Joriy yilning 5 dekabr kuni Andijon davlat universitetida "Ma’rifat ulashib" loyihasi doirasida viloyat bosh imom-xatibi Mirzamaqsud doma Alimov boshchiligida viloyatdagi barcha imom xatiblar, otinoyilar, hojilar, mahalla faollari hamda ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirokida “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusida “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Dastur avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi va ishtirokchilarga mavzuga oid ijtimoiy videorolik namoyish etildi. Tadbirni viloyat hokimi o‘rinbosari kirish so‘zi bilan ochib berdi. Keyingi navbatlarda ma’ruzachilarning kun tartibidagi ma’ruzalari tinglandi.
Tadbir yakunida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, muhim voqealar hamda “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlarida faol ishtirok etayotgan bir guruh soha vakillari taqdirlandi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Odamlarda turli xil qiziqish bo‘ladi. Bir odam zamonasida qancha ulug‘ zot bo‘lsa, hammasining huzuriga borib, «agar ertaga oxirgi kuningiz ekani ma’lum bo‘lsa, o‘sha kunda qanday amal qilasiz?» deb so‘rardi. Bu odamning maqsadi Allohning valiylari nazdidagi savobi eng ko‘p va najotga sabab bo‘ladigan amalni bilish edi. Shunday qilib, turli xil odamlarning oldiga borib, shu savolni berib yurdi. O‘sha paytdagi mashhur muhaddis Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym rahmatullohi alayh huzurlariga ham bordi va u kishidan ham shu savolni so‘radi: «Agar sizga ertaga vafot etishingiz ma’lum bo‘lsa, bugun qanday amal qilgan bo‘lar edingiz?».
Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym rahmatullohi alayh shunday deb javob berdilar: «Mening har kuni qiladigan amalim bor, o‘shani qilaman. Unga birorta amal qo‘sha olmayman. Chunki vaqtlarimni shunday tartiblab olganmanki, go‘yo har bir kun mening eng oxirgi kunimdir. Ertalabdan kechgacha hayotimni shunday tartibga solganmanki, go‘yo bugun hayotimning oxirgi kuni va men qaysi amalni qilishim kerak bo‘lsa, o‘sha amalni qilyapman».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan