Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446

Aqli bor kishining Allohni tanishi lozimligi

11.11.2024   5263   14 min.
Aqli bor kishining Allohni tanishi lozimligi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

42 - وَمَا عُذْرٌ لِذِي عَقْلٍ بِجَهْلٍ بِخَلاَّقِ الأَسَافِلِ وَالأَعَالِي

Ma’nolar tarjimasi: Aql egasiga pastliklaru balandliklar yaratuvchisini bilmaslik uzr emasdir.

Nazmiy bayoni:

Oqil banda aslo uzrli bo‘lmas,

Gar u yeru osmon Xoliqin bilmas.

Lug‘atlar izohi:

مَا nafiy harfi, لَيْسَ ning amalini qiladi.

عُذْرٌ – nafiy harfining ismi. Uzr kalimasi lug‘atda “kechirim so‘rash” ma’nosini anglatadi. Istilohda “o‘zini oqlash uchun keltiriladigan hujjat uzr deb ataladi”.

لِ – “shibhi mulk” ma’nosida kelgan jor harfi.

ذِي – “sohib” ma’nosini anglatuvchi “asmoi sitta”dan biri. Jor majrur  مَا ning xabari bo‘lgani e’tiboridan nasb o‘rnida turibdi.  

عَقْلٍ –  aql lug‘atda “tutib turish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni to‘g‘ri yo‘ldan og‘ib ketishdan tutib turish uchun yaratilgan nafsdagi quvvat aql deb ataladi. Aql ikki xil bo‘ladi:

1. Zaruriy. Bandaning ixtiyorisiz hosil bo‘ladigan aql zaruriy aql deyiladi;

2. Iktisobiy. Ixtiyoriy ravishda tafakkur qilish orqali hosil bo‘ladigan aql iktisobiy aql deyiladi.

بِجَهْلٍ – jor majrur عُذْرٌ ga mutaalliq. Johillik lug‘atda “nodonlik”, “bexabarlik” ma’nolariga to‘g‘ri keladi. Istilohda esa “biror narsa haqida uning teskarisiga ko‘ra e’tiqod qilish johillik deyiladi”.  

Johillik ikki turga ajratilgan:

1. Jahli basiyt – bilish kerak bo‘lgan narsadan bexabarlik;

2. Jahli murakkab – voqelikka to‘g‘ri kelmaydigan narsa haqida qat’i e’tiqodda bo‘lish.   

بِخَلاَّقِ – jor majrur جَهْلٍ ga mutaalliq. Ma’noni kuchaytirib bayon qilish maqsadida “siyg‘ai mubolag‘a”[1] shaklida keltirilgan.

الأَسَافِلِ – muzofun ilayh. سَافِل  ning ko‘plik shakli.

الأَعَالِي – bu kalima عَالِي ning ko‘plik shakli. الأَسَافِلِ ga atf qilingan.


Matn sharhi:

Balog‘atga yetgan aqli raso insonning osmonlaru yerni yaratgan Zotni bilmasdan dunyodan o‘tib ketishi uning qiyomat kunida so‘ralmasligiga uzr bo‘la olmaydi.  

Aql insonga berilgan eng ulug‘ ne’matdir. Zero, Alloh taolo farishtalarga aqlni berib, shahvatni bermagan. Hayvonlarga esa shahvatni berib, aqlni bermagan. Odam bolalariga esa ham aqlni, ham shahvatni bergan. Shunga ko‘ra qaysi insonning aqli shahvatidan ustun bo‘lsa, u inson farishtalar martabasida, balki ulardan ham yuqoriroq martabada bo‘ladi, kimning shahvati aqlidan ustun bo‘lsa, u inson hayvonlar qatorida, balki ulardan-da pastroq darajada bo‘ladi.  

