Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Hozirgi zamonda men o‘qigan kitoblarni o‘qigan biron odamni ko‘rmaganman”
Ushbu jumlalarni hijriy o‘ninchi asrda yashab o‘tgan mashhur olim Abul Mavohib Sha’roniy o‘zlarining "Latoiful minan" kitoblarida yozganlar. U Zot buni faxr uchun emas, balki Alloh taolo bergan ne’matlar qatorida zikr qilganlar. Imom Sha’roniy so‘zlarining davomida qariyb mingga yaqin kitoblarni nomini sanab o‘tib, o‘qigan kitoblari ichida eng asosiylari mana shular ekanini, hamma kitoblarning nomini birma-bir yozishi vaqt va kitobdan joyni egallashini aytadilar. Darvoqe’, ushbu olim mutolaa qilib chiqqan kitoblari orasida, birgina kitob qirq besh jildni tashkil qiluvchi tafsirga oid manbalar ham bor.
Imom Sha’roniy o‘z davrining 50 dan ortiq eng mashhur shayx va olimlaridan ta’lim olgan. Alloh taolo ilmiga baraka berib, diniy fanlarga doir 300 dan ortiq kitoblar yozib qoldirgan.
Xullas, tafsir, hadis, aqida, fiqh, usulul fiqh va boshqa diniy ilmlarda zamonasining eng bilimdoni bo‘lgan ushbu olim mazhabda Imom Shofe’iyga taqlid qilgan! Aqidada ahli sunna val jamoa — Imom Moturidiy va Imom Ash’ariy manhajida, tasavvufda esa Shoziliyya tariqatida bo‘lgan.
Endi hozirgi kunimizda bir nechta hadisni o‘qib, uni o‘zicha tushunib olib “Men Qur’on va sunnatdan o‘zim hukm olaman” deydigan yoshlar insof qilsalar bo‘lardi...
Abdullatif Tursunov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Jaloliddin Suyutiy 849–911/1445–1505 yillarda mamluklar davlatining siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolari yuzaga chiqa boshlagan davrda yashagan. Mamluklar davlatining hukmronligi uch asr davom etgan va Usmoniylar tomonidan Misrning zabt etilishi bilan yakunlangan. Mamluklar Misr, Suriya, Hijoz va Janubiy Anadoluda siyosiy ta’sirga ega bo‘lib, kuchli markazlashgan boshqaruv va tashkilotlari bilan salibchilarga va mo‘g‘ullarga qarshi kurash olib borgan va ularni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan. Bu davlat tarixning muhim burilish davrlaridan birida yashagan.
A’yni Jolut jangidan keyin Bag‘dodning barcha boyliklari talon-taroj qilingan va buyuk Islom sivilizatsiyasi mo‘g‘ullar tomonidan vayron qilingan. 1258 yilda Bag‘dodga kirgan mo‘g‘ullar qirq kun davomida talonchilik va qirg‘in uyushtirgan. Asrlar davomida katta mehnat bilan yaratilgan kutubxonalar va ilmiy xazinalar qisqa muddat ichida yo‘q qilingan. Mo‘g‘ul istilosidan keyin Bag‘dod o‘zining siyosiy, madaniy va ilmiy markaz maqomini yo‘qotgan. Bag‘doddagi xalifalikning yo‘q qilinishi butun islom olamiga ruhiy zarba bo‘lgan.
Bu voqeadan so‘ng Bag‘dodda yashagan ko‘plab musulmon olimlar mo‘g‘ul istilosidan zarar ko‘rmagan mamluklar davlatining poytaxti Qohiraga qochgan. Tashqaridan kelgan olimlar Qohirada katta ilmiy faollikni yuzaga keltirgan.
Jaloliddin Suyutiy mamluklar davlatining siyosiy tanazzuli boshlangan davrda yashagan. U hayotining katta qismini 873–901/1468–1496 yillarda hokimiyatda bo‘lgan sulton Qoyitbay davrida (23-50 yosh oralig‘ida) o‘tkazgan.
Manbalarga ko‘ra, Sulton Qoyitbay har oyning boshida davlat amaldorlarini saroyga taklif qilib, ular bilan uchrashgan va maoshlarini topshirgan. Imom Suyutiy ham bir necha bor bu uchrashuvlarga borgan, biroq keyinchalik bu amaliyot sunnatga va salaf olimlarining odatlariga mos emasligini bildirgan holda takliflarni rad etgan. Qirq yoshida sulton huzuriga chiqqanida ta’zim qilmagan va bu voqea Suyutiy bilan sultonning munosabatlarini yomonlashtirgan. Suyutiy ushbu voqea bo‘yicha “Ma rovahul asatiyn fi adamil maji’ ilas salatiyn” nomli risola yozgan. Sulton Suyutiy bu kitobga raddiya tarzida ulamolardan fatvo so‘ragan, biroq ular unga qarshi qaror chiqarishdan bosh tortgan. Natijada sulton uni barcha davlat lavozimlaridan chetlatgan. Shundan keyin Suyutiy ma’lum bir muddat o‘z uyida uzlatda yashagan.
Suyutiyning hayotidagi eng muhim burilish nuqtasi sulton Qoyitbay bilan yuz bergan ushbu voqea bo‘lgan. Mojaro uning ilmiy faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Chunki mana shu voqealar natijasida u zot to‘liq ilm bilan shug‘ullanishga va so‘fiyona uzlatga e’tibor qaratgan.
Suyutiy “Husnul muhazara” va “At-tahaddus bi ni’matillah” asarlarida o‘zining hayotini tasvirlagan. Quyida ushbu ikki asardan hamda boshqa mualliflarning imom Suyutiy haqida yozgan biografiyalaridan ham foydalanilib, u zotning hayoti qisqacha bayon etiladi.
U zotning to‘liq ismi: Abulfazl Abdurahmon ibn Kamoliddin Abu Bakr ibn Nosiriddin Muhammad ibn Sobiquddin Abu Bakr ibn Faxriddin Usmon ibn Nosiriddin Muhammad ibn Sayfiddin Xizr ibn Najmiddin Abu Saloh Ayyub ibn Nosiriddin Muhammad ibn Shayx Humomiddin al-Humam al-Huzayriy al-Asyutiydir.
U zot Jaloliddin laqabi bilan mashhur bo‘lib, barcha manbalarda u “Jaloliddin as-Suyutiy” yoki “Abdurrahmon as-Suyutiy” nomlari bilan tilga olingan.
“Abulfazl” kunyasi u zotga oilasining yaqin do‘stlaridan biri hamda u zotning ustozi Izzuddin Ahmad ibn Ibrohim Kinoniy tarafidan berilgani zikr qilingan.
“Al-Huzayriy” nisbasining nima uchun bu zotga berilgani masalasiga kelsak, u zotning o‘zi bu haqida bunday deydi: “Bizning Huzayriy nisbamiz, Bag‘dodda joylashgan Huzayriyya mahallasida yashaganimizdan kelib chiqqan. Ishonchli bir odamdan otamning bobosi arab emasligi va sharqdan kelgan bo‘lishi mumkinligini eshitdim. Bu esa shuni ko‘rsatadiki, bu nisba joy nisbasidir”.
Suyutiyga “Asyutiy” (yoki Suyutiy) nisbasining berilishi esa, u zotning otasi Misrning Asyut shahrida tug‘ilib, Qohiraga kelishidan oldin shu yerda qozilik lavozimida ishlaganligi sababli berilgan.
Suyutiy hijriy 849 yil Rajab oyining birinchi kuni (1445 yil 3-oktabr) Mamluklar davlatining poytaxti Qohirada tug‘ilgan. Manbalarga ko‘ra, uning otasi, Shofeiy mazhabi fiqh olimlaridan biri bo‘lib, qozilik bilan shug‘ullangan. Ismi Kamoliddin bo‘lgan. Onasining kutubxonada ko‘zi yorigani bois, Suyutiyning laqablaridan biri – “Ibnul kutub” (kitoblarning farzandi) bo‘lgan.
Onasining kelib chiqishi turk bo‘lgani haqida manbalarda ma’lumotlar bor. Shunga ko‘ra, imom Suyutiyni ham ona-ham ota tarafdan kelib chiqishi turklarga borib taqaladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Suyutiyning otasi 855/1451 yilda vafot etganida, u hali olti yoshda bo‘lgan. Otasining vasiyatiga ko‘ra, uning ta’limini otasining do‘stlari, jumladan, Ibn Humom Sivosiy (vaf. 861/1457) o‘z zimmasiga olgan.
Suyutiy hayotini yorituvchi manbalarda uning rafiqasi haqida hech qanday ma’lumot uchramaydi. U o‘zining yaqinlari, aka-uka, opa-singil hamda farzandlarining ko‘plari haqida gapirar ekan, ularni vabo, zotiljam yoki tug‘ruq paytida “shahid” bo‘lganini xotirlaydi.
Ahmad Temur Asyutda, o‘zlarini Suyutiy avlodidan ekanini da’vo qiluvchi va al-Jaloliy nisbasini olib yurgan odamlar borligini qayd etadi. Biroq, olimlarning bu borada bildirgan e’tirozlarini inobatga olgan holda, ular Asyutdagi Jaloliddin Suyutiy masjidida xizmat qilgan kishilarning avlodlari bo‘lishi mumkinligi haqidagi mulohaza haqiqatga yaqin deyish mumkin. Bu da’vo mantiqli, sababi Suyutiy avlodlarining keyinchalik otamakon Asyutga qaytishgani mantiqqa muvofiq emas.
Abdulhay Xushvaqtov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.