2024 yil 18 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi rahbarligida vakillik mutaxassislari, Namangan shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari hamda bosh mutaxassislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda joriy yilning 12 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Ulamolar Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani, unda bir qator tavsiya va ko‘rsatmalar berilgani yuzasidan batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi imom-xatiblar mehnat samaradorligi, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadbirlar va mahallabay ishlash tizimi hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj shaxslar bilan ishlash jarayoniga oid umumiy faoliyatni o‘rganish va baholash tizimini joriy qilish bo‘yicha «KPI – Imomlarni baholash mezoni» loyihasi ishlab chiqilgani aytib o‘tildi.
Bundan tashqari O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2024-yil 14-dekabrdagi 11/3113-sonli topshirig‘iga asosan har bir masjid o‘zi joylashgan hududdagi Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va Hududgazta’minot AJ bo‘limlariga 2025-yil elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangilangan ta’rif bo‘yicha shartnoma tