Siz o‘zingizcha Allohni zikr qila olmasligingizni, faqat Uning O‘zi izn bersagina zikr qilishingiz mumkinligini bilasizmi?
Siz Allohni zikr qilyapsizmi, bilingki, Alloh taolo siz Uni zikr qilishingizni istadi. Bas, Allohga hamd ayting, fursatni g‘animat biling. Faqat siz Uni zikr qilishingizni emas, balki U ham sizni zikr qilishni istadi.
Ishoning, Alloh taolo shu topda sizni ismingizni O‘zining huzuridagi farishtalar oldida eslamoqda.
Qur’oni karimda aytadi: "Meni zikr qilinglar, shunda Men ham sizlarni eslayman" (Baqara surasi, 152-oyat).
Hadisi qudsiyda aytiladi, Muso alayhissalom: "Ey Robbim, bandalaring orasida Sen yaxshi ko‘radigan bandangni bilsam edim, men ham uni yaxshi ko‘rar edim", dedilar. Alloh taolo dedi: "Qachon bir bandamni Meni ko‘p zikr qilayotganini ko‘rsang bilginki, Men unga Meni zikr qilishiga izn berganman. Ana o‘sha bandamni men yaxshi ko‘raman. Agar banda meni zikr qilmayotganini ko‘rsang bilginki, Men uni zikrimdan to‘sib qo‘yganman. Men u bandani yomon ko‘raman".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan asrda inson ongi eng katta kurash maydoniga aylandi. Bu maydonda esa eng xavfli qurol mutaassiblik va radikallashuvdir. Ko‘pincha "haqiqatni izlash" niqobi ostida boshlangan yo‘l, afsuski, ko‘plab insonlarni jamiyatdan uzilishga, oilasidan kechishga va oxir-oqibat fojiaga olib kelmoqda.
Biroq eng muhim savol ochiq qolmoqda: Xato qilgan, adashgan va mutaassiblik ko‘chasiga kirib qolgan inson uchun ortga yo‘l bormi?
Hech kim bir kunda radikal bo‘lib qolmaydi. Bu jarayon odatda bilimsizlikdan boshlanadi. Diniy yoki dunyoviy bilimlarning yuzakiligi insonni manipulyatsiya quroliga aylantiradi. Vaholanki, islom dini birinchi navbatda insonni fikrlashga va ilm olishga chaqiradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
«Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat)
Bu oyat insonni ko‘r-ko‘rona kimgadir ergashishdan emas, balki aql va ilm bilan fikr yuritishga undaydi. Mutaassib inson esa izlanishdan to‘xtagan va faqat muayyan bir guruhning fikrini mutlaq haqiqat deb biladigan kishidir.
Mutaassiblikning eng katta xavfi dunyoni faqat "qora" va "oq"qa ajratishdir. Unda bag‘rikenglik yoki boshqacha fikrlashga joy yo‘q. Inson bu girdobga tushganda, atrofidagi hammani, hatto ota-onasini ham "osiy" sifatida ko‘ra boshlaydi.
Ammo tarix va bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ortga qaytish nafaqat imkon bor, balki zarur hamdir.
Adashgan insonning ortga qaytishiga ko‘pincha qo‘rquv va jamiyatning nafrati xalaqit beradi. Bu yerda eng katta mas’uliyat yaqinlari va jamiyat zimmasiga tushadi. Adashgan insonni jarlikka itarib yuborish emas, balki unga qo‘l uzatish lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlaridek:
«Alloh taolo muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. U Zot muloyimlik uchun qattiqqo‘llikka bermagan ajr-mukofotni beradi». (Imom Muslim rivoyati)
Tavba va qaytish yo‘lidagi ilk qadamlar:
To‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni har doim bor. Inson xato qilishi mumkin, lekin xatoda oyoq tirab turish — haqiqiy mag‘lubiyatdir. Mutaassiblikdan qaytish — bu faqat fikrni o‘zgartirish emas, bu — hayotga, oilaga va kelajakka qaytishdir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi