Munosabat
Islom dinida muhtojlarga yordam berish, nogironligi bor insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish xayrli amallardan hisoblanadi. Bunday ezgu ishlar jamiyat va mutasaddilarning asosiy vazifasi, desak, mubolag‘a emas.
Alloh taologa behisob shukrki, yurtimiz taraqqiyotining yangi davridagi o‘zgarishlar nafasi har bir shaharu qishloq, mahallayu guzar, xonadonlarga kirib bordi. Islohotlarning barchasi xalqimiz qadr-qimmatini yuksaltirish, odamlarni rozi qilish, vatandoshlarimizning to‘kin hayot kechirishini ta’minlashga qaratilgani quvonarli, albatta.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lganlar, shuningdek, kambag‘al oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinayotir. Buning natijasi o‘laroq ular o‘zlarini shu jamiyatning to‘laqonli, e’tibordagi a’zosi, deya his qilib yashamoqda.
Joriy yilning 13 dekabr kuni ana shunday savobli ishlarni yanada takomillashtirish yo‘lida Davlatimiz Rahbari raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan faoliyat hamda 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda Andijon viloyati faollari bilan birgalikda kamina ham ishtirok etdi.
Prezidentimiz yig‘ilishda ta’kidlaganidek, yurtimiz hududlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ochilib, mahallalarda 102 ta ijtimoiy xizmat yo‘lga qo‘yildi. Ularning xodimlari uyma-uy yurib, shu choqqacha reyestrga kirmagan yana 95 ming nafar muhtoj odamga yordam ko‘rsatdi. Xususan, yotib qolgan 4 ming nafar yolg‘iz keksa aniqlanib, o‘z uylarida parvarishga olindi. Nogironligi bor 5 ming nafar bola maxsus bog‘cha-maktablarga joylashtirildi.
Mana shunday ajru savobi ulkan ishlar qalbimizga quvonch ulashibgina qolmay, har birimizni fikr-mulohaza yuritishga, mushohadaga undashi tabiiy.
Alloh taolo biz, bandalariga qo‘li ochiq, xayr-saxovatli bo‘lishni buyurib, muhsinlarni sevishini bayon etgan: “Allohning yo‘lida nafaqa qiling. O‘zingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling. Albatta, Alloh ehson qiluvchilarni xush ko‘radi” (Baqara surasi, 195-oyat). Haqiqatan, bunday xislatga ega bo‘lish ulug‘ fazilat. Zero, bandaning rizqiga baraka kirishi, ziyoda bo‘lishida uning ehsoni, xayru saxovati muhim o‘rin tutadi.
Bugun mamlakatimizda aholi ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa yurtimizda inson qadri ulug‘ ekanini anglatadi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan kishilarga yordam ko‘rsatish katta savob, aksincha, ularning haqqiga xiyonat qilish og‘ir gunohdir. Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi xalqimiz qalbidagi ezgu ish bo‘ldi. Agentlik og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan aholi bilan manzilli ishlayotgani, xayru ehsonlarni o‘z egalariga yetkazayotgani odamlarning ko‘ziga yosh keltirmoqda, qalbiga xursandchilik ulashmoqda. Mana shunday mehrga muhtoj kishilarning duosi bilan yurtimiz yanada obod bo‘ladi va oldinga qo‘yilgan rejalar amalga oshadi.
Shu o‘rinda mazkur yo‘nalishlarda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi doimiy hamkorlik qilayotganini ham alohida ta’kidlash joiz.
Islom dini manbalarida nogironligi bor odam sabr ila hayot sinovlarini matonat bilan yengib o‘tsa, ulug‘ mukofotlarga noil bo‘lishi rivoyat qilingan. Anas roziyallohu anhudan aytilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat etganlar: “Alloh azza va jalla: “Agar biror bandamning ikki ko‘zini shikastlasam, u banda bunga sabr qilsa, Men evaziga jannat bilan taqdirlayman”, dedi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ta’kidlash kerakki, muruvvat ko‘rsatish bilan mol-dunyo kamayib qolmaydi, balki unga baraka kiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsaga qasam ichaman: bandaning moli sadaqa qilish bilan kamaymaydi. Bandaga biror zulm qilinganida sabrli bo‘lsa, Alloh uning izzat-sharafini oshiradi. Banda tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga faqirlik eshigini ochadi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Bu bilan Nabiy alayhissalom ham biz, ummatlarini saxovatli bo‘lishga undamoqdalar. Hech kim molim kamayib qoladi, degan xayol bilan xayr-ehson qilishdan tiyilmasligi lozim. Mol-dunyo ko‘payishiga sabablardan biri o‘z vaqtida uning zakotini berish barobarida faqir va muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashdir.
