Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Oktabr, 2025   |   21 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:14
Quyosh
06:32
Peshin
12:14
Asr
16:02
Shom
17:49
Xufton
19:01
Bismillah
13 Oktabr, 2025, 21 Rabi`us soni, 1447
Maqolalar

Gunoh sodir etgan mo‘min haqidagi qarashlar

21.11.2024   8427   10 min.
Gunoh sodir etgan mo‘min haqidagi qarashlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Gunoh sababli kufrga hukm qilmaslik bayoni

45 - وَلاَ يُقْضَى بِكُفْرٍ وَارْتِدَادٍ بِعَهْرٍ اَوْ بِقَتْلٍ وَاخْتِزَالِ


Ma’nolar tarjimasi: Zino yo qatl va bosqinchilik tufayli kufrga ham murtadlikka ham hukm qilinmaydi.


Nazmiy bayoni:

Zino, qatl, bosqin bo‘lsa ham sabab,

Kufrga mahkummas, deyilmas murtad.


Lug‘atlar izohi:

وَ – mutlaq jamlash uchun kelgan atf harfi.

لاَ – nafiy harfi.

يُقْضَى – muzori’ majhul fe’li. Noib foili taqdiriy اَحَدٍ  عَلَى dir. قَضَاءٌ kalimasi “hukm qilish”, “ikki taraf orasini ajrim qilish” ma’nolarida ishlatiladi.  

بِ – “ilsoq” (yopishtirmoq) ma’nosida kelgan jor harfi.

كُفْرٍ – jor majrur يُقْضَى ga mutaalliq. Kufr kalimasi lug‘atda “bekitmoq” ma’nosini anglatadi.  

ارْتِدَادٍ – lug‘atda “orqaga qaytish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa Islom dinidan qaytish tushuniladi. 

بِعَهْر – jor harfi “sababiya” ma’nosida kelgan. Jor majrur يُقْضَى لاَ fe’liga mutaalliq. “Ahr” lug‘atda “buzuqlik”, “fohishalik” ma’nolariga to‘g‘ri keladi.

اَوْ – tanlash imkonini qoldirish ma’nosidagi atf harfi.

بِبِقَتْلٍ “sababiya” ma’nosida kelgan jor harfi. “Ruhning tanadan chiqib ketishiga sabab bo‘ladigan ishni qilish qatl deb ataladi”. 

اخْتِزَالِ – bu masdar biror narsadan kesib olishga nisbatan ishlatiladi. Bu yerda birovning molidan nohaq o‘zlashtirib olish ma’nosi ko‘zda tutilgan. 


Matn sharhi:

Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra, zino, qotillik yoki qaroqchilik kabi gunohlar eng katta gunohi kabiralar hisoblansa-da, bular sababli kufrga hukm etilmaydi. Adashgan toifalar esa bularga zid bo‘lgan qarashlarni ilgari surganlar. 

 

Gunoh sodir etgan mo‘min kishi haqidagi qarashlar

Gunohi kabira sababli kufrga hukm etilmasligining dalillarini o‘rganishdan oldin gunohi kabiralar to‘g‘risidagi qarashlarning farqlari ajratib olinsa, ushbu masalani tushunish oson bo‘ladi. Bu masalada Ahli sunna val-jamoa va adashgan firqalar orasida quyidagicha farqlar bo‘lgan:

Gunohi kabira tufayli banda iymondan chiqadimi?

Ahli sunna – iymondan chiqmaydi;

Mo‘aziliylar – iymondan chiqadi, kufrga kirmaydi;

Xavorijlar – iymondan chiqib, kufrga kiradi;

Murjialar – kofirga toat naf bermaganidek mo‘minga gunoh zarar bermaydi.

Aslida birovni kofirga chiqarish yoki biror musulmonni dinidan qaytib murtad bo‘lganiga hukm qilish nihoyat darajada xatarli ishlardan hisoblanadi. Chunki haqiqatdan kofir bo‘lgan kimsalarga qattiq tahdidlar kelgan:

وَالَّذِينَ كَفَرُوا لَهُمْ نَارُ جَهَنَّمَ لَا يُقْضَىٰ عَلَيْهِمْ فَيَمُوتُوا وَلَا يُخَفَّفُ عَنْهُمْ مِنْ عَذَابِهَا ۚ كَذَٰلِكَ نَجْزِي كُلَّ كَفُورٍ

“Kofir bo‘lgan kimsalarga esa, shunday jahannam o‘ti bordirki, na ularga hukm qilinib, o‘la olurlar va na ulardan (jahannam) azobi yengillatilur. Har bir kofirni mana shunday jazolarmiz”[1]

“Takfir” masalasi haqida Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh quyidagilarni yozgan: “Ba’zi adashgan firqalar Qur’on va sunnatga to‘g‘ri kelmaydigan qarashlari sababli kishilarni shahodat kalimalarini aytayotgan bo‘lsalar-da, Islom arkonlarini ado etayotgan bo‘lsalar-da kofirga chiqarishga uringanlar. Boshqa ba’zi firqalar esa yuqoridagilardan mutlaqo teskari yo‘l tutishib, shahodat kalimalarini talaffuz qilganlarni biror holatda ham kufrga chiqarib bo‘lmaydi, deb hisoblashgan. Ahli sunna val-jamoadagilar esa kufrga chiqarishni mutlaqo inkor ham qilmaydilar va har bir gunoh tufayli kufrga ham hukm qilmaydilar, balki ahli qibla to‘g‘risida doimo yaxshi fikrda bo‘ladilar”[2]

 Ahli sunna val-jamoaning mazkur masala to‘g‘risidagi qarashlari haqida “Aqidatut Tahoviy” kitobida quyidagilar yozilgan: “Qiblamiz ahlini modomiki Nabiy sollallohu alayhi vasallam keltirgan narsani e’tirof etar ekanlar mo‘min musulmon deb ataymiz... banda iymondan o‘zini unga kiritgan narsani inkor qilishi bilangina chiqadi”.  

Ya’ni musulmon kishi ikki shahodat kalimasini talaffuz qilib ma’nolariga e’tiqod qilish bilan Islomga kirsa, ularning ma’nolarini inkor qilish bilan undan chiqib ketadi.   

 

Gunoh tufayli kufrga hukm etmaslikning dalillari

Gunohi kabiralarni sodir etganlar qattiq gunohkor bo‘lsalar-da, lekin kofir sanalmasliklariga  oyatlarda ham, hadislarda ham  Alloh amriga osiy bo‘lgan bandani mo‘min deb atalgani eng katta dalildir:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى

“Ey iymon keltirganlar! Sizlarga o‘ldirilgan kishilar uchun qasos (olish) farz qilindi”[3].

Boshqa bir oyatda esa bunday deyilgan:

وَإِن طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا فَأَصْلِحُوا بَيْنَهُمَا

“Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urushib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh etingiz!”[4].

Ushbu oyati karimalarda katta gunohlarni sodir etgan kimsalar mo‘min deb atalgan. Bu esa gunohi kabira sababli mo‘min kishining dindan chiqib ketmasligini anglatadi. Qolaversa, gunohi kabira qilganlar dindan chiqib kofir bo‘lganlarida qasos olish, o‘g‘rining qo‘lini kesish, zinokorning turmush qurgani yo qurmaganiga qarab ma’lum jazo berish kabi shar’iy jazolarga hojat qolmasdi. Balki ularga umumiy qilib  dindan chiqib murtad bo‘lgan kimsalarga beriladigan jazo joriy qilingan bo‘lar edi. Shu ma’noda mazkur shar’iy jazolar tayin qilinganining o‘zi ham mo‘min kishining gunoh sababli iymondan chiqib ketmasligiga yorqin dalildir.     

Mashhur vatandoshimiz Umar Nasafiy rahmatullohi alayh mazkur masala to‘g‘risida quyidagilarni yozgan:

اَلْكَبِيرَةُ لاَ تُخْرِجُ الْعَبْدَ الْمُؤْمِنَ مِنَ الاِيْمَانِ وَلَا تُدْخِلُهُ فِى الْكُفْرِ وَاللَّهُ تَعَالَى لاَ يَغْفِرُ اَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنَ الصَّغَائِرِ وَالْكَبَائِرِ وَيَجُوزُ الْعِقَابُ عَلَى الصَّغِيرَةِ وَالْعَفْوُ عَنِ الْكَبِيرَةِ اِذَا لَمْ يَكُنْ عَنِ اسْتِهْلاَلٍ وَ الاِسْتِهْلاَلُ كُفْرٌ وَ الشَّفَاعَةُ ثَابِتَةٌ لِلرُّسُلِ وَالاَخْيَارِ فِى حَقِّ اَهْلِ الْكَبَائِرِ بِالْمُسْتَفِيضِ مِنَ الاَخْبَارِ وَاَهْلُ الْكَبَائِرِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ لاَ يُخَلَّدُونَ فِى النَّارِ.

“Katta gunohlar mo‘min bandani iymondan ham chiqarmaydi, kufrga ham kirgizmaydi. Alloh taolo O‘ziga shirk keltirishni kechirmaydi, undan boshqa kichik va katta gunohlarni esa xohlagan kimsadan kechiradi. Kichik gunohga jazo berishi ham, agar halol hisoblashdan bo‘lmasa, katta gunohni afv qilishi ham mumkin. Halol sanash kufrdir. Payg‘ambarlar va solih bandalarning katta gunoh ahllari to‘g‘risidagi shafoatlari ko‘plab xabarlar bilan sobitdir. Gunohi kabira sodir etgan mo‘minlar do‘zaxda abadiy qoldirilmaydilar”.        

Mulla Ali Qori gunoh tufayli kufrga hukm qilmaslik to‘g‘risida quyidagi iqtibosni keltirgan: “Insonlar ikki xil bo‘ladilar:

1. Mo‘min odamlar;

2. Kofir odamlar. 

Kofir odamlar bilittifoq  do‘zaxda bo‘ladi. Mo‘min odamlarning o‘zlari ham  ikki qismga bo‘linadi:

1. Itoatkor odamlar;

2. Osiy odamlar.

Itoatkor odamlar bilittifoq jannatda bo‘ladilar. Osiy odamlar ham ikki qismga bo‘linadi:

1. Tavba qiluvchi odamlar;

2. Tavbani tark etgan odamlar.

Tavba qiluvchi odamlar bilittifoq jannatda bo‘ladilar, tavbani tark etgan odamlar esa Alloh taoloning xohishida bo‘ladilar”[5]

Ammo mazkur gunohlarning kufr yo kufr emasligi to‘g‘risida  bahs-munozara bo‘lishining o‘zi ham ularning naqadar xatarli ekaniga dalolat qiladi.  Ushbularga o‘xshash man etilgan ishlardan saqlangan bandalarning kichik gunohlari kechirilishi va’da qilingan:

إِن تَجْتَنِبُواْ كَبَآئِرَ مَا تُنْهَوْنَ عَنْهُ نُكَفِّرْ عَنكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَنُدْخِلْكُم مُّدْخَلاً كَرِيمًا

“Agar sizlar man etilgan gunohlarning kattalaridan saqlansangiz, kichik gunohlaringizni sizlardan o‘chirurmiz va sizlarni  rohatbaxsh manzil (jannat)ga kiriturmiz”[6].    

 Ya’ni bandalar katta gunohlardan saqlansalar, kichik gunohlari ham o‘chirilib jannatga kiritiladilar. Katta gunohlardan saqlanish uchun esa, avvalo ularni yaxshi bilib olish lozim.

Gunohlarning turlari

Gunohlar ikki turga bo‘linadi.

1. Gunohi kabiralar; 

2. Gunohi sag‘iralar.

Alloma Taftazoniy rahmatullohi alayh “Sharhu aqoid” kitobida quyidagilarni yozgan: “Ibn Abbos roziyallohu anhumo kabira va sag‘ira gunohlarga shunday ta’rif bergan: “Had tayin qilingan yoki do‘zax bilan, yo la’nat aytilishi bilan, yo g‘azab qilinishi bilan tahdid qilingan har bir gunoh gunohi kabiradir. Dunyoda had tayin qilinmagan, oxiratda qo‘rqituv bilan ogohlantirish berilmagan har bir gunoh sag‘ira gunohdir”.

Hadisi shariflarda ba’zi gunoh ishlar halokatga olib boruvchi eng katta gunohi kabira bo‘lgani sababli kufr deb nomlangan.

عَنْ ابْنِ مَسْعُودٍ قَالَ: قَالَ رسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ سِبَابُ الْمُسْلِمِ فُسُوقٌ وَقِتالُهُ كُفْرٌ.  مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonni haqorat qilish axloqsizlikdir, u bilan urishish kufrdir”, – dedilar”. Muttafaqun alayh.

Sharh: Musulmon bilan urushishning kufr deb atalishi bu ishning kishini iymondan chiqarib yuboradigan kufr bo‘lmasa-da, eng katta gunohlardan ekanini bildiradi.

 

Keyingi mavzular:

Dindan chiqishni niyat qilgan kimsa bayoni;
Beparvolikning ayanchli oqibati.

 

[1] Fotir surasi, 36-oyat.

[2] Mulla Ali Qori. Sharhu imom Ali Qori ala kitab alfozil kufr. “Dorul Fazila”, 2002. – B. 16.

[3] Baqara surasi, 178-oyat.

[4] Hujurot surasi, 9-oyat.

[5] Mulla Ali Qori. Zov’ul maoliy. – Istanbul: “Dor Saodat”, 1962.  – B. 128.

[6] Niso surasi, 31-oyat.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fitnakorlik – jamiyat dushmani

13.10.2025   1087   3 min.
Fitnakorlik – jamiyat dushmani

Dinimiz insonlar o‘rtasida tinchlik, totuvlik va birodarlikni asosiy qadriyatlardan deb ta’lim beradi. Ammo ba’zi kimsalar borki, ular xudbinlik, hasadgo‘ylik, va g‘arazgo‘ylik singari xastaliklar ta’sirida insonlar orasida fitna tarqatadi. Ushbu razil odat "fitnakorlik" deb ataladi va u jamiyatning parokandaligiga, begunoh insonlarning qoni to‘kilishga va Allohning g‘azabiga sabab bo‘ladi.
Binobarin, Qur’oni karimda va hadisi sharifda fitnaning zarari juda qattiq ta’kidlangan. Jumladan, Alloh taolo Baqara surasining 191-oyatida: “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, deb uning yomonligini xabar qilgan. Ya’ni fitnaning jamiyatga yetkazadigan zarari hatto odam o‘ldirishdan ham yomonroq bo‘lishi mumkin.
Fitnakor kimsa boshqalarni bir-biriga qarshi qo‘yish, yolg‘on gap tarqatish, odamlar qalbiga shubha urug‘ini ekish yoki gapni chuvalashtirib boshqalarning munosabatlariga putur yetkazish bilan shug‘ullanadi. Uning gaplari to‘g‘ridek tuyilsa-da, aslida maqsadi yomon. Bunday kimsa boshqalarning tinchini buzadi, odamlar o‘rtasiga rahna soladi, jamiyatda norozilik urug‘ini ekadi.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bomdod namozidan to shom namoziga qadar vaqt ichida bo‘lib o‘tgan va bo‘ladigan barcha fitnalardan ogohlantirgan ekanlar.
Fitnakorlik ildiz otgan jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi; oilalar parokanda bo‘ladi; eru xotin, aka-uka, dugona yoki do‘st o‘rtasida adovat paydo bo‘ladi; yurtda beqarorlik yuzaga keladi; Alloh asrasin, agar fitna siyosiy, ijtimoiy yoki diniy darajada bo‘lsa, butun mamlakat tinchligiga tahdid soladi; fitnakor kimsa Allohning la’nati va azobiga duchor bo‘ladi. Chunki fitna tarqatish  bu – nafaqat insonlarga, balki dini mubiynimizga ham  qarshi jinoyatdir.
Shunday ekan, har bir mo‘min kishi fitnakorlikdan qochishi lozim. Buning uchun tilini ehtiyot qilib, bekorchi gap-so‘zlardan saqlanishi, behuda muhokamalarga aralashmasligi; eshitgan gapini rost yoki yolg‘onligini bilmasdan turib tarqatmasligi; odamlarning orqasidan gapirmasligi, adolatli va niyatini xolis qilishi; duogo‘y bo‘lib yoshu qariga ezgu niyatli bo‘lishi kerak.
Xullas, fitnakorlik – har qanday jamiyatni yemiruvchi xatarli illatlardan biridir. Bu illatdan qochish, uning oldini olish har bir musulmonning burchi hisoblanadi. Chunki fitna bo‘lgan joyda baraka, tinchlik va do‘stlik bo‘lmaydi. Demak, biz o‘zimizdan boshlab fitnadan saqlanishimiz, boshqalarni ham undan ogohlantirib, jamiyatimizni sog‘lom va birodarlik asosida qurishga hissa qo‘shishimiz zarur.
Darhaqiqat, Rabbimiz fitnaga aralshganlarning azobi qattiq bo‘lishini aytib, bandalarini quyidagicha ogohlantirib qo‘ygan: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir” (Anfol surasi, 25-oyat).


Mansurxon O‘ROLOV,
“No‘g‘ayqo‘rg‘on” jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA