iso alayhissalomning osmonga ko‘tarilishlari quyidagi oyatda keladi: “Biz ularning “Allohning Rasuli Masih Iso ibn Maryamni o‘ldirdik”, deganlari uchun (ularni la’natladik). Holbuki uni o‘ldirmadilar ham, osmadilar ham, lekin ularga shunday tuyuldi. U haqida ixtilofga tushganlar uning o‘limidan shak-shubhadadirlar. U to‘g‘risida ularning bilimlari yo‘q, faqatgina gumonga ergasharlar. Uni o‘ldirmaganlari aniqdir.  Balki uni Alloh O‘ziga ko‘tardi. Alloh mulkida g‘olib va o‘ta hikmatli zotdir” (Niso surasi, 157-158-oyatlar). Iso alayhissalom ham jasad, ham ruhlari bilan osmonga ko‘tarilganlar va Qiyomatga yaqin tushadilar.

Qur’oni karimda Iso alayhissalomning osmondan tushishlari Qiyomat alomatlari ekani ta’kidlangan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

“Albatta, u (Iso) qiyomat soati belgisidir. Bas, siz u (Qiyomat) haqida hech shubha qilmang va Menga ergashing. Mana shu to‘g‘ri yo‘ldir” (Zuxruf surasi, 61-oyat).

Zamondosh ulamolardan Doktor Hamza Bakriy “Iso alayhissalomning tushishlarini inkor qilish Ahli sunnada ham, mo‘tazila yoki boshqa turli firqalarda uchragani ma’lum emas, bu buzuq aqida yaqinda paydo bo‘ldi”, deydi.

Alloma Kashmiriy rahimahulloh Iso alayhissalomning tushishlari haqida alohida kitob yozib, Iso alayhissalomning osmonga ko‘tarilganlari va tushishlari borasidagi dalillar inkor etib bo‘lmas darajada ko‘p ekanini ta’kidlaganlar va unda Iso alayhissalomning Qiyomatga yaqin tushishlari haqida 100 dan ortiq hadislar keltirgan. Tavfiq Allohdan.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Boshqa maqolalar

Fotiha surasining shifo ekanini qayerdan bilding?

13.06.2025   3760   2 min.
Fotiha surasining shifo ekanini qayerdan bilding?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.

Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.

Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.

Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.

Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan