Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: “Ayol kishi to‘rt narsasi uchun nikohlaniladi: moli, nasl-nasabi, jamoli va dini uchun. Bas, dindorini tanla, qo‘ling tuproqqa belangur (“baraka topgur”)!” (Muttafaqun alayh).
Ya’ni, erkakni nikohga rag‘batlantiradigan narsa ayoldagi to‘rt xislatdir. Erkak ayoldagi mazkur xislatlardan istaganini ko‘zlab nikohlanishi mumkin. Lekin dindorini tanlash afzaldir.
Ushbu hadisda qanday umr yo‘ldosh tanlash masalasi bayon qilinmoqda. Zero, inson bu masalada ko‘pincha ikkilanib qoladi. Bu borada mo‘min kishi uchun mezon dindorlik bo‘lishi kerak. Chunki uns-ulfatlikda odamlar bir-birlariga ta’sir o‘tkazadilar. Yaxshi hamroh bilan safarning mashaqqati kamayganidek, yaxshi umr yo‘ldosh bilan hayotning mashaqqatlari yengil kechadi. Mo‘min kishi dindor ayolni tanlasa, u bilan ko‘p masalalarda, ayniqsa, diniy masalalarda o‘zaro murosa qila oladi. Shuning uchun Nabiy alayhissalom dindorini tanlashga buyurmoqdalar.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ayollarga husni uchun uylanmanglar, ehtimol, husni ularni halok qilar. Ularga mol-davlati uchun ham uylanmanglar, ehtimol, mollari ularni tug‘yonga ketkazar. Ammo dinlari uchun uylaninglar. Albatta, burni kesik, qulog‘i teshik dindor qora cho‘ri (dini yo‘q hur ayoldan) yaxshidir”, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Shuningdek, naslu nasabdagi tenglikka ham rioya qilish mustahabdir. Zero, bu omil ham oilaning tinch-totuv bo‘lishi, bir-birlariga nisbatan hurmat-ehtiromni davom ettirishiga sezilarli darajada ta’sir qiladi. Ammo yo dindorini, yo nasl-nasabi tengini tanlashga to‘g‘ri kelsa, albatta, dindori muqaddam qo‘yiladi.
Azizbek XOLNAZAROV
tayyorladi.
Qiyin vaziyatlarga tushib qolganda yordam beradigan odam bo‘lsa, bu siz uchun bebaho in’omdir. Biz ko‘pincha eng qiyin damlarda yonimizda qoladigan odamlarning borligini yoki qadrini sezmaymiz. Ular qo‘limizdan tutib, bizni qo‘llab-quvvatlab, o‘zimizga ishonmay qolsak ham, hammasi yaxshi bo‘lishiga bizni ishontirib, dalda bergan bo‘lishadi.
O‘zaro munosabatlarning haqiqiy kuchi aynan shunday paytlarda qiyin bo‘lganda namoyon bo‘ladi. Demak, muhabbat nafaqat quvonchli damlarda birga quvonish, balki har qanday sinovdan o‘tishda yelkadosh bo‘lish, matonat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdir. Bu so‘z bilan o‘lchanmaydigan, balki harakatlarda namoyon bo‘ladigan haqiqiy hissiyotdir. Xo‘sh, sizning ana shunday bebaho yaqinlaringiz bormi? Bor bo‘lsa, hayotdagi mayda muammolar oldida hecham g‘am yemang. Bilsangiz, siz eng baxtiyor bandalardan ekansiz!..
Akbarshoh Rasulov