Boyning molida miskinning haqqi bo‘ladi. Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: “Har kuni tongda insonlar uyqudan uyg‘onganlarida yer yuziga ikki farishta tushadi. Ulardan biri: “Allohim, infoq-ehson qilgan insonning moli o‘rnini to‘ldir”, desa, ikkinchisi: “Allohim, ziqna odamning moliga talafot yetkaz”, deb duo qiladi” (Muttafaqun alayh).
Qur’oni karimda: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar” (A’rof surasi, 31-oyat), deb ogohlantiriladi. Dunyo hayotida ba’zi insonlar qilayotgan ishlarni ko‘rib, taajjubda qolasan kishi. Alloh taolo ularga ko‘p mol-mulk bergan bo‘lsa-da, uni turli isrofgarchilikka, dabdababozlikka, hashamatga sarflashadi. Zimmasiga tushadigan haqlarga beparvo bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Eng yomon ziyofat taomi badavlat (qorni to‘q) kishilar taklif qilinib, kambag‘al (qorni och) kishilar chaqirilmaganidir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
To‘y va xursandchiliklarga yo‘qsillarni chaqirish dinimiz ko‘rsatmasi. Buning bir amaliy ifodasini Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan o‘tgan Ramazon oyida kam ta’minlanganlarning uylarida iftorliklar tashkil etilganida ham ko‘rgan edik. Ular ona Vatan va Yurtboshimiz haqqiga ko‘zda quvonch yoshlari bilan duolar qilishgandi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligiga asos solinib, xayr-ehson ishlari davom ettirilayotgani, ehtiyojmand kishilarga turli yordamlar berilayotgani ana shu ishlarning uzviy davomidir. Odamlar qalbiga quvonch ulashish esa juda katta savobli ishdir.
Yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalar aholining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, himoya mexanizmlarini takomillashtirishga zamin yaratadi. Endi davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami bundan-da kengayadi. Jamiyatda aholiga ko‘makning yangi darajaga ko‘tarilishi oilalar farovonligining yanada oshishiga xizmat qiladi, insha Alloh!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
Xorazm safari davomida ko‘hna va qadimiy Xiva shahrida qaytadan qurib bitkazilgan “Shayx Najmiddin Kubro” jome masjidining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu fayzli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, ulamolar, imom domlalar, nuroniy otaxonlar, davlat va jamoat tashkiloti vakillari hamda mahalla ahli jam bo‘ldi.
Marosimda so‘zga chiqqan Muftiy hazratlari yig‘ilganlarni go‘zal masjid va Allohning uyi ochilishi bilan qizg‘in muborakbod etdilar. O‘z so‘zida bugungi kunda Davlatimiz rahbarining tashabbusi va ulkan sa’y-harakatlari bilan yurtimizda, xususan, diniy-ma’rifiy jabhada katta islohotlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladilar.
Xususan, Samarqand va Toshkentdagi yirik ilmiy-ma’naviy majmualar qurilishi, yurtimizdagi 500 ga yaqin masjid tahoratxonalarining qayta qurilayotgani, muborak qadamjolar obod bo‘layotgani shukronalik bilan tilga olindi. Shuningdek, ushbu ma’rifat maskaniga qadam qo‘ygan har bir kishi bu yerdan olgan fayz va ma’rifat bilan jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shishi, shubhasiz.
Ushbu qayta qurilgan jomega ulug‘ alloma nomi berilishi bejiz emas. Bu maskan xuddi Najmiddin Kubro kabi har tomonlama yetuk insonlar, vatanparvar avlodlar, xizmat qiluvchi ma’naviyat o‘chog‘i bo‘lishi ta’kidlandi. Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan mazkur muhtasham masjid bir vaqtning o‘zida 5000 nafar namozxonni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
Majmua hududida ma’muriyat xonalari, kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida kutubxona, bir vaqtning o‘zida 60 kishiga xizmat ko‘rsatadigan zamonaviy tahoratxona barpo etilgan. Ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni olib borish uchun otinoyilarga maxsus xizmat xonasi ajratilgani e’tiborga molikdir.
Tadbir yakunida Qur’oni karim tilovat qilinib, Muftiy hazratlari ushbu jome to qiyomatgacha Alloh taologa ibodat qilinadigan, taroveh va xatmi Qur’onlar, zikru tasbehlar yangraydigan hidoyat va ma’rifat maskani bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati