Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Bas, bilgin: Allohdan o‘zga ibodatga sazovor zot yo‘q, o‘zingning, mo‘minlarning va mo‘minalarning gunohlari mag‘firat qilinishini so‘ra”... (Muhammad surasi, 19-oyat).
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki mo‘min va mo‘minalar haqqiga istig‘for aytsa, Alloh unga har bir mo‘min va mo‘mina hisobida bittadan yaxshilik yozadi”, deganlar.
Demak, agar siz biror (tanigan va tanimagan) mo‘min-mo‘minaning haqqiga istig‘for aytsangiz, Alloh taolo buning evaziga o‘sha mo‘min va mo‘mina nomidan sizga savob (yaxshilik) yozadi.
Alloh taolo boshqa oyatda bunday marhamat qiladi: “Ey Robbimiz, meni, ota-onamni va mo‘minlarni hisob qilinadigan kuni mag‘firat aylagin” (Ibrohim surasi, 41-oyat).
Allohim Odam alayhissalomdan to Qiyomatga qadar keladigan jamiki mo‘min-musulmonlarning gunohlarini mag‘firat etgin.
Davron NURMUHAMMAD
Xabar berganimizdek, bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisliklarida Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda bir necha masalalar qatori Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon qori Abbosiddinov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod etilgani, Namangan shahar bosh imom-xatibi vazifasida mehnat qilayotgan Abdulloh domla Samadov Namangan viloyati bosh imom-xatibi etib tayinlangani e’lon qilindi.
Abdulloh domla Samadov 1972 yili Namangan shahrida tavallud topgan. 1998 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tamomlagan. Namangan shahridagi “Boqi Polvon” jome masjidi imom-xatibi va shahar bosh imom-xatibi vazifalarida ishlab kelgan.
Alloh taolodan yangi vazifaga tayinlangan Abdulloh domla Samadovga mas’uliyatli va sharafli faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati