Unutmangki, Alloh taolo O‘ziga yuzlanishingiz uchun sizni turli musibatlar bilan sinaydi. Ba’zan Allohdan imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishni yoki soliha juft halol yo yana boshqa narsalarni so‘rab oy va yillar davomida duo qilasiz. Ammo duoingiz ijobat bo‘lmayotganidan tashvishga tusha boshlaysiz.
“Nega Alloh duolarimni qabul qilmayapti?” degan savollar hayolingizda tinmay aylanadi. Ammo Alloh sizga qancha ne’matlarini tayyorlab qo‘yganini bilmaysiz! Siz banda ekaningizni e’tirof etib, noumid bo‘lmay Allohdan qancha ko‘p so‘rasangiz, qalbingiz shuncha yumshaydi. Tobora Allohga muhtoj ekaningizni tushunasiz. Aslida, har bir olgan va chiqargan nafasimiz Allohning bizga bergan cheksiz ne’matidir.
Allohning yuborgan sinovlari sababli banda ojizligini anglash bilan birga, Allohdan boshqa hech kim unga yordam bermasligini tushunib yetadi. Bu bandaning iymonini yanada mustahkamlaydi.
Agar Sizdan “Allohga eng yaqin bo‘lgan vaqtiniz qachon bo‘lgan?” deb so‘rasalar siz “Oila qurganimda”, “farzandli bo‘lganimda” yoki “yangi ishga kirganimda” deb aytmaysiz. Balki hayotingizning eng qiyin lahzalarini, qiyinchilikka duch kelganingizda vaziyatdan qanday chiqishni bilmay qolganingizni, farzandingiz kasal bo‘lganda, onangizdan ayrilganingizda Allohga yanada yaqin bo‘lganingizni eslaysiz.
Siz hayotingizning ana shunday eng mushkul vaziyatlarida Allohga har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq yolvorib duo qilgansiz.
Nega? Chunki faqat Alloh sizni bu qiyinchiliklardan qutqarishi mumkinligini bilgansiz. Allohdan boshqa hech kim yordam bera olmasligini anglab yetgansiz.
Ha, ayrim bandalar turli sinov-musibatlar sababli Allohga yuzlanadi, Robbiga qaytadi.
Yana ba’zi bandalarning esa Alloh taologa qaytishiga gunoh amallar sabab bo‘ladi. Bu haqda Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayhi bunday deydilar: “Gohida U Zot senga toat eshigini ochadi va qabul eshigini ochmaydi. Gohida senga gunohni taqdir qiladi va u (U Zotga) yetishishga sabab bo‘ladi”.
Ulamolardan biri aytadi: “Banda gunoh sababli jannatga kirishi va savob ish tufayli jahannamga tushishi mumkin”, dedi. Odamlar taajjublanib: “Qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin?” deb so‘rashdi. Olim ularga: “Banda ba’zan gunohga qo‘l uradi, keyin o‘ziga kelib, qilgan gunohiga qattiq afsuslanadi, tinmay afsus-nadomat chekadi. Oxir oqibat unda o‘zini past olish, siniqlik va nadomat paydo bo‘ladi. Avvalgidan ko‘ra toat-ibodatga ko‘proq urinadi, ixlos qiladi. Natijada bu gunohi uning jannat sari harakat qilishiga sabab bo‘ladi. Yana boshqa banda bir yaxshilik qilib, kibrga, ujbga, maqtanishga, odamlardan maqtov eshitishga beriladi. Aynan shu hol uning halokatiga, do‘zaxga sari yetaklaydi”.
Davron NURMUHAMMAD
Yurtimizda hayit bayramlari qadimdan o‘zgacha shukuh, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ramazon va Qurbon hayitini keng miqyosda nishonlanishi va dam olish kuni deb e’lon qilinishi muqaddas dinimizga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tiborning natijasidir.
Qurbon hayiti – musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri hisoblanib, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi. Bu muborak kunlarda Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari uzra yog‘iladi. Qurbon hayiti haj ibodatlari tamom bo‘lganligi munosabati bilan hamda Alloh yo‘lida qurbonlik qilish pallasi bo‘lgan ayyomdir. Qurbon hayiti namozi o‘qilgach, imkoni bor insonlar qurbonlik qilishlari vojib amallardandir.
Qur’oni Karimning “Kavsar” surasida: “Bas, Robbingiz uchun namoz o‘qing va (tuya) so‘yib, qurbonlik qiling”- deyiladi. (Kavsar surasi, 2-oyat).
Qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ" (رواه الإمام البخاري).
ya’ni: “Darhaqiqat, bugungi kunda ishimizni avval iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib, qurbonlik bilan boshlashimiz kerak. Kimki, shularni bajarsa, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim, hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Aytish joizki, hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish – vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va garchi bir yil aylanmagan zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlikni Zulhijja oyining o‘n, o‘n bir va o‘n ikkinchi kunning (ya’ni, hayitning birinchi, ikkinchi va uchinchi kunning) Shom namozi vaqti kirgunigacha amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qurbon hayiti kuni musulmonlar bir-birlarini qutlab, so‘yilgan qurbonliklarini o‘zaro baham ko‘radilar, bu esa albatta, mehr-muruvvat va saxovat hislarini yana-da orttiradi.
Qur’oni karimda bu haqda: “Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan ehson qilib bermaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Har qanday narsani infoq qilsangiz, albatta Alloh uni bilur”. (Oli Imron surasi, 92-oyat)
Insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli va saxovatli bo‘lishlari haqida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “To mo‘min bo‘lmaguningizgacha jannatga kirolmaysizlar, to bir-birlaringizga mehr-muruvvatli bo‘lmaguningizgacha komil mo‘min bo‘la olmaysizlar”. (Imom Muslim rivoyati)
Mazkur oyat va hadislar barchamizni o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqiradi. Avvalo mehribon ota-onalarimiz hamda yoshi ulug‘ yaqinlarimizni Hayit ayyomi bilan tabriklab duolarini olib, so‘ngra farzandlarimizni ham ko‘ngillarini shod qilishimiz fazilatlidir.
Qurbon hayiti kunlarida biz e’tibor beradigan yana bir jihat – mehrga tashna insonlarga bayram shodligini va yaxshi kayfiyat ulashishdir. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi, bayram arafasida kam ta’minlangan va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinadi.
Ming afsuslar bo‘lsinki, “guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek” hayit kunlari bir qator bid’atlar ko‘zga ko‘rinadi, xususan, yaqinlari vafot etgan xondonlarda dasturxon tuzalib “yangi hayit” marosimini o‘tkazish, nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tgan xonadonlarda “hayit yo‘qlovi” kabi isrofgarlik amallarini haligacha davom ettirayotgan ayrim insonlar topiladi. Ularga hayit kunlarini qanday o‘tkazish borasida tushuntirishlar olib borish bizning zimmamizdagi vazifalardan biridir.
Qurbon hayiti - ulug‘ bayramdir. Bu kunlarda yana ham mehribon va muruvvatli bo‘lib, yetimlar boshini silab, yoshi ulug‘lar, kasalmandu muhtojlardan xabar olinadi, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kiramiz. Bu kunda gina-kudratlarni unutib, kechirimli bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir.
Bu yil ham Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida alohida tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Masjidlar, diniy markaz va xonadonlarda maxsus tadbirlar o‘tkazildi. Har yili bo‘lgani kabi, bu yil ham yurtimizda katta shodlik va farah bilan kutib olinadigan ushbu kun, xalqimizning birligi, mehr-oqibati va bag‘rikengligining yana bir bor yorqin ifodasi bo‘ldi.
Alloh taolodan so‘raymizki, Qurbon hayiti yurtimizda tinchlik va farovonlikda xayru barakali o‘tsin!
Abduqahhor domla Yunusov,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi