Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Ro'zadorning og'ziga yomg'ir yoki qor parchasi kirsa, ro'za buziladimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohim. Ro'zador kishining og'ziga beixtiyor yomg'ir tomchilari yoki qor parchalari kirib, tomog'idan o'tsa, ro'zasi buziladi va qazo ro'za tutishi vojib bo'ladi.
Bu haqda Hanafiy fiqhiy manbalarimizda bunday deyiladi: “Ro'zadorning tomog'iga ko'z yoshlari, ter tomchilari, burnidan oqqan qon, yomg'ir yoki qor etsa, ro'zasi buziladi. Chunki gohida og'izni ochib, gohida yumib, tomoqqa yuqorida sanalgan narsalar ketishidan saqlanish oson. Agar mazkur narsalarni bilib turib yutsa, kaffarot vojib bo'ladi”(“Bahrur roiq” kitobi).
“Yomg'ir va qor (tomoqdan o'tsa ro'zani buzishi) haqida ulamolar ixtilof qilishgan, to'g'rirog'i ro'zani buzadi. Chunki undan chodir yoki boshqa boshpana yordamida saqlanish mumkin” (“Inoya sharhul hidoya” kitobi).
“Yomg'ir va qor ro'zadorning tomog'iga kirsa, ro'zasini buzadi. Bu sahih qavldir. “Zohiriya” kitobida shunday kelgan” (“Fatovoi hindiya” kitobi). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh dedilar: “Biz solih zotlarni topdikki, ular ibodatni faqat ro‘za tutish yoki namoz o‘qishda emas, balki odamlarning obro‘siga (til bilan) tegishdan tiyilishda deb bilardilar. Zero, tunlari qoim va kunduzlari ro‘zador bo‘lgan kishi agar tilini saqlamasa, Qiyomat kuni muflislardan bo‘lib qoladi” (Ibn Abdulbarr rahimahulloh. “At-Tamhid”).
“Muflis” – mol-mulkidan ayrilgan, kasodga uchragan (bankrot) odam.