Alloh taoloni tanib, Unga iymon keltirish har bir aql egasiga vojibdir. Bu to‘g‘rida hech qanday bir-birlaridan farqli qarashlar yo‘q. Ammo Alloh taoloni tanish Uning xabarlarini eshitgandan keyin vojib bo‘ladimi, yo eshitmasa ham inson o‘z aqli bilan Uni tanishi vojib bo‘ladimi? Ana shu to‘g‘risida ash’ariya  va moturidiya mazhablari orasida bir-birlaridan farqli qarashlar bor. Ushbu farqli qarashlarning umumiy xulosasi quydagilardir: Ash’ariy mazhabida: “Alloh taoloni tanish Uning xabarlarini eshitish dalolati bilan vojib bo‘ladi”, – deyilgan.

Moturidiy mazhabida esa:  “Alloh taoloni tanish aql dalolati bilan vojib bo‘ladi”, – deyilgan.

Bunday bir-birlaridan farqli o‘rinlarda, tabiiyki, har birlarining o‘zlariga yarasha dalil-hujjatlari bor. Ash’ariy mazhabining dalillari:

﴿رُّسُلٗا مُّبَشِّرِينَ وَمُنذِرِينَ لِئَلَّا يَكُونَ لِلنَّاسِ عَلَى ٱللَّهِ حُجَّةُۢ بَعۡدَ ٱلرُّسُلِۚ

“Payg‘ambarlar (kelgan)dan keyin odamlarda Allohga qarshi hujjat bo‘lmasin deb payg‘ambarlarni xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib (yubordik)[2].  

Ya’ni, agar aql odamlarga zimmalaridagi burchlarni ado etish uchun hujjat bo‘lganida, Alloh taolo ularga payg‘ambarlarni yubordik deb emas, ularga aqlni yaratdik deb bayon qilgan bo‘lar edi. Boshqa bir oyatda toki payg‘ambar yuborilmas ekan, ularga azob kelmasligi xabar berilgan:

﴿ وَمَا كُنَّا مُعَذِّبِينَ حَتَّىٰ نَبۡعَثَ رَسُولٗا١٥

“To payg‘ambar yubormagunimizcha (biror kimsani) azoblovchi bo‘lmadik”[3].     

Ya’ni agar Alloh taoloni tanish aql dalolati bilan vojib bo‘lganda ularni payg‘ambar yubormasdan ham burchlarini ado etmaganlari uchun azoblagan bo‘lar edi. Ushbu dalillardan Alloh taoloni tanish Uning xabarlarini eshitish dalolati bilan vojib bo‘lishi ko‘rinib turibdi. 

Moturidiy mazhabining dalillari: Qur’oni karimda osmonlaru yerda, quyosh, oy, yulduzlar, tog‘u toshlar, daraxtlar va bulardan boshqa qanchadan-qancha buyuk Yaratuvchiga va qudratining cheksizligiga dalolat qiladigan alomatlar borligi bayon qilingan: 

﴿وَكَأَيِّن مِّنۡ ءَايَةٖ فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِ يَمُرُّونَ عَلَيۡهَا وَهُمۡ عَنۡهَا مُعۡرِضُونَ١٠٥

“Osmonlar va Yerda qanchadan-qancha (Alloh va uning sifatlariga dalolat qiluvchi) alomatlar bor. (Lekin) ular yonidan yuz o‘girgan hollarida (beparvo) o‘tib ketadilar”[4].  

Ya’ni, ular Alloh taoloning borligiga dalolat qiladigan shuncha belgi-alomatlar haqida tafakkur qilib iymon keltirmaydilar. Agar alomatlardan yuz o‘girmasdan ularni tafakkur qilib ko‘rganlarida, aql yuritib e’tibor berganlarida albatta iymon keltirgan bo‘lardilar. Bu esa insonda aql borligining o‘zi Alloh taoloni tanishga sabab ekaniga dalolat qiladi.

Alloh taoloning yaratuvchiligini, o‘ta ilmli zot ekanini mushriklar ham e’tirof etganlar:  

﴿وَلَئِن سَأَلۡتَهُم مَّنۡ خَلَقَ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضَ لَيَقُولُنَّ خَلَقَهُنَّ ٱلۡعَزِيزُ ٱلۡعَلِيمُ٩

(Ey Muhammad!) Qasamki, agar ulardan: “Osmonlar va Yerni kim yaratgan?” – deb so‘rasangiz, albatta: “Ularni Qudratli va Bilimli (Alloh) yaratgan”, – derlar”[5].       

Ya’ni mushriklar ham osmonlaru yerni aziz va o‘ta ilmli zot, Alloh taolo yaratganini bilganlar. So‘ngra johillik bilan Unga boshqani qo‘shib ibodat qilganlar. Bu esa Alloh taoloni tanish inson fitratida borligini, bu fitratni Alloh taolo insonga qo‘shib yaratganini, shunga ko‘ra har bir aql-hushli odam Alloh taoloni tanishi lozimligini, tanimasligi uzr bo‘lmasligini bildiradi.

Aqlning Alloh taoloni tanish uchun hujjat ekaniga quyidagi oyat ham yorqin dalildir:

﴿ إِنَّ ٱلسَّمۡعَ وَٱلۡبَصَرَ وَٱلۡفُؤَادَ كُلُّ أُوْلَٰٓئِكَ كَانَ عَنۡهُ مَسۡ‍ُٔولٗا٣٦

“Chunki quloq, ko‘z, dilning har biri to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (javob berur)[6].    

Ya’ni, quloqning mas’ulligi eshitiladigan narsalarga xoslanadi, ko‘zning mas’ulligi ko‘riladigan narsalarga xoslanadi, dilning mas’ulligi tushunarli bo‘lgan narsalarga xoslanadi. Ammo quloq ham, ko‘z ham o‘z vazifalarini ado etishda aqlga muhtojdir.  Chunki quloq haqni ham, nohaqni ham eshitadi, ko‘z ham ko‘rishda haq bilan nohaq orasini ajrata olmaydi. Haq bilan nohaq orasini aql ajratadi. Agar haq va nohaqni ajratishda aql hujjat bo‘lmaganida, quloqning eshitishi-yu, ko‘zning ko‘rishi behuda ish bo‘lib qolardi.

Xulosa qilib aytganda, aql-hushli insonga yeru osmonlarning Yaratuvchisi, Alloh taoloni tanimasligi uzr hisoblanmaydi. Chunki har bir narsa xususida aql yuritib qaralsa, Alloh taoloning biru borligiga dalolat qiluvchi belgilar mavjud. Shoir Abu Atohiyaning she’ri mazkur ma’nolarni yetarli darajada ifodalab beradi:

فَوَاعَجَباً كَيْفَ يُعْصَى الإِلَهُ    أَمْ كَيْفَ يَجْحَدُهُ الْجَاحِدُ

وَللهِ فِي كُلِّ تَحْرِيْكَةٍ           وَتَسْكِيْنَةٍ أَبَداً شَاهِدٌ

وَفِي كُلِّ شَيْءٍ لَهُ آيَةٌ        تَدُلُّ عَلَى أَنَّهُ الْوَاحِدُ

Vo ajabo, Allohga qanday isyon qilinar, yo inkor etuvchi Uni qanday inkor etar.

Allohga har bir harakatu sukunatda doimiy guvohlik beruvchi bor-ku,

Barcha narsalarda belgilar borki, Uning birligiga dalolat etar.

“Ja’far Sodiqning huzurida zindiqlardan[7] biri yaratuvchi borligini inkor qildi. Ja’far Sodiq unga: “Dengizni va uning qo‘rqinchini ko‘rganmisan”, – dedi. U: “Ha, dengizga chiqqanman, bir safar dengizda qo‘rqinchli bo‘ron turib, kemamizni chilparchin qildi. Dengizchilar g‘arq bo‘lishdi. Men jon talvasada bir taxtaga osilib oldim. Osmon bo‘ylab otilayotgan to‘lqin shiddatidan taxta ham qo‘limdan chiqib ketib, hayotdan umidimni uzgandim, o‘shanda to‘lqinning o‘zi meni sohilga chiqarib tashlagandi”, – dedi. Shunda Ja’far Sodiq: “Sening suyanchig‘ing va ishonganing kema, taxta va dengizchilar  edi, ular sendan ketgan paytda salomat qolishni istadingmi”, – dedi. U: “Ha”, – dedi. Ja’far Sodiq: “Kimdan”, – dedi. U jim qoldi. Ja’far Sodiq: “O‘sha paytda sen umid qilgan zot – Yaratguvchidir. U seni g‘arq bo‘lishdan qutqardi”, – dedi. U kishi Ja’far Sodiqning qo‘lida Islomni qabul qildi.

Dahriylardan[8] bir guruhi Imom Shofi’iy rahmatullohi alayhdan Yaratuvchining borligiga nima dalil bor, deb so‘rashdi. U zot: “Tut bargi, uning ta’mi, hidi va rangi Yaratuvchining borligiga dalildir, ushbu narsalarni bilasizlar-a”, – deb so‘radi. Ular: “Ha”, – deyishdi. Imom Shofi’iy: “Tut bargini ipak qurti yeydi, undan ipak chiqadi, asalari iste’mol qiladi, undan asal chiqadi, qo‘y yeydi, undan qumaloq chiqadi, uni kiyik yeydi, misk xaltasida misk to‘playdi. Tabiiy holati bir xil bo‘lsa ham, keyingi holatlarini kim ana shunday xilma-xil qildi”, – dedi. Ular bu xususda tafakkur qilib qattiq tasirlanishdi va Allohga iymon keltirdilar.

Abu Nuvosdan Yaratuvchining borligiga dalil so‘rashganida ushbu she’r bilan javob bergan: 

تَأَمَّلْ فِى بِنَاءِ الأَرْضِ وَ انْظُرْ   إِلَى آثَارِ مَا صَنَعَ الْمَلِيكُ

عيُونٌ فِى لَجِينٍ شَاخِصَاتٌ     وَأَحْدَاقٌ كَالذَّهَبِ السَّبِيكِ

*  *  *

عَلَى قُضُبِ الزَّبَرْجَدِ شَاهِدَاتٌ    بِأَنَّ اللهَ لَيْسَ لَهُ شَرِيكٌ

وَإِنَّ مُحَمَّدًا خَيْرُ البَرَايَا         إِلَى الثَّقَلَيْنِ أَرْسَلَهُ الْمَلِيكُ

Yerning binosiga taammul qil va qara

Malik qilgan narsalarning asarlariga,

Kumushlar ichinda tikilguvchi ko‘zlar,

Quyulgan tillo kabi ko‘z qorachig‘lar.

*  *  *

Zabarjad daraxtida bordir guvohlar,

Ular Allohga sherik yo‘qligin aytar.

Muhammad yaralganlarning eng yaxshisidir,

Malikning insu jinga yuborgan elchisidir.

Bir tabibdan Robbingni nima bilan taniysan”, – deb so‘rashdi. U: Asalari bilan taniyman, bir tarafi bilan asal chiqaradi va bir tarafi bilan chaqadi”,  –deb  javob berdi[9].

 Ya’ni oddiy asalarida ham Alloh taoloning naqadar qudratli zot ekaniga dalolat bor. U bir tarafidan, ya’ni og‘zidan asal chiqarsa, ikkinchi tarafidan zahar soladi. Bu haqiqat asal so‘zining yozilishida ham o‘z ifodasini topgan, عَسَلٌ (asal), لَسْعٌ (zahar solish), ya’ni asal so‘zi teskari tarafidan yozilsa, zahar solish ma’nosi chiqadi.


Keyingi mavzu:
Jon chiqar vaqtda keltirilgan iymon bayoni

 


[1] Ma’noni mubolag‘a bilan yoki kuchaytirib bayon qilish maqsadida ismi foil siyg‘asi (shakli) beshta samo’iy (eshitish orqali sobit bo‘lgan) siyg‘aga o‘zgartiriladi:

1. فَعَّالٌ –  مَنَّاعٌo‘ta man qiluvchi;

2. مِفْعَالٌمِهْذَارٌo‘ta ko‘p gapiruvchi;

3. فَعُولٌغَفُورٌ – o‘ta kechirimli;

4.  فَعِيلٌعَلِيمٌ – o‘ta biluvchi;

5.  فَعِلٌحَذِرٌ – o‘ta ehtiyotkor.

Ushbu siyg‘alar ismi foilning kuchaytirilgan ma’nosiga dalolat qiladi. Shuning uchun ham ular “siyg‘ai mubolag‘a” deb nomlanadi.

[2] Niso surasi, 165-oyat.

[3] Isro surasi, 15-oyat.

[4] Yusuf surasi, 105-oyat.

[5] Zuxruf surasi, 9-oyat.

[6] Isro surasi, 36-oyat.

[7] Zindiq lug‘atda “yaramas makkor” ma’nosini anglatadi. Istilohda “birorta ham dinga e’tiqod qilmaydigan kimsa zindiq deb ataladi”. Zindiqlar “zamon hech qachon tugamaydi” deb e’tiqod qilishgan.   Qarang:    Abdulhamid Mahmud Tohmoz. Fiqhul Hanafiy fi savbihil jadid, uchinchi juzi. – Damashq: “Dorul qalam”, 2009. – B. 115.

[8] Dahriy lug‘atda “xudosiz”, “shakkok” ma’nolarini anglatadi. Istilohda  “Olamning o‘zi azaliy va abadiy mavjud, uning yaratuvchisi yo‘q deydigan kimsa, dahriy  deyiladi”. Qarang:  Munjid fil-lug‘ati a’lom. – Bayrut: “Dorul mashriq”, o‘ttiz sakkizinchi nashr. – B. 227.

[9] Abu Hafs Sirojiddin Umar ibn Is'haq G‘aznaviy. Sharhu aqidati imom Tahoviy. – Qohira: “Darotul Karaz”, 2009. – B. 43.

 

Boshqa maqolalar

Allohga to‘rt yil duo qildim

16.06.2025   1666   5 min.
Allohga to‘rt yil duo qildim

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Agar madrasaviy naql mutavotir bo‘ladigan bo‘lsa, unda nima uchun hanafiylarning mutavotirida molikiylarning mutavotiriga teskari keladigan joylar bor?

Darhaqiqat, hanafiy mazhabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir darajada yetib kelgan bo‘lsa, molikiy mazhabi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir darajada yetib kelgan bo‘lsa, nima uchun bu mutavotirlar o‘zaro bir xil emas?

Imom Hafs rohimahullohning qiroati bilan imom Sho‘baning qiroati mutavotir emasmi? Yetti qiroat mutavotir emasmi? Lekin ular boshqa-boshqa-ku?!

Demak, «mutavotir bo‘ldi» degani bir xil bo‘ldi degani emas ekan. Shuningdek, Buxoriyda kelgan ba’zi sahih hadislar ham aynan o‘sha Buxoriyda kelgan boshqa bir hadisga teskari kelishi mumkin. Biz esa bu kitobdagi barcha hadislarning sahih ekaniga ishonganmiz.

Shuningdek, Buxoriy va Muslimda ham bir-biriga teskari hadislar bor. Unisi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sahih bo‘lib yetib kelgan, bunisi ham. Demak, sahih va mutavotir bo‘lish – naqlda bir xil bo‘lish degani emas ekan, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan hodisalar turlicha bo‘lgan.

Ba’zilar mutavotirni ma’lum bir ko‘rinishda naql qilishgan, ba’zilar esa mutavotirni yoki mustafizni boshqa bir joyda boshqa bir ko‘rinishda naql qilishgan. Bularning barchasi kitoblarda bor. Bizning mavzuimizdagi nozik nuqta mutavotir bo‘lish emas, balki naql bo‘lishi sobitroq va ko‘p takrorlanganligidir. Bunga «mutavotir» deb nom berish esa majoziy ma’nodadir.

To‘g‘ri, ba’zi dalillar mutavotir bo‘lishi mumkin. Lekin asosiysi – naql qilish sobit ekanida eng yuqori darajasiga chiqqan bo‘lishi kerak. Shuningdek, ular keltirgan naql bilan biz keltirgan naql xilma-xil bo‘lishining zarari yo‘q, chunki hanafiylar Ko‘fada istiqomat qilgan Abdulloh ibn Mas’ud, Aliy ibn Abu Tolib va boshqa sahobalar roziyallohu anhumdan naql qilishgan bo‘lsa, molikiylar Oisha, Ibn Umar va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumdan naql qilishgan. Molikiylarning mazhabi Zayd ibn Sobitga, hanafiylarning mazhabi esa Abdulloh ibn Mas’udga borib taqaladi.

Ushbu mavzuga yakun yasash bilan birgalikda, ko‘p xavotirga o‘rin qolmasligi uchun quyidagilarni ham aytib o‘tsak:

Fiqhiy masalalarga nisbatan hadislarning soni juda ham ozdir. Avvalgi ma’lumotlarimizda hukmlar kelgan hadislarning soni uch ming, ikki ming, besh yuz yoki yetti yuz atrofida ekanini aytib o‘tgan edik. Bu juda ham kam son.

Shuningdek, oyatlarning ham soni chegaralangan. Ammo masalalar esa millionlab topiladi. Shuningdek, hadislar ham bor, marhamat, ko‘rishimiz mumkin. Oldingi va keyingi ulamolarimiz hukmiy hadislar haqida qanchalab kitoblar yozishgan. Ular o‘z kitoblarida «Mana bu hukmiy oyat, bu esa hukmiy hadis», deb zikr qilishgan. Ammo bu o‘rinda bahs hukmiy oyatlar yoki hukmiy hadislarda emas! Siz kutubxonadan bir necha dinorga hukmiy hadislar yozilgan kitob sotib olishingiz mumkin. Qur’oni Karim esa hamma joyda bor. Xo‘sh, shu ikkalasi bilan imom mujtahid bo‘lib qoladimi?

Bahsimiz bu nuqtada ham emas! Bahs ushbu masalalarni qanday qilib chiqarib olish, hukmlarni jamlash va ularni qanday tushunishdadir. Bu yerda hadis yetib kelish-kelmasligi masalasining ahamiyati qolmaydi! Axir oradan 1400 yil o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bizga sunnat yetib keldi-ku!

Mujtahid imomlar bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rtalarida esa bir necha yillar, ya’ni  70-80-90 yillar o‘tgan, xolos! Ularning butun turmush tarzi Islomdan iborat edi, ular oila qurishda, o‘zaro munosabatlarda, boshqaruvda va barcha holatlarda Islom bilan hamohang edilar. Qanday qilib ularga hadis yetib bormagan bo‘lishi mumkin? Qanday qilib biz hayotimizning turli jabhalarida Islomdan uzoq bo‘la turib, «Bizga hadis yetib kelgan», deymiz? Shuning uchun «Hadis yetib kelgan-kelmagan», deb bahs qilishning hech bir qiymati yo‘q! Qur’on va Sunnat bor. Endi bu o‘rindagi bahsimiz ulardan qanday hukm chiqaramiz, qanday ijtihod qilamiz, ularni qanday tushunamiz va ulardan qoidalarni qanday chiqaramiz, degan ma’noda bo‘lishi kerak.

Yahyo ibn Qatton rohimahulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yetib kelgan sahih hadislarni ko‘rsatishini so‘rab, Alloh taologa to‘rt yil duo qildim», deganlar.

Biz o‘rganayotgan mavzu faqat hadis rivoyat qilish emas, balki imom Shofe’iyning muhaddislar yo‘lidan yurib, mazhab tuza olishidir. Muhaddislardan oldingilar esa hadislarni ham rivoyat qilishar, bir-biridan farqli fatvolar ham berishar edi. Gap ushbu hadislarga tayanish uchun qanday qilib mazhab va qoidalarni chiqarishdadir. Albatta, ushbu mavzu bizdan katta e’tibor talab qiladigan muhim mavzulardandir.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan