Bismillahir Rohmanir Rohiym
Olamlar Robbi Allohga hamd bo‘lsin! Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, ahllariga, sahobalariga va qiyomatgacha u zotga ergashuvchilarga salavotu salomlar bo‘lsin!
Ushbu muborak uchrashuvda bizni Islomga, Islom da’vatiga, Islomni yoyishga, Islom ummatiga ta’lim berishga jamlagan Alloh azza va jallaga shukrlar bo‘lsin! Bu buyuk Allohning fazlidir.
Allohning fazli va karami bilan ulkan yaxshiliklarni umid qilayotganim ushbu tadbir tashkilotchilari Prezident janobi oliylariga va muhtaram rahbarlarga tashakkur aytaman.
........men aytmoqchi bo‘lgan va tayyorlab kelgan narsa birinchi galdagi narsa bu – “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli ushbu konferensiya mavzusiga qisqa va lo‘nda izoh berish edi. Ha, albatta bu ikki so‘zning izohi butunlay Islom sharhiga muhtojdir. Tinchlik va uning sabablari, yaxshilik va uning tur va sabablari bular barchasi Islom ostiga kiradi. Lekin bu ulug‘, qadimiy, musulmon yurt haqida oldin aytgan va hozir aytmoqchi bo‘lgan fikr va mulohazalarim shuki: “Ey bu yurtning ahli, aziz birodarlar, rahbarlaru ulamolar! Ey bu yurtning ustunlari! Allohni guvoh qilib aytamanki bu yurtda biror qarich yer yo‘qki, u yerni biror alloma yoki hujjatulislomlar bosmagan bo‘lsa! Bu yurtdan yetishib chiqqan yoki bu yurtga kelib yashagan olimu ulamolar, fozilu fuzalolar shu qadar ko‘pki, sizlardan oldin bu tabarruk zaminda imomlar, ulamolar, hujjatulislomlar yurmagan bo‘lsa! Shunday ekan, bu aziz yurtni e’zozlang! Uning muqaddasotlarini, sha’nini, ilm-ma’rifatdagi yutuqlarini muhofaza qiling, qadriga yeting!”.
Islom tinchlik dinidir. Dastlabki vaqtidagi islom fathlariga nazar soling, unda Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu fathlarga kirishgan va shahid bo‘lgan edi. Va yana o‘sha fathlardan to hozirgi kundan 100 yil oldingi davrgacha bo‘lgan tarixga nazar soling. Shu vaqtda ilm va ulamolar qanday bo‘lgan?! Ilm qay darajada taraqqiy topgan?! Yuqorida aytganimdek, ulamolar shu darajada ko‘p ediki har bir qarich joyda albatta bir olim yoki imomning izi bor. Barchamiz Imom Buxoriyni madh etamiz, sizlar ham u zotni madh etasizlar va yurtdosh ekanligingiz bilan faxrlanasizlar.
Olimlarning hayotlariga oid tarjimayi hollarini o‘qinglar. Falonchining qabri “Chokardiza”da, falonchining qabri “Chokardiza”da, falonchining qabri “Chokardiza”da. “Chokardiza” qabristoni qayerda? Qayerda u? U Imom Moturidiy rahimahullohning maqbarasi yonidagi yerdir. O‘sha qabristonga qarasangiz, barchasi olimlar va ulamolarning qabrlaridir, ular mana shu yerni hayotlik davrlarida, vafotlaridan so‘ng esa qabrlari bilan sharaflantirdilar (Alloh ulardan rozi bo‘lsin!). O‘sha yerda “Muhammadiylar qabristoni” deb nomlanadigan Chokardiza qabristonining bir qismi joylashgan. Negaki bu yerga faqat ismi Muhammad ibn Muhammad bo‘lgan olimlar dafn qilingan. Shu ismga ega 400 dan ortiq olim dafn qilingan. “Hidoya” kitobining muallifi, ulamolarning eng mashhurlaridan bo‘lgan Imom Marg‘inoniy vafot etganlarida, mana shu qabristonga qo‘yishga izn so‘ralgan. Biroq, “Yo‘q, uning ismi Muhammad emas” deb rad qilingan. Mana shunday! Ularning qabrlarining tuproqlariyu toshlari ilmdan so‘zlaydi. Qadrdonlarim, ushbu yurtning toshlari ham ilmdan so‘zlaydi.
Alloh azza va jalladan o‘z fazli-karami bilan Islom ummatining barchasiga va ushbu diyorga shuhratini, azizligini, mukarramligini, omonligini, tinchligini va osoyishtaligini bugungi kun zamonaviy tushunchalariga va turli-tuman qarashlarga og‘ishmaydigan haq Islom soyasida qaytarishini so‘raymiz.
Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, ahllariga, sahobalariga va qiyomatgacha u zotga ergashuvchilarga salavotu salomlar bo‘lsin!
Olamlar Robbi Allohga hamd bo‘lsin!
Muhaddis alloma Muhammad Avvomaning
“Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro anjumanda so‘zlagan nutqidan.
Toshkent. 2024 yil 15-oktyabr.
“Arafot” so‘zi lug‘atda – “bilish, tanish” ma’nolarini bildiradi.
Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.
Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.
Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 93 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.
Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.
Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).
Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:
“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.
“Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn”.
“Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.
“Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar”.
“Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin”.
“A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai”.
Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib, barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.
Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!
Davron NURMUHAMMAD