Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Qur’oni karim oyatlari va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislari asosida musulmon ummati ota-onaga oq bo‘lish katta gunohlarning kattasi ekaniga ittifoq qilgan. Bu borada hech qanday ixtilof yo‘q. Kelgusi satrlarda bu borada kelgan ba’zi hadisi sharif va rivoyatlar bilan yaqindan tanishib, bu mavzuni ilmiy asosda va batafsil o‘rganishga harakat qilamiz.
عَنِ الشَّعْبِيِّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «أَلَا أُنَبِّئُكُمْ بِأَكْبَرِ الْكَبَائِرِ: الْإِشْرَاكُ باِللهِ، وَعُقُوقُ الْوَالِدَيْنِ، وَالْيَمِينُ الْغَمُوسُ».
Sha’biydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarga gunohi kabiralarning eng kattasining xabarini beraymi? Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish va yolg‘on qasam ichish», dedilar».
Sharh: Ushbu hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam katta gunohlarning eng kattalaridan uchtasi haqida xabar bermoqdalar.
Allohga shirk keltirish – Allohning xotini bor, o‘g‘li bor, sherigi bor, degan buzuq aqiydaga e’tiqod qilish dunyodagi eng katta gunoh hisoblanadi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shirkdan boshqa gunohning hammasini kechishini va’da bergan. Lekin shirkni kechirmasligini alohida ta’kidlab qo‘ygan.
Ana shunday ulug‘, katta, beqiyos gunohdan keyingi o‘rinda turadigan gunoh ota-onaga oq bo‘lish ekan. Ota-onaning nazaridan qolish, duoyi badiga qolish, ularning noroziligiga duchor bo‘lish ana shunday og‘ir narsa.
Shu bilan birga, bir narsaning yolg‘onligini bilib turib, qasam ichib, o‘zining foydasiga burib ketish ham eng katta gunohlardan bittasi hisoblanar ekan. Alloh taolo bulardan O‘zi asrasin.
عَنِ الْحَسَنِ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَا تَقُولُونَ فِي الزِّنَا وَالسَّرِقَةِ وَشُرْبِ الْخَمْرِ؟» قَالُوا: اللهُ وَرَسُولُهُ أَعْلَمُ. قَالَ: «هُنَّ فَوَاحِشُ، وَفِيهِنَّ عُقُوبَاتٌ، أَلَا أُنَبِّئُكُمْ بِأَكْبَرِ الْكَبَائِرِ؟» قَالُوا: وَمَا هُنَّ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَالَ: «الْإِشْرَاكُ بِاللهِ، وَعُقُوقُ الْوَالِدَيْنِ، أَلَا وَقَوْلَ الزُّورِ».
Hasandan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Zino, o‘g‘irlik va aroqxo‘rlik haqida nima deysizlar?» dedilar. «Alloh va Uning Rasuli bilguvchi», deyishdi.
«O‘shalar fahsh ishlardir. Ularning uqubati bor. Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattasini aytib beraymi?» dedilar. «Ular nima, ey Allohning Rasuli?» deyishdi. «Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish va bilib qo‘yinglar, yolg‘on gap», dedilar».
Sharh: Demak, ota-onaga oq bo‘lish zino, o‘g‘irlik, aroqxo‘rlikdan ham kattaroq gunoh hisoblanar ekan. Ularning bu dunyodagi uqubatlari belgilab qo‘yilgan. Zino qilsa, toshbo‘ron yoki darra urish bilan jazolanadi. O‘g‘irlik bo‘lsa, qo‘lini kesish yoki ta’zirini berish yo‘lga qo‘yiladi. Xamr ichib qo‘lga tushganga ham darra urish bor.
Lekin Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish va yolg‘on gapdan iborat uchta gunohlarning uqubati bu dunyoda belgilanmagan bo‘lib, azobi oxiratga qoladigan narsalar ekan. Shuning uchun ular juda dahshatli gunohlar hisoblanadi. Shunday ekan, har bir mo‘min banda bu gunohlardan hazir bo‘lishi matlubdir.
عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ قَالَ: إِنَّ مِنْ أَكْبَرِ الْكَبَائِرِ الْإِشْرَاكُ بِاللهِ، وَعُقُوقُ الْوَالِدَيْنِ، وَالْيَمِينُ الْغَمُوسُ.
Ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: «Gunohi kabiralarning eng kattasi: Allohga shirk keltirish, ota-onasiga oq bo‘lish va yolg‘ondan qasam ichishdir».
Sharh: Albatta, bu gapni Ibn Mas’ud roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan bo‘ladilar. Buni avval o‘tgan rivoyatlar ham ko‘rsatib turibdi.
Allohga shirk keltirish, ota-onasiga oq bo‘lish va yolg‘ondan qasam ichish gunohlari odatda ma’naviy jinoyatlar sifatida sodir bo‘ladi. Ko‘pincha ular gunohkorning o‘zi bilgan holda, boshqalardan yashirin qoladi. Shuning uchun ularni sodir etganlarga shariatda ma’lum moddiy jazo belgilanmagan. Demak, bu jinoyatlarning jazosi butunlayicha oxiratga qolib ketishi xavfi bor. Oxiratning azobidan esa Alloh taoloning O‘zi asrasin.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.
Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan V yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, tarixiy natija qayd etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi O‘zbekistonga qaytib keldi.
Delegatsiya a’zolari "Humo" Toshkent xalqaro aeroportida rasmiylar tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.
Poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida V yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilar va ularning murabbiylarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbir avvalida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining V yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi a’zolariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng davlatimiz madhiyasi ijro etildi va rasmiylar tomonidan sportchilar va murabbiylar erishilgan ulkan g‘alaba bilan samimiy tabriklanib, ularning jasorati, matonati va fidoyiligi yuksak e’tirof etildi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston terma jamoasi ushbu nufuzli musobaqada 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, 35 ta davlat orasida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.
Mazkur g‘alaba Yangi O‘zbekiston yoshlarining salohiyati, irodasi va xalqaro sport maydonidagi nufuzini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati