Yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, ta’lim, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat, millatlar o‘rtasidagi do‘stlik va bag‘rikenglik tamoyillari o‘zining yangi tarixiy sahifalarini ochdi. Yaqin qo‘shni davlatlar bilan oliy va yuqori darajadagi aloqalarimiz sezilarli darajada faollashdi.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining sessiyalarida hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasida nutq so‘zlab, muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Prezidentimizning muhim taklifi asosida 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Shuni alohida ta’kidlsh lozimki, mazkur rezolyutsiyani Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi 50 dan ortiq mamlakatlar yakdil qo‘llab-quvvatlashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 2023 yil 19 sentyabrdagi 78-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari asosida joriy yil 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya yuqori saviyada o‘tkazildi.
Unda dunyoning 22 ta mamlakatidan 70 dan ortiq xorijiy mehmonlar – ulamolar, muftiylar, islomshunos olimlar, xalqaro tashkilotlarning vakillari hamda yurtimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus rahbarlari ishtirok etdi.
Ushbu tadbir yakuni bo‘yicha musulmon mamlakatlarining olim va mutaxassislari ishtirokida ekstremizm, radikalizm va terrorizmga qarshi kurash samaradorligini yanada oshirish, ilmiy raddiyalar berish metodologiyasini takomillashtirish masalalari bo‘yicha Xiva deklaratsiyasi qabul qilindi.
Joriy yilning 16 noyabr kuni esa poytaxtimizda “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida Din ishlari qo‘mitasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Undan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda tinchlik, osoyishtalik omillaridan biri bo‘lgan diniy bag‘rikenglik, dinlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlikni yanada mustahkamlash borasidagi ishlarni o‘rganish, istiqboldagi vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Xalqaro anjumanda AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya, Malayziya, Portugaliya, Armaniston, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston kabi davlatlardan mutaxassislar, YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, dinshunos ekspertlar, islomshunoslar, milliy madaniy markazlar, turli diniy konfessiya vakillari, shuningdek, jamoat tashkilotlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari qatnashdi.
Anjumanning xorijiy ishtirokchilari bugungi tahlikali zamonda O‘zbekistondagi dinlararo va millatlararo totuvlik hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar xorijiy davlatlar uchun o‘rnak bo‘layotgani, bu islohotlar va tashabbuslar boshida O‘zbekiston Prezidenti turganini yuqori baholadilar. Quyida diniy konfessiya rahbarlari va dinshunos mutaxassislarning anjuman haqidagi taassurotlarini keltiramiz:
Mustafa DЕMIRJI, Turkiyaning Saljuq universiteti Saljuq tadqiqotlari instituti mudiri, professor:
– Mazkur konferensiya O‘zbekistondagi 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillarini bir maqsad yo‘lida birlashtirdi, deb aytish mumkin.
Ushbu nufuzli anjuman orqali turli millat vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik borasida olib borilayotgan islohotlardan mamnun ekanliklarini izhor qilmoqdalar.
Tarixan ushbu makon Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan, turli millat va xalqlar bir yerda jamlangan yurt hisoblanadi. Bu esa o‘lkaning sivilizatsiyalar tutashgan manziliga aylantirgan. Bunday yurt dunyoning boshqa joyida topilmaydi.
Sergey KRЕTOV, Novoapostol cherkovi Markaziy Osiyo okrugi rahbari:
– Hozirda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari istiqomat qiladigan multikonfessional O‘zbekiston jamiyatida bag‘rikenglikni targ‘ib qilish yurt rivojining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Biz O‘zbekistonda dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashning o‘ziga xos modeli shakllanganining guvohi bo‘ldik. Uning o‘ziga xos jihati shundaki, har bir din vakiliga teng huquq va erkinlik berilgani va emin-erkin ibodatlarini amalga oshirishga sharoit yaratilganidir.
Shuni aytish muhimki, keyingi yillarda yangi O‘zbekistonda dinlararo muloqot sohasida ko‘plab ijobiy islohotlar amalga oshirilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz va bu bizni mamnun qiladi. Bugungi o‘tkazilayotgan konferensiya ham fikrimizning yaqqol misoli bo‘ladi.
Yepiskop Xose Luis Mumbiyela SЕRRA, Markaziy Osiyo katolik yepiskoplari konferensiyasi raisi, Qozog‘iston:
– O‘zbekistonga avval ham bir necha bor kelganman. Bu yerda turli din va millat vakillarining hamjihatlikda o‘zaro tinch-totuv hayot kechirayotgani, umuman, diniy bag‘rikenglikning yuksak madaniyati shakllangani meni g‘oyatda hayratlantiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bugun mamlakatingizning tez sur’atlar bilan rivojlanib, xalqaro miqyosdagi nufuzi tobora yuksalib borishida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik muhiti muhim rol o‘ynamoqda.
Bugungi turli nizolar kuzatilayotgan vaziyatda turli millat, din vakillarini bir joyga jamlab, tinchlik, farovonlikni ko‘zda tutgan mushtarak maqsadlar ilgari surilayotgani juda katta jasorat va dunyo hamjamiyatiga namunadir.
Mitropolit VIKЕNTIY, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha odamlar tinchlik va hamjihatlikda yashashlarini ta’minlashini qo‘llab-quvvatlab, targ‘ib qilib kelmoqda. Bu esa diniy bag‘rikenglikning muvaffaqiyat kalitidir.
Keyingi yillarda O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga tobora ochilib bormoqda. Turli millatlar o‘rtasida ezgulik, tinchlik va totuvlik, bag‘rikenglik va do‘stlik siyosatini tarannum etayotgan mamlakat sifatida dunyoda tan olinmoqda. Ushbu konferensiya esa diniy bag‘rikenglikning o‘zbekona modeli sifatida e’tirof etilmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining tinchlik va hamjihatlik tashabbusini barchamiz qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Shunday ekan, bugungi bayram bilan barchani tabriklayman. Bunday quvonchli kunlar har doim hamrohimiz bo‘lsin.
Vladimir PROVOROV, Rossiya Yevangel-Lyuteran cherkovi arxiyepiskopi:
– O‘ylaymanki, mazkur konferensiya O‘zbekistondagi turli millat va elat vakillarining tinch-totuv, umumjamiyat rivoji yo‘lidagi sa’y-harakatlariga hamohangdir.
O‘zbekiston Prezidentining millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan siyosati mamlakatdagi turli millat vakillarini bir maqsad sari birlashtirmoqda. Bu yangi O‘zbekistonning insonparvarlik islohotlaridan biri sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda.
Abd Rahman Mohd ROSMIZI, Malayziya Islom ilmlari universiteti professori:
– “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” mavzusidagi konferensiya sabab O‘zbekistonda bo‘lganimdan juda ham mamnunman. Fursatdan foydalanib, ushbu nufuzli anjuman tashkilotchisi va tashabbuskori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga minnatdorlik bildirib qolaman. Bu kabi tadbirlarning bardavom bo‘layotgani juda quvonarlidir. Zero, yaxshi bilamizki, islom dini ta’limotiga ko‘ra, Alloh taolo insonlarni turli xalq va millatlarga bo‘lib yaratgan va ularning asosiy maqsadi yer yuzida hamjihatlikda va hamkorlikda yashashdan iborat.
Biroq bugun yer yuzining ayrim hududlarida sodir bo‘layotgan nizolar, to‘qnashuvlar tinchlik-totuvlikning qadrini yanada oshirmoqda. Shu nuqtayi nazardan bugungi konferensiya dolzarb ahamiyatga ega.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yurtingizdagi diniy konfessiya vakillarining faoliyatini o‘rganish, tahlil etish, O‘zbekistonning bag‘rikenglik siyosatini jahon hamjamiyatiga namuna sifatida ko‘rsatish anjuman qatnashchilarining muhim maqsadi bo‘lishi kerak. O‘z yurtimizga qaytganimizda ham konferensiyada ko‘tarilgan insonparvarlik, bag‘rikenglik g‘oyalarini yetkazishni ko‘zda tutganmiz.
Sanjit DJXA, MDH Hind forumi raisi, Rossiya Hind Kengashi raisi:
– Bugungi tashkil etilayotgan “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” konferensiyasini o‘z yo‘nalishiga ko‘ra, dunyoda noyob hodisa deb hisoblayman.
Men bir necha din va millat vakillari yashaydigan davlatlarni bilaman, lekin bugungidek davlat rahbari darajasida e’tibor beriladigan birorta mamlakatni bilmayman.
O‘zim shaxsan Krishna jamiyati vakili hisoblanaman. Qadimgi sanskrit tilida yozilgan hinduiylik dini manbalarida “Bu dunyo unda yashayotgan din va millat vakillaridan qat’iy nazar katta oiladir”. Men aynan O‘zbekistonda bir nechta millat va elatlarning ahil va inoq oiladek yashayotganiga guvoh bo‘ldim. Bunday nufuzli anjumanda ishtirok etayotganimdan g‘oyatda mamnunman.
Faride KAMALOVA, Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti kafedra mudiri:
– Insoniy qadriyatlarga asoslangan dinlararo muloqotning asosiy poydevori bag‘rikenglikdir. Bag‘rikenglik turli fikrlar, e’tiqodlar va madaniyatlarni hurmat qilish sifatida ta’riflanadi hamda ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali jamiyatlarda tinch-totuv yashashning zarur sharti sifatida ko‘riladi.
Modomiki shunday ekan, har bir inson, butun jamiyat o‘zaro munosabatlarni xalqlarning turli-tuman urf-odatlari, madaniyati va qadriyatlarini tan olgan holda bag‘rikenglik asosiga qurishi zarur. Zero, tinch-totuvlik, bag‘rikenglik taraqqiyot garovidir.
Xorijiy ekspert va mutaxassislarning fikrlaridan shunday xulosa qilish mumkinki, O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasida mazkur jabhada “o‘zbek modeli” o‘ziga xos namuna o‘laroq shakllanayotganligi jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda.
Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi kishilarning bir makonda ezgu niyatlar yo‘lida o‘zaro hamkor va hamjihat bo‘lib yashashi, mehnat qilishi bag‘rikenglikning eng yorqin namunasidir. Dunyodagi vaziyat keskin va murakkab bo‘lib borayotgan bugungi kunda yurtimizning tinchligi va ravnaqini ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni qaror toptirish har qachongidan ham muhimdir.
O‘zA
Islom dinida o‘zgalarning mol-mulkini nohaq o‘zlashtirishlik qati’yan taqiqlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat etadi: “Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang. Bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini yeyishingiz uchun hokimlarga gunohkorona tashlamang” [1] (Baqara surasi, 188-oyat).
Imom Qurtubiy rahimahulloh: “Oyatdagi “botil yo‘l bilan yemaslik”ka haromning barcha turlari: qimor, aldamchilik, harom narsalarni sotib mol topishlik, harom kasblarni qilib mol topishlik va boshqalar kiradi” deganlar[2].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham o‘zgalarning boyligiga va mol-mulkiga tajovuz qilishlikdan ko‘p bora qaytarganlar. Hususan o‘zlarining muborak hadislaridan birida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, sizlarga molingiz va qoningiz haromdir”[3].
Musulmon davlatida yashayotgan musulmon bo‘lmagan aholining mol-mulkini muhofaza etishlik o‘sha davlatning zimmasidagi majburiyatlardan hisoblanadi. Bu masala bo‘yicha barcha musulmonlar o‘rtasida yakdillikka erishilgan. Imom Abu Ubayd al-Qosim ibn Sallom, Ibn Zanjavayx, Ibn Sa’ad va Abu Yusuf roziyallohu anhum Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Arabiston yarim oroli janubidagi Najron shahri nasroniylari bilan tuzilgan bitimni keltirib o‘tadilar:
“Albatta, Najroniylar va ularning ittifoqdoshlari Allohning himoyasi va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamning homiyligi ostidadirlar. Ularning mol-mulki, joni, yashash yerlari va dinlari muhofaza etiladi; bu hozir mavjud bo‘lgan va mavjud bo‘lmaganlarni; hamda ularning oila a’zolari, buyumlari va o‘zlari egalik qilib turgan barcha ozmi yoki ko‘pmi mol-mulklarini ham o‘z ichiga oladi[4].
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Abu Ubayda roziyallohu anhu ga va Suriya mamlakati hokimiga yozgan hatida quyidagilarni keltirib o‘tadi: “O‘zingiz rahbarlik qilayotgan musulmonlarni musulmon bo‘lmagan fuqarolarga nisbatan jabr-zulm, ozor yetkazishdan va ularning boyliklarini nohaq talon-tarosh qilishdan qaytaring”[5].
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Musulmon bo‘lmagan aholi soliq[6]ni to‘lar ekan endi ularning moli ham va joni ham bizning molimiz va jonimiz kabi bo‘lmoqligi lozim”[7].
Chindan ham musulmon bo‘lmaganlarning hayoti, mol-mulki va or-nomusi Islom dinida yuksak qadrlanadi va musulmon mamlakatlarida musulmonlar qay tarzda muhofaza qilinsa boshqa din vakillari huddi shunday muhofaza etiladi. Musulmonlar g‘ayridinlarga tegishli bo‘lgan cho‘chqa go‘shti va sharob (vino)lariga zarar yetkazishlari taqiqlanadi, agarda shu ishni sodir etsalar bu qilmishlari uchun jarima to‘lashlikka majbur bo‘ladilar.
Hanafiy mazhabining fiqh ilmiga oid mashhur manbalaridan hisoblangan “Al-Durr al-muxtor”da: “Agar musulmon nasroniy diniga e’tiqod qiluvchining vino yoki cho‘chqa go‘shtiga zarar yetkazsa yetkazilgan zarar miqdorida uning haqqini ado etishi lozim”[8]ligi bayon etilgan.
Islom dinida o‘g‘rilik taqiqlangan va bu jinoyat uchun qat’iy jazo belgilangan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida quraysh qabilasidan bir ayol kishi o‘g‘rilik qilgani uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u ayolga nisbatan jazo qo‘llashlikka buyurdilar. Shunda odamlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib o‘g‘rilik qilgan ayolning jazosini yengillatishliklarini iltimos qiladilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ularga javoban dedilar: “Agar qizim Fotima ushbu (o‘g‘rilik) jinoyatini sodir qilganida unga ham nisbatan huddi shu jazoni qo‘llashga buyurgan bo‘lardim”[9].
Imom Yahyo ibn Sharaf al-Navaviy rahimahulloh bunday yozadi: “Musulmon bo‘lmagan aholining, zimmiylarning (Islom davlati hududida yashagani uchun jon, mol-mulklari davlat himoyasiga olingan va buning yevaziga har yili jizya (mahsus soliq) to‘lab turadigan ahli kitoblar) va murtadning boyligi musulmonning boyligi kabi bo‘ladi”[10].
Imom Ibn Qudama al-Hanbaliy: “Musulmonga tegishli bo‘lgan mol-mulk o‘g‘irlanganda qanday jazo qo‘llanilsa, huddi shuningdek musulmon bo‘lmaganning mol-mulk o‘g‘irlanganda ham huddi shunday jazo qo‘llanilmog‘i lozim” deganlar[11].
Ibn Hazm: “Musulmon bo‘lmaganning mol-mulklarini o‘g‘irlagan musulmonga nisbatan jazo qo‘llanilishida hech qanday qarshi fikr (qarama-qarshilik)lar mavjud emas” degan fikrni bildiradilar[12].
Ibn Rushd ham yuqoridagi kabi fikrlarni keltirib o‘tgan[13].
Darhaqiqat, Islom huquqiga ko‘ra musulmon va musulmon bo‘lmaganlarning mol-mulki birdek himoya qilinadi hamda ularning mol-mulklarining o‘g‘irlanishi yoki unga zarar yetkazlishiga ham birdek jazo qo‘llaniladi.
“The Fatwa on Terrorism and Suicide Bombings” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
[1] Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’oni karim va o‘zbek tilidagi ma’nolari tarjimasi. – T.: «Hilol-Nashr» 2015. 29-b.
[2] Shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Tafsiri Hilol, I:173.
[3] Imom Buhoriy, Sahih: Kitab al-Hajj, 2:620 §1654.
[4] Abu Yusuf, al-Xaraj, 78-b, Abu Ubayd al-Qosim ibn Sallom, Kitab al-amval, 244-245-b, §503, Ibn Sa’ad, Taboqat al-kubra, 1:288, 358, ibn Zanjavayx, Kitab al-amval, 449-450-b, §732, Ahmad Balozuriy, Futuh al-buldon, 90-b.
[5] Abu Yusuf, al-Haraj, 152-b.
[6] Soliq musulmon mamlakatlarida musulmon bo‘lmagan aholidan harbiy hizmat o‘rniga undirilgan.
[7] Ibn Qudama, al-Mug‘niy, 9:181, al-Zaylaiy, Nasb al-ray, 3:381.
[8] Haskafiy, al-Durr al-muxtar, 2:223, Shomiy, Radd al-muhtar, 3:273.
[9] Imom Buhoriy, Sahih: Kitab al-anbiyo, 3:1282 §3288, Muslim, Sahih, 3:1315 §1688.
[10] Yahyo al-Navaviy, Sharh Sahih Muslim, 12:7.
[11] Ibn Qudama al-Maqdisiy, al-Mug‘niy, 9:112.
[12] Ibn Hazm, al-Muhalla, 10:351.
[13] Ibn Rushd, Bidoyat al-mujtahid, 2:299.