Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alhamdu lillah vassolatu vassalamu ala Rosulillah. Amma ba’du.
Yoshlarni murg‘aklik vaqtidan ona mehri, ota e’zozi ila tarbiya qilib borish ularni kelajakda o‘z ota-onalariga mehrli bo‘lib unib o‘sishlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Nafaqat ota-onasiga, balki oilasiga, tug‘ilib o‘sgan oshiyoni, atrofdagi yaqinlari va shu yaqinlari bilan ularni bir yerga jamlab turgan vataniga muhabbatli bo‘lib o‘sishiga sabab bo‘ladi. Bejizga Vatan so‘zi oldiga Ona so‘zi qo‘shib aytilmaydi. Zero, Vatan inson uchun eng aziz, eng qadrli maskan, uning uchun kerak bo‘lganda jonni fido qilsa ham arziydi.
Shonli tariximizda yurtimiz himoyasi uchun o‘z jonlarini qurbon qilgan, vatan ozodligi yo‘lida jonlarini fido qilgan ajdodlarimizning nomlari hali xanuz yuksak ehtirom ila tilga olinishi ham shundan. Chunki, ular qalblaridagi Vatanga bo‘lgan muhabbatni eng kerak bo‘lgan vaqtda amal bilan isbotlab kelajak avlodga o‘rnak bo‘ldilar.
Dinimiz ta’limotlarida kishining o‘z vataniga muhabbatli bo‘lishi yuksak qadriyatlardan ekanligi ta’kidlangan. Imom Abu Homid G‘azzoliy rahimahulloh aytadilar: “Bashariyat o‘z yerlarini qanday bo‘lsa shundayligicha yaxshi ko‘radilar, garchi u yer tashlandiq, qo‘rqinchli bo‘lsada. Vatanni sevish inson qalbida o‘rnashgan g‘ariza bo‘lib, u insonni o‘z vatanida rohat topishiga sabab bo‘ladi. Vatanidan yiroqqa ketganida uni sog‘inadi, unga dushman hujum qilsa mudofaasiga otlanadi, u haqida nojoiz gap aytilsa g‘azablanadi”.
Ibrohim ibn Adham rahimahulloh aytadilar: “Ibodat bilan muolaja qildim, lekin nafsimning Vatanga intilishiday og‘ir narsani topmadim”. Yana aytadilar: “Men qoldirgan narsalarning birortasi Vatanni tark etishdek og‘ir bo‘lgan emas”.
Imom Zamaxshariy rahimahulloh aytadilar: “Hamma o‘z vatanini, yashaydigan yerini, tug‘ilgan joyini va vatandoshlarini yaxshi ko‘radi” (Asosul balog‘a).
Albatta, vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ham begona emas edi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda aytiladi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Makkadan chiqib ketayotganlarida unga qarab shunday dedilar: “Ey, Makka, qanchalar chiroylisan, sen men uchun eng sevimlisan. Agar qavmim meni sendan quvib chiqarmaganida, men sendan boshqa yerda yashamagan bo‘lar edim”.
Imom Buxoriy o‘z Sahihlaridan Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qiladilar, u kishi aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon safardan qaytsalar va Madinaning devorlari ko‘rina boshlasa, tuyalarining yurishini tezlatar, agar hachirda bo‘lsalar uni shoshiltirar edilar”. Ya’ni, sog‘inchdan shunday qilar edilar.
Alloh taolo biz bandalarini hidoyat yo‘llariga chorlar ekan, jumladan shunday deydi: “Savobli va taqvoli ishda hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat ishlarida hamkorlik qilmangiz” (Moida surasi, 2-oyat).
Taqvo degani, faqat ibodat yoki sadaqaning o‘zigina emas, balki taqvoning eng mukammali vatanni sevish, uni asrashdir. Alloma Shayx Muhammad Shokir rahimahulloh aytadilar: “Siz hech qachon taqvo deganda faqat namoz, ro‘za va shu kabi ibodatlarni o‘zinigina tushunmang. Allohga haqiqiy taqvo qilish hamma narsada bo‘ladi. Robbingizga ibodat qilishda ham taqvo qiling, unda sustkashlik qilman. Birodarlaringiz borasida ham Allohga taqvo qiling, ularning birortasiga ozor yetkazmang. Vataningiz borasida ham Allohga taqvo qiling, unga xiyonat qilmang, uni dushmanning qo‘liga topshirib qo‘ymang. O‘z nafsingiz borasida ham Allohga taqvo qiling, uning salomat bo‘lishiga beparvo bo‘lmang, yomon xulq bilan xulqlantirib qo‘ymang”.
Demak, oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, umumjamiyat ishlarida hamkorlik qilish zimmamizga farzdir. Bu ishda har kim imkoniyati darajasida o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim. Ayniqsa, vatan ravnaqi, uning tinchligini asrash, turli tahdidlardan himoya qilish nafaqat mudofaa tizimi kishilarining vazifasi, balki bu ishda har bir fuqaro hamkorlik qilmog‘i ilohiy ko‘rsatmadir.
Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: “Ummat shu narsaga ittifoq qilganki, shariat ahkomlari beshta zarur narsalarni himoya qilishga qaratilgan. Ular: din, jon, nasl, mol va aql”. (Al-muvofaqot). Modomiki, Alloh taolo o‘z shariatini mana shu besh narsani muhofaza qilishga qarata joriy etgan ekan, nima uchun bandaning ana shu narsalarni asrash yo‘lida jon fido qilishi ibodat bo‘lmasin?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim molini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir. Kim oilasini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir. Kim dinini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir. Kim jonini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir” (Imom Termiziy rivoyati). Imom Bayhaqiy “Sunan”da, Toyalisiy ”Musnad”da rivoyat qiladilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Agar bir kishi boshqa bir kishining jonini omon qoldirishga ishontirib, so‘ngra uni o‘ldirsa, men u qotildan bezorman, garchi o‘ldirilgan kishi kofir bo‘lsada”.
Vatangado bo‘lishlik eng og‘ir kulfat. Inson uchun eng og‘ir keladigan jazo ham shu. Shuning uchun ham shariat ahkomlarining jinoyatga jazo berish boblarida eng jirkanch gunoh (oilasi bo‘laturib zino qilgan) kishilarni vatandan quvg‘in qilish jazosi belgilangan.
Alloh taolo Qur’oni karimda qalbida imoni yo‘q munofiqlar haqida shunday deydi: “Agar biz ularga: “yo o‘zlaringizni o‘ldiring yoki vatanlaringizdan chiqib ketingiz”, - deb buyurganimizda edi, oz qismidan boshqasi uni qilmagan bo‘lar edi” (Niso surasi, 66-oyat).
Imom Abu Hayyon Andalusiy rahimahulloh aytadilar: “Mazkur oyatda vatanni tashlab chiqib ketish juda og‘ir ish ekanligiga dalolat bor. Shuning uchun Alloh taolo uni o‘z joniga qasd qilish bilan birga zikr qildi” (Bahrul Muhiyt). Ma’lum bo‘ladiki, qaysi sababdan bo‘lishidan qat’iy nazar inson uchun vatandan ayrilish o‘lim bilan barobar musibatdir.
Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: “Sizlardan qay biringiz tong otganda uyi tinch, tani sog‘, uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, go‘yoki uning uyida dunyoning hamma ne’matlari mujassam bo‘libdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, inson uchun o‘z uyida, tinch va osoyishta vatanida sog‘ va omonlikda umrguzaronlik qilishi katta baxt va buyuk ne’matdir. Ne’matni esa, zoye qilmaslik, aksincha uni asrab-avaylash, uning shukronasini bajo keltirish har bir banda uchun ham qarz, ham farzdir.
Homidjon Ishmatbekov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ka’ba xizmati va qorovulligi deganda ulug‘ Ka’baga xizmat qilib, uni qulflab ochish tushuniladi. Bu arab tilida «Sidana val xijaba» deyiladi. Birinchi bu narsa Ismoil alayhissalom qo‘llarida bo‘lgan. Keyin o‘g‘illari Sobit va uning bolalariga o‘tgan. So‘ngra tog‘alari qo‘lida, ya’ni Jurhumda bo‘lgan. So‘ngra Kusay ibn Qilob qo‘liga yetib kelgunicha Xuzo’ada bo‘lgan. Qusay ibn Qilob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘rtinchi bobolaridir. Hijriy sakkizinchi yili Makka fath bo‘lganidan keyin Payg‘ambar alayhissalom Usmon ibn Talhadan Ka’baning kalitini so‘radilar-da, Ka’bani ochib, unga kirib chiqdilar, so‘ng: «Ogoh bo‘ling! Har bir johiliyatdagi qon yoki mol, yo obro‘-e’tibor mana bu ikki oyog‘im ostidadir. Lekin hojilarning xizmati va Ka’ba qorovulligi unday emas. Men uni johiliyatda kim boshqargan bo‘lsa, o‘sha kishida qoldirdim», deb quyidagi oyatni o‘qidilar:
«Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» (Niso surasi, 58-oyat).
Keyin Usmon ibn Talxani chaqirib, kalitni unga topshirdilar-da: «Ey Talha farzandlari, mana buni olinglar, u avloddan-avlodga o‘tib, abadiy sizlarda qoladi. Sizlardan uni faqatgina zolimlargina tortib oladi», dedilar («Majma’uz-zavoid»).
Ibn Kasirning ifoda etishlaricha, ko‘pgina mufassirlar quyidagi: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» oyati Usmon ibn Talha haqlarida nozil bo‘lgan, deyishadi. Shu oyatga binoan kalit ularga topshirildi. Usmon vafot etganlarida amakilarining o‘g‘li Shayba oldi, keyin Shaybaning bolalari egalik qilishdi. Mana shu alfozda kattalardan meros bo‘lib qolaverdi. Ular Shaybiylar deb ataladi. Hadisdagi: «Abadiy sizlar u kalitni qo‘lga kiritinglar...» degan gapda Abu Talha bolalarining nasli va Ka’ba qorovulligi qiyomatgacha davom etishiga ishora bordir.
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boqiy qoluvchi mo‘jizalaridan edi. Chunki Ka’ba qorovulligi eng buyuk va ulug‘ hamda raqobatchilar raqobat qiladigan vazifalardandir. Ayniqsa, hokim va nufuzli kishilar bu narsaga ko‘proq qiziqishadi. Ushbu vazifaning Shayba oilasiga topshirilishi esa qo‘lida yeru osmon mulki bo‘lgan Zot ularni (har xil yomonliklardan) himoya etishiga dalildir.
Hozirgi kunga qadar ham ushbu kalit ana shu axd vakillari bo‘lmish Banu Shayba qo‘lidadir. U kalitning uzunligi 40 sm sof oltin bilan ishlangan, ipakli qutida saqlanadi. U quti har yili kisva fabrikasida tayyorlanadi. Ustiga: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» deb yozib qo‘yilgan. Boshqa tomoniga: «Buni yasashga ikki sharafli haram xodimi Fahd ibn Abdulaziz tomonidan amr etilgan», deb yozib qo‘yilgan.
Ka’ba eshigining qulfi sulton Abdulhamid Usmoniy tomonidan hijriy 1309, milodiy 1891 yili yasalgan eski qulf asosida hijriy 1399, milodiy 1979 yili yangi qulf qayta ishlandi. Bu o‘zgartirish yangi eshikka munosib bo‘ldi. Uni qayta ta’mirlashga ehtiyoj qolmadi. Bu qulfning uzunligi 34 sm Har tomonining eni 6 sm dan. Har bir tomonida sariq misdan bir bo‘lak bor. U tomonlarning uzunligi 8 sm, eni 2 sm Qulfga quyidagi ibora o‘yib yozilgan: «Xolid ibn Abdulaziz oli Saud tomonidan hijriy 1399 yili yasalgan».
"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi,
haj va umra manosiklari" kitobidan.