Savol: Ayrimlar namozga quloq qoqqandan keyin qo‘llarini bog‘lasa, yana kimlardir qo‘llarini pastga tushirib keyin bog‘laydi. Qay biri to‘g‘ri?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozxon takbir aytib quloq qoqqandan keyin qo‘llarini pastga tushirmaydi, balki takbirni aytgandan keyin darhol bog‘laydi. Fuqaholarimizning javoblari mana shunday bo‘lgan. “Kamolud diroya” kitobida bunday deyilgan:
وفي ((الظّهيريّة)): ولا يرسل يديه بعد الفراغ من التَّحريمة، بل يضع كما فرغ منها عند أبي حنيفة وأبي يوسف رحمهما الله
“Zahiriya”da takbiri tahrimadan keyin qo‘llarini tushirmaydi, balki takbirdan bo‘shashi bilanoq qo‘llarini bog‘laydi. Bu imom Abu Hanifa va Abu Yusuf rahimahullohlar nazdidadir”.
إذا كبر للافتتاح لا يُفَرِّجُ أصابعه كل التفريج بخلاف حالة الركوع، ولا يُرسل يديه بعد التكبير، بل يأخذهما ويضع يمينه على شماله تحت السُّرَّة
“Namozga kirish uchun takbir aytganda barmoqlarini rukudagi kabi butunlay ochmaydi. Takbirdan keyin qo‘llarini pastga tushirmaydi, balki o‘ng qo‘lini chap qo‘li ustiga, kindik ostiga qo‘yadi” (“Fatovoi Sirojiya” kitobi).
Shuni bilish kerakki, bu qaysi holat afzalligini o‘rgatuvchi masaladir. Kimdir qo‘llarini tushirib, keyin bog‘lagan bo‘lsa, namozi buzilgan deyilmaydi, balki afzal ishni tark qilgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan