2024 yil 10 dekabr kuni navbatdagi sayyor yig‘ilish Samarqand tumanida tashkil qilindi. Tumandagi mavjud 6 ta masjid imom-xatiblari va imom-noiblari hamrohligida viloyatdagi 16 ta shahar va tuman bosh imom xatiblari tumandagi 18 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining kam ta’minlangan va notinch oilalarga tashrif buyurdi.
Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Samarqand tumanidagi 6 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Tinchlik-eng oliy nemat”, “Qo‘shnichilik haqlari”, “Ne’matlarga shukronalik”, “Farzandlar tarbiyasiga e’tiborli bo‘laylik”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va shu kabi bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma’ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.
Viloyat vakilligi mutaxassisi X.Temirov Samarqand tumanidagi “Xo‘ja Axrori valiy” jome masjidida tumanda rasmiy faoliyat olib borayotgan mahalla mullolari va otinoyilari bilan faoliyatlarini yanada jadallashtirish, mahalla mullolarining nikohlarni o‘qimasligi, mahalla mullolari va oitnoyilar uchun xaftaning har Shanba kuni MFY raislari hamda faollari bilan hamkorlikda aholi bilan ishlash kuni etib belgilash, ularning aholi bilan “Sabr toqat”, “Iymon e’tiqod”, “Ibo hayo”, “Ayollar o‘rtasida ichkilikning oldini olish”, “Ta’lim tarbiya”, “Bid’at-xurofot”, “Ajrimlarning oldini olish”, “Ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik” va “Jinoyatchilikning oldini olish” kabi ko‘proq ma’rifiy suhbatlar tashkil qilish hamda soha xodimlarining avvalo o‘zlari xalqqa namuna bo‘la olishlari borasida davra suhbati o‘tkazdi. Shundan so‘ng, H.Temirov va Samarqand shahar bosh imom-xatibi Z.Mahmudovlar mazkur masjidda jamoat bilan Peshin namozini ado qildilar va namozdan so‘ng Samarqand shahar bosh imom-xatibi Z.Mahmudov jamoatga “Allohning ne’matlariga shukr qilishlik” mavzusida mazmunli ma’ruza qilib berdilar.
Mazkur tadbirlardan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Samarqand tumanidagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, tumanda diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar va namozxonlar tomonidan qilinayotgan shikoyatlar muhokama qilindi. Mazkur yig‘ilishga viloyat vakilligi mutaxassisi X.Temirov va tuman bosh imom-xatibi B.Sharipov bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuningdek, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholining muammolarini yanada chuqurroq o‘rganib, ularni bartaraf etish, ular bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati
8 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi elchisi Yusuf al-Utaybiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Muloqotda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, ayniqsa, haj va umra ibodatlarini uyushtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi. Xususan, “Haj – 2025” mavsumi har jihatdan muvaffaqiyatli o‘tgani, mutasaddilar sa’y-harakati bilan hojilarga yuqori darajada sharoit va imkoniyatlar hozirlangani, o‘zbekistonlik ziyoratchilar tartib-intizomi, odob-axloqi bilan barchaga namuna bo‘lib, risolagidek toatu ibodat qilganlari e’tirof etildi.
Uchrashuvda tomonlar kelgusida ham diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, Haj va Umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirib borish kabi masalalarni muhokama qilishdi. Shuningdek, hamkorlikda o‘tkaziladigan ma’rifiy tadbirlar yuzasidan o‘zaro fikr-mulohaza almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati