Bismillahir Rohmanir Rohiym
To‘rtinchi duo:
«Allohga tavakkul qildim, Alloh bandalarini ko‘rib turgan Zotdir».
Fir’avn oilasidan iymon keltirgan bir mo‘min Fir’avnga nasihat qilib, Muso alayhissalomni himoya qiladi. Unga o‘lim va dahshatli azob va’da qilishadi. Shunda o‘sha mo‘min inson ushbu duoni qiladi: «Allohga tavakkul qildim, Alloh bandalarini ko‘rib turgan Zotdir!» (G‘ofir surasi, 44-oyat).
Bu duo darhol ijobat bo‘ladi: «Alloh uni ular qilgan makrlarning yomonliklaridan saqladi, Fir’avn oilasini esa og‘ir azob o‘rab oldi» (G‘ofir surasi, 45-oyat).
Otam va’dasiga vafo qilib, menga ajoyib mukofot berdilar, so‘ng «Mahzun bo‘lib qolsang, mana shu to‘rtta duoni aytgin» deb, peshonamdan o‘pib, haqqimga duolar qildilar.
Otamning bu nasihati qalbining to‘ridan, mehr-muruvvatga yo‘g‘rilib chiqqani uchun bu ish menga juda yoqdi. To‘rttala duoni ham yozib oldim. Qachon tushkunlikka tushib qolsam, shu duolarni o‘qiydigan bo‘ldim (bir kunda juda ko‘p marta aytardim). Ularni yoqtirib qolib, birpasda yodlab oldim. Shu duolar sababli hayotim nurafshon bo‘ldi».
Ja’far Sodiq roziyallohu anhu aytadilar: «Biror narsadan xavf qilganida Alloh taoloning «Bizga Allohning o‘zi kifoya, U Zot naqadar yaxshi vakil!» degan so‘zini aytishga shoshmagan insonga hayronman. Axir U Zot keyingi oyatda shunday degan-ku: «Allohning ne’mati va fazli ila yomonlik ko‘rmasdan qaytdilar va Allohning roziligini izladilar. Alloh buyuk fazl sohibidir» (Oli Imron surasi, 174-oyat).
G‘amga botganida Alloh taoloning «O‘zingan o‘zga iloh yo‘q, O‘zing poksan, men o‘zimga zulm qilib qo‘ydim» degan so‘zini mahkam tutmagan odamga ham hayronman. Axir Alloh taolo mana shu oyatning ortidanoq «Biz bu duoni ijobat qildik. Unga g‘amdan najot berdik. Biz mo‘minlarga ana shunday najot berurmiz» degan-ku!
Makrga uchragan odam Alloh taoloning «Allohga tavakkul qildim. Alloh bandalarini ko‘rib turuvchi Zotdir» degan so‘zini aytmaganiga ham hayronman. Axir Alloh ana shu duoning ortidan «Alloh uni ular qilgan makrning yomonliklaridan saqladi» degan-ku!
Mol-dunyosiga, bola-chaqasiga, sog‘ligiga talafot yetganda Allohning «Menga katta zarar yetdi, rahmlilarning rahmlisi O‘zingsan!» degan so‘zlariga tayanmagan odamga ham hayronman. Axir U Zot shu oyatning ortidan «Biz bu duoni ijobat qilib, unga yetgan zararni ketkazdik. Biz O‘z huzurimizdan rahmat, obidlarga eslatma o‘laroq unga ahli oilasini qaytarib, yana shuncha ato etdik» degan-ku!
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Abdulhakim Supiyev, Pop tumani bosh imom-xatibi