Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Aprel, 2025   |   1 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:23
Peshin
12:25
Asr
17:15
Shom
19:21
Xufton
20:44
Bismillah
29 Aprel, 2025, 1 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

UMAVIYLAR DAVRI: Banu Umayyaning ta’rifi

10.11.2024   16701   11 min.
UMAVIYLAR DAVRI: Banu Umayyaning ta’rifi

Ikkinchi kitob

Tarix barcha o‘tgan avlodlarning hayot madrasasidir. Tarix orqali tiriklar o‘zlari uchun manfaatli narsani o‘rganib, unga amal qiladi lar hamda o‘zlariga zarar yetadigan narsalardan voqif bo‘lib, undan chetda bo‘ladilar.

Islom mapuxu deganda, odatda, Islom davlatlari hamda musulmon xalqlarning vahiy nozil bo‘lgan ilk davrdan boshlab hozirgi kungacha bo‘lgan tarixi nazarda tutiladi. Ammo aslida ushbu tarix dunyo boshlanganidan to xozirgi, biz yashab turgan paytgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Zero, bu tarix ilk inson, ilk payg‘ambar – Odam alayhissalomdan boshlanadi.

Shayx Muxammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ushbu asari Islom tarixining muxtasar bayoni bo‘lib, muallifning so‘nggi kitoblaridan biridir.

 

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taologa U Zotning jaloliga va jamoliga munosib hamdu sanolar bo‘lsin!

Oxirgi nabiy Muhammad mustafoga go‘zal va mukammal salavot va salomlar bo‘lsin!

«Islom tarixi» deb nomlangan kitobimizning ushbu ikkinchi juzida umaviylar davlatining tuzilishidan boshlab, to musulmon olamida bugungi kungacha yuz bergan voqea-hodisalar xususida so‘z boradi. Bu juda xam muxtasar tarzda bo‘lishi turgan gap. Albatta, ushbu sahifalardan joy olgan shaxslar, hodisalar, voqeliklarning har biri haqida necha-necha alohida kitoblar bitilgan va bundan keyin ham bitilajak. Bizning maqsadimiz esa tafsilotlar emas, balki o‘quvchiga tariximiz haqida umumiy ma’lumotlar taqdim qilish bo‘ldi.

Shu bilan birga, ma’lum o‘rinlarda ba’zi nozik masalalar yuzasidan mutaxassislarning tahlillarini keltirishga, musulmon ummatining tarixidagi burilish nuqtalariga, xususan, ularning umumiy tanazzuli masalasiga alohida e’tibor qaratishga, bu kabi masalalarni kengroq yoritishga harakat kildik.

Maqsadimiz o‘zlikni anglash, tarixni bor haqiqatlari bi­lan o‘rganish, to‘g‘ri xulosa chiqarish, kamchiliklarni takrorlamaslik va yutuqlarni mustahkamlab rivojlantirishdir.

To‘rtinchi bob

Umaviylar davri

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar», dedilar» (Buxoriy, Termiziy, Ibn Moja, Ibn Hanbal rivoyat qilishgan).

Musulmon ummati tarixidagi eng yaxshi davr Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari yashab o‘tgan asr bo‘lib, u tarix zarvaraqlaridan «Saodat asri» degan nom bilan joy oldi. Keyingi asr to‘rt buyuk sahoba boshchiligida olib borilgan asrlarga tatigulik ishlar sababli «Roshid xalifalar davri» degan nom bilan tarix sahifalariga bitib qo‘yildi. Keyingi asr «Umaviylar asri» deya atalib, mana shu davrdan pog‘onama-pog‘ona pastlash holati kuzatildi.

 

Birinchi fasl

Banu Umayyaning ta’rifi

Umaviylar davlati Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumanofga nisbat beriladi.

Umayya ismli ushbu shaxs johiliyat davrida Quraysh urug‘laridan birining boshlig‘i bo‘lib, amakisi Hoshim ibn Abdumanof bilan har doim Qurayshning rahbarligini talashib kelar edi. Islom kelgach, mazkur talashuv ochiq-oydin dushmanlikka aylandi: Banu Umayya qabilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga, u zotning da’vatlariga qarshi turdi; Banu Hoshim qabilasi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga barcha ishlarda ko‘makdosh bo‘ldi, u zot sollallohu alayhi vasallamni dushmanlarning yomonliklaridan himoya qildi.

Banu Umayya odamlari Makka fathi davrida boshqa ilojlari qolmaganidan keyingina Islomni qabul qilishdi. Dastlabki asrlarda Islomda peshqadam bo‘lgan urug‘larning eng katta bobosi Abdumanof hisoblanadi.

Banu Umayya (umaviylar) tarixini buzish

Banu Umayyaning tarixi tafsilotlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, uning buzib ko‘rsatilgani, ularni ko‘proq qoralash holatlarini kuzatamiz. Bu ishlarning ko‘pchiligi ularning asosiy siyosiy xusumatchilari – abbosiylar tomonidan qilingan, chunki tarixga oid kitoblarning ko‘p qismi aynan abbosiylarning hukmdorlik davrida yozilgan. Shuningdek, shiy’alar, xavorijlar, tarixni yaxshi bilmay turib og‘zaki so‘zlab yuradigan omi kishilar ham Banu Umayyaning siyosiy dushmanlari hisoblanib, ular ushbu qabilaning juda ko‘p tuhmatlarga qolishiga ham sabab bo‘lgan.

Bu tuxmat va koralashlar turli-tuman bulib, asosiy e’tibor Banu Umayyaning obro‘sini to‘kadigan tarixiy hodisalarga qaratilgan, ular bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Ushbu hodisalarni nishon qilib, ularning qadrini tushirishga olib boradigan gaplar aytilgan:

1.  Banu Umayyaning ilk davrda Islomga qarshi turganlari, Islomni kechikib qabul qilganlari juda ko‘p takrorlanadi, lekin ularning Islomga kirganlaridan keyingi buyuk ishlari, jumladan, ko‘plab yurtlarni fath etishda ko‘rsatgan xizmatlari mutlaqo eslanmaydi.

2.   Banu Umayya davrida sodir etilgan musibatlar bo‘rttirib gapiriladi. Karbalo voqeasi, imom Husayn va u kishining oilalarining qatl etilishi, Harra voqeasi, Madinadagi Haramni e’tiborsiz qo‘yish, manjaniq bilan Makkaga tosh otish masalalari shular jumlasidandir.

3. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuning qatl qilinishi, Zayd ibn Aliy ibn Husaynning qo‘zg‘aloni va u kishining qatl qilinishi, shuningdek, boshqa taraflarda sodir bo‘lgan xatolarni e’tiborga olmaslik, xalifaga qarshi chiqish, toatni buzish kabi ishlarni Banu Umayyaga katta ayb qilib, ularga qarshi keng targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.

4. Banu Umayyaning dushmanlari tomonidan ularning insoniy nafsidagi zaiflik nuqtalariga alohida e’tibor beriladi, Banu umayyalik ba’zi kishilardan sodir bo‘lgan xatolar bo‘rttirib gapiriladi, biroq yaxshiliklari berkitiladi. Xususan, hazrati Usmon roziyallohu anhu haqlarida bu ochiq-oydin ko‘rinadi.

5. Abu Sufyon va Muoviya roziyallohu anhumo haqlarida ham bu kabi noo‘rin gaplar nihoyatda ko‘paygan. Banu uma­yyalik ba’zi voliylar botil ishlarni qiluvchi mutaassiblar deya sifatlanadi. Bu Hajjoj ibn Yusuf va Ziyod ibn Abiyxlar misolida ko‘rinadi.Yazid ibn Muoviya hamda Valid ibn Yazid kabi xalifalar haqida ham ularga qarshi juda bo‘lmag‘ur mish-mishlar to‘planib tarqatilgan. Aslida esa musulmonchilik odobi bo‘yicha Banu Umayya davrida roshid xalifalar davridagidan ko‘ra bir oz pastlash – sustlashish bo‘lganini eslashning o‘zi kifoya qiladi. Vaqt o‘tishi bilan xatoga yo‘l qo‘yish ham asta-sekin ko‘payib borgan. Banu Umayya davridagi musulmonlar jamiyati har jihatdan roshid xalifalar jamiyatiga yaqin bo‘lgan. Lekin qo‘lga kiritilgan o‘ljalar, mol-mulkning ko‘payishi natijasida katta-katta uylar, qasrlar qurish, shuningdek, cho‘ri tutishning ommalashganligi bor. Shu bilan birga, Banu Umayyaning juda ko‘p yaxshi fazilatlari ham bo‘lgani bor haqiqat, lekin ularga qarshi bo‘lgan tarixchilar bu fazilatlarni e’tiborga olmaganlar, balki unutib qo‘yganlar.

Ulardan ba’zilarini aytib o‘tamiz:

1.  Hazrati Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu katta sahoba bo‘lib, u kishi xalifa Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi masalalarda ijtihod qilgan, faqat ijtihodi unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan. Lekin baribir u zot odil kishilar safida qolgan. Zotan, barcha sahobalar roziyallohu anhum adolatlidirlar.

Banu Umayyaning eng katta arboblaridan biri sanalgan Marvon ibn Hakam tobe’inlarning birinchi tabaqasidan bo‘lgan. U Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Usmon roziyallohu anhu va boshqa katta sahobalardan hadislar rivoyat qilgan.

Yana bir Banu umayyalik Abdulloh ibn Marvon xalifa bo‘lishidan oldin ahli ilm va ahli fiqh bo‘lgan. Madinai munavvaraning katta olimlaridan hisoblangan.

Umar ibn Abdulaziz esa mujtahid imomlardan bo‘lgan. Ko‘pchilik u kishini roshid xalifalar qatorida sanaydi.

Banu Umayya qabilasining a’zolari qozilik ishlariga aralashmas edilar. Ular ko‘p joylarda ahli ilm va ahli fazllarning oldingi saflarida bo‘lganlar.

2.   Banu Umayya davrida juda ko‘p buyuk islomiy fathlar bo‘lgan. Ular sharqda Xitoygacha, g‘arbda Fransiya va Andalus yurtlarigacha yetib borganlar.

3.   Banu Umayya davrida Islom davlati tarixlar davomida misli ko‘rilmagan eng katta kengayishni boshidan kechirdi.

4.   Banu Umayya davrida juda ko‘p qo‘riq yerlar o‘zlashtirildi, ular bog‘-rog‘larga aylantirildi, kanallar qazildi, shaharlar qurilib, obodonchilik ishlari olib borildi, atrof gullab-yashnadi, taraqqiy etdi.

Shu o‘rinda ta’kidlab aytamizki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuqoridagi «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar» degan hadislari bejiz aytilmagan. Zero, Banu Umayya qabilasining a’zolari, rahbarlari va davlat boshliqlari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning davrlariga yaqin asrda yashab o‘tganlar.

 

Umaviylar xalifaligi

(hijriy 41–132; milodiy 661–750)

Umaviylar xalifaligi davri roshid xalifalik tugagandan so‘ng, hijriy 41 yil (milodiy 661 yil) Ramazon oyida hazrati Aliy roziyallohu anhu shahid bo‘lganlaridan keyin, imom Hasan ibn Aliy roziyallohu anhuning halifalikdan voz kechishlari va hijriy 41 yil 25 rabi’ul avval (milodiy 661 yil 28 iyul) kuni Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuga bay’at qilinishi bilan boshlanadi. Bu davlat hijriy 132 yil 11 jumodus-soniy (milo­diy 750 yil 25 yanvar) kuni Zob jangida xalifa Marvon ibn Muhammadning yengilishi bilan nihoyasiga yetadi.

Umaviylar davlatining hukmronligi 91 yil davom etgan. Ushbu vaqt mobaynida bu davlatga ikkita oila rahbarlik qilib, 14 xalifa faoliyat olib borgan. Damashq shahri umaviylarning poytaxti hisoblangan.

 

Banu Umayyaning xalifalari

Sufyoniylar oilasi

1.  Muoviya ibn Abu Sufyon. Hijriy 41–60 (milodiy 661–680) yillar.

2.  Yazid ibn Muoviya. Hijriy 60–64 (milodiy 680–683) yillar.

3.  Muoviya ibn Yazid. Hijriy 64 (milodiy 683–684) yilda 40 kun xalifalik qilgan.

Hijriy 64–73 (milodiy 684–692) yillarda umaviylar­ning hukmi Abdulloh ibn Zubayrning xalifaligi bilan qo‘shib olib borilgan.

Marvoniylar oilasi

4.  Marvon ibn Hakam. Hijriy 64–65 (milodiy 684–685) yillar.

5.  Abdulmalik ibn Marvon ibn Hakam. Hijriy 65–86 (milodiy 684–705) yillar.

6.  Valid ibn Abdulmalik. Hijriy 86–96 (milodiy 705–714) yillar.

7.  Sulaymon ibn Abdulmalik. Hijriy 96–99 (milodiy 714–717) yillar.

8. Umar ibn Abdulaziz ibn Marvon. Hijriy 99–101 (milodiy 717–720) yillar.

9. Yazid ibn Abdulmalik. Hijriy 101–105 (milodiy 720–723) yillar.

10. Hishom ibn Abdulmalik. Hijriy 105–125 (milodiy 723–743) yillar.

11. Valid ibn Yazid ibn Abdulmalik. Hijriy 125–126 (milodiy 743–744) yillar.

12. Yazid ibn Valid ibn Abdulmalik. Hijriy 126 (mi­lodiy 744) yil.

13. Ibrohim ibn Valid ibn Abdulmalik. Hijriy 126–127 (milodiy 744–745) yillar.

14. Marvon ibn Muhammad ibn Marvon. Hijriy 127–132 (milodiy 745–750) yillar.


Keyingi mavzular:

Banu Umayya xalifalari
Muoviya ibn Abu Sufyon xalifaligi

 

UMAVIYLAR DAVRI: Banu Umayyaning ta’rifi
Kutubxona
Boshqa maqolalar

"Sahro kemasi"ning mo‘jizalari

25.04.2025   13412   7 min.

Qur’on nozil bo‘lgan paytda odamlarga eng yaqin hayvon tuya bo‘lgan, shuning uchun ularning e’tibori tuyaga tortilyapti. Haqiqatda tuya bir mo‘jiza: uning tuzilishi-quloq, burun, ko‘z, oyoq, tuyoqlari sahro uchun moslashgan. Shuning uchun ham uni arablar sahro kemasi, deyishadi. Tuya issiq havoda yurishga moslashgan, suv ichmay bir necha kunlab yurishi mumkin va hokazo.

Endi, sahro kemasining yaratilishidagi ba’zi bir ajoyibotlarga qisqacha bo‘lsa ham nazar solaylik. Tuyaning ko‘zlari boshning yuqori qismiga joylashgan bo‘lib, ortga qarash imkonini beradi. Uning qovoqlari esa qumni to‘sishga moslashgandir.

Shuningdek, tuyaning burun kataklari va quloqlari ham qum kirishini to‘sadigan junlar bilan jihozlangandirlar. Sahroda shamol turishi bilan tuyaning tumshuqlari ham, quloqlari ham jismiga tortilib, qumdan zarar ko‘rmaydigan holatga kelib oladi.

Tuyaning tuyoqlari ham alohida shakldagi suyaklarga kiygizilgan go‘sht va teridan iborat qo‘lqop bo‘lib, qumda bundan boshqa tuyoq bilan yukli ravishda yurish mumkin emas.

Tuya sahroda och qolganda, quruq yog‘ochni, hatto tikonni ham yeb ketaveradi.

Tuyaning o‘rkachi o‘ziga xos ozuqa omboridir. Agar tuya sahroda och qolsa, o‘sha o‘rkachidagi “ombor”dan ozuqa olaveradi.

Sahroda eng zaruriy narsa suv hisoblanadi. Tuyani Alloh taolo bu ehtiyojiga ham moslab yaratgan. Avvalo tuya ter chiqmaydigan qilib yaratilgan. Ya’ni, u jismidagi suvni o‘zida saqlab turadi.

Qolaversa, tuyaning burni og‘ziga ulangan. Shuning uchun uning nafas olishi tufayli chiqqan bug‘ham yana og‘zi orqali ichiga qaytadi. Shu bilan birga tuya birdan ko‘p suv ichib olish qobiliyatiga ega. U oltmish litrgacha suv ichishi mumkin. Bu esa unga sahroda olti kundan o‘n kungacha suv ichmay yurish imkonini beradi.

Ushbu zikr qilingan narsalar Alloh taoloning, o‘sha tuyani yaratgan Zotning qudratiga dalil emasmi?

Ha, tuyaning va har bir jonzotning yaratilishiga ibrat nazari bilan aqlni ishlatib qaragan inson Allohning qudratiga tan bermay iloji yo‘q.
 

Ular tuyaning qanday yaratilganiga nazar solmaydilarmi? (G‘oshiya surasi, 17-oyat).

1. Tuya hayvonot olami tarixida eng eski hayvon turlaridan biridir. Evolyutsiyachilar nazariyasiga ko‘ra, tuya ham dinozavrlar bilan birga yo‘q bo‘lib ketishi kerak edi, lekin hech bir tabiat hodisasi uni yo‘q qilib yuborolmagan.
2. Tuya faqat sellyuloza (cho‘l va dashtlarda dag‘al o‘t va xashaklar, yantoq, saksovul) bilan oziqlanib, vitaminlarni va hayot uchun kerakli barcha kimyoviy moddalarning ko‘pini ishlab chiqaruvchi va shu tariqa hayotini davom ettiruvchi birdan-bir hayvondir.
3. Tuya bir necha ming yillardan hozirga qadar odamzotga tashuvchilik xizmatini qilayotgan yagona jonivordir. O‘rta Osiyo hududida bundan 100 yil avval ham tuyalar pochtasi mavjud bo‘lgan.
4. Tuyalar o‘z vaznining yarmiga teng — 250-300 kg yukni ko‘tara oladi, vazniga nisbatan 10-12% og‘irlikdagi yukni tortish kuchiga ega. Soatiga o‘rtacha 4 km tezlikda, kuniga 35-40 km masofani bosib o‘tadi. Agar ustida yuki bo‘lmasa, to‘xtovsiz 100 kilometr yo‘l bosa oladi.
5. Tuya bir ichishda 200 litrga yaqin suv ichadi. Sho‘r suvni ham ichaveradi. 100 litr suvni 10 daqiqada ichib tugatadi. Tuya bir haftagacha yemay, 34 kungacha suv ichmasdan yurishi mumkin. Suv bor joyni 50-60 kilometr uzoqlikdan his etadi.
6. Tuya suti tarkibida kalsiy, magniy, temir, fosfor, C, D vitaminlari, foydali mineral va mikroelementlar ko‘p bo‘lib, u sigir sutidan bir necha karra foydaliroq. Tuya suti – parhez mahsulot. Unda yog‘ va shakar miqdori sigirnikidan ancha kam. Tuya suti sutemizuvchilar ichida inson sutiga eng yaqinidir.
7. Tuyaning tana harorati tunda, sahro soviganda +34°C gacha pasayadi. Kunduzi 41°C darajagacha ko‘tariladi. Bu bois tevarak-atrofdagi havo harorati o‘zgarganda tuya deyarli terlamaydi va suv yo‘qotilishining oldi olinadi. Tuya juni quyoshda 70-80 gradusgacha qizisa-da, uning tana harorati 40 gradusda bo‘ladi.
8. Tuyaning o‘rkachida suv emas, yog‘ saqlanadi. O‘rkach tuya uchun ozuqa zaxirasi hisoblanadi. Tuya o‘rkachi qattiq ozuqani yeyishni boshlaganidan keyin paydo bo‘ladi, shuning uchun bo‘taloqlarning o‘rkachi bo‘lmaydi.
9. Tuyalar suvni o‘rkachlardagi yog‘lardan oladi, 100 gramm yog‘ning oksidlanishidan 107 gramm suv hosil bo‘ladi. O‘rkachdagi yog‘ haddan ziyod issiq havoda tana haroratini me’yorda ushlab turadi.
10. Tuya gavdasining yerga tegib turadigan qismlarida, ko‘kragi, tirsagi va tizzasida qadoqli tuzilmalar bor. Shu tufayli issiq (70°C gacha qizigan) yerda ham yota oladi.
11. Tuyaning ko‘zi favqulodda ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lib, 3-4 kilometrdan tahdidlarni aniqlay oladi. Uchta ko‘z qovog‘i, ikki qator uzun kipriklar ko‘zga qum kirishining oldini oladi. Qalin qoshlar, zich va qalin sochlar ko‘z va boshni quyosh nurlaridan himoya qilishga yordam beradi.
12. Tuyalar burniga qum kirib ketishining oldini olish uchun burun teshiklari ochilib-yopiladi.
13. Tuyaning ikkita labi bo‘ladi, ular mustaqil ravishda harakatlanib, tikanli cho‘l butalarini zararsiz yeya oladi.
14. Tuyaning quloqlari o‘tkir eshitish qobiliyatiga ega. Quloqlar ichkaridan va tashqaridan tuk bilan qoplangan bo‘lib, qumdan himoyalangan. Chang bo‘ronlari paytida tuyalar quloqlarini aylantira oladi.
15. Tuyaning tuyoqlari uzun bo‘lib, ularni qumga bir tekis taqsimlaydi va cho‘kib ketmaydi. Tuya otlar kabi oldinga va orqagagina emas, to‘rt tomondagi odam yo hayvonni tepa oladi. Tuyoqlaridagi elastiklik darajasi yuqori.
16. Tuyalar nafaqat issiq haroratli mintaqalarda, juda past haroratli joylarda ham yashay oladi. Ularda qishda sovuqqa bardoshli uzun va qalin himoya junlari o‘sadi, yoz oylarida esa to‘kiladi.
17. Urg‘ochi tuyalarning homiladorlik davri 12 oydan 14 oygacha. Tuyalarning egiz tug‘ish holati deyarli kuzatilmagan. Yangi tug‘ilgan bo‘taloqning vazni 34 kilogrammgacha bo‘ladi. U tug‘ilgandan yarim soat o‘tiboq yurishni boshlaydi.
18. Tuya — dunyoda eng qaysar jonivor. Agar u yotib dam olishni xohlasa, uni o‘rnidan qo‘zg‘atish juda qiyin. Uning jahlini chiqarsangiz, tuflab tashlaydi. U juda aniq tuflaydi va tupugi juda sassiq bo‘ladi. Chunki u oddiy so‘lak emas, naq oshqozondan otilib chiqadi.
19. Tuya dengiz yoki daryoda suza oladi.
20. Tuya arabchada “jamal” — “go‘zallik” ma’nosini bildiradi. Bu so‘z avval yunonlarga “kamēlos” shaklida o‘tib, undan inglizlarga “camel” tarzida o‘tgan.