Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kamtarlik libosining qiyosi yo‘q, uni hech narsaga taqqoslab bo‘lmaydi. Allohga duo qilishning eng samarali yo‘li bu – kamtarlikdir. Imom Ahmad Rifoiy o‘zining kitoblaridan birida bunday deydilar: “Allohga olib boradigan yo‘l ikkita qadamdan iboratdir. Birinchi qadamda, oyoqingizni bo‘yningizga qo‘yasiz, ikkinchisida esa, Alloh taologa to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilasiz. Bo‘yingga oyoqni qo‘yish nima degani? Ya’ni bu kamtar bo‘lishni anglatadi. Kamtarlik odamlar uchun emas, balki Alloh azza va jalla uchundir.
Yana boshqa olimlardan biri, hozir ismlari esimda yo‘q, aytadilar: Alloh taologa olib boradigan yo‘llarni ko‘rdim. Ularning aksariyati tirband ekan. Kamtarlik yo‘liga nazar soldim, uning bo‘sh, ochiq va qisqa ekanini ko‘rdim. Nima uchun?
Agar siz amallaringiz bilan mag‘rurlanish yo‘lidan o‘tmoqchi bo‘lsangiz, qanchadan-qancha odamlar o‘zlarining amallari bilan mag‘rurlanishining guvohi bo‘lasiz.
Agar siz Alloh rizoligi uchun kurashish, jang qilish yo‘lidan o‘tsangiz, o‘zingizdan faxrlanishni sezasiz. Albatta har bir inson bundan faxrlanishi mumkin. Bunday qiladiganlar ko‘p.
Agar siz Alloh roziligi uchun mol-dunyo, mablag‘ sarflash, exson, xayriya qilish yo‘lidan o‘tmoqchi bo‘lsangiz. Yo Allohim men falon narsalarni berganman, kambag‘allarga million pul sarfladim deyishingiz mumkin. Bunda ham nafs o‘zini-o‘zi mag‘rur his qiladi va bunday qiladiganlar ham ko‘p.
Ammo kamtarlik yo‘li bilan Allohning roziligini izlaydigan kishi o‘zini ojiz va kuchsiz his qiladi. Allohning haqlarini, ibodatlarini bajarishda o‘zining nuqson, kamchiliklarini ko‘radi. Bu ajoyib tuyg‘u, ajoyib. Bu tuyg‘uni kim sezishi mumkin? Qalbi kirlardan xoli bo‘lganlar. Ular o‘zini hech narsaga, hech narsaga qodir emasliklarini anglaydilar. Ammo Alloh taolo ular uchun hamma narsani paydo qiladi.
Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy
rahimahulloh ma’ruzalaridan Davron Nurmuhammad tarjimasi
Abdulhakim Supiyev, Pop tumani bosh imom-xatibi