Bismillahir Rohmanir Rohiym
Milodiy to‘qqizinchi asr boshlarida Islom olamida hadislarni to‘plab, kitob qilish keng rivoj topdi. Ular orasida Imom Dorimiyning alohida o‘rni bor.
Imom Dorimiy dastlab o‘z yurtida, so‘ngra Damashq, Bag‘dod, Makka, Madina kabi ilm-fan va madaniyat taraqqiy etgan shaharlarda saboq olib, bilimlarini oshirdi.
Alloma Muhammad ibn Ibrohim: “Imom Dorimiy aqlda, fahmda, fazlda, dinda yetuk edi. U zotning yod olish zehni, halimligi, bosiqligi, tirishqoqligi zarbulmasaldir”, deb ta’rif bergan.
Ilm yo‘lida uzoq yillar olib borgan tinimsiz sa’y-harakatlari va izlanishlari natijasida Imom Dorimiy hadis, tafsir va fiqh ilmlarining allomasi darajasiga ko‘tarildi va yirik muhaddis sifatida shuhrat qozondi.
Imom Dorimiyning “Sunan” asari – keng qamrovli va serqirra manba bo‘lib, olimning tafsir, hadis, fiqh ilmlari bo‘yicha egallagan barcha bilimlarining asosini o‘zida mujassam etgan. Asarda bo‘lim va boblarning fiqhiy tartibda berilishi muallifning fiqhiy salohiyati yuksak darajada ekanini isbotlaydi.
Muhaddis Shamsuddin Zahabiy: “Imom Dorimiyning asari o‘z davrining eng mukammal va ishonchli hadis to‘plamlaridan sanalgan”, degan.
Olimning ilmiy merosi ichida alohida o‘rin tutgan, keng qamrovli “Sunan” asari asrlar davomida dolzarbligini yo‘qotmay, shu kunga qadar muhim asarlardan biri sifatida alohida qadrlanadi. Imom Dorimiyining hayoti va ilmiy-ma’naviy merosi, xususan, uning “Sunan” asari yurtimiz ilm-fani va madaniyati tarixini chuqur o‘rganib, xalqimizga yetkazishda, milliy qadriyatlarimizning tiklanishida katta ahamiyatga ega.
2026 yilning ilk kunlarida viloyat bosh imom-xatibi rahbarligida viloyatimizda faoliyat yuritayotgan shahar va tuman bosh imom-xatiblari ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda yangi yilda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor vazifalar, joylarda diniy-ma’rifiy ishlar sifatini oshirish, aholi o‘rtasida ma’naviy targ‘ibotni yanada kuchaytirish, yoshlar va oilalar bilan ishlashni tizimli yo‘lga qo‘yish hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat bosh imom-xatibi tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi, amaliy ko‘rsatma va tavsiyalar taqdim etildi. Shuningdek, imom-xatiblarning mas’uliyati va intizomi, jamiyat oldidagi muhim burchi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda 2026 yilda diniy-ma’rifiy faoliyatni yanada tizimli, mazmunli va samarali tashkil etish zarurligi qayd etilib, mazkur muloqot joylarda amalga oshiriladigan ishlar uchun mustahkam dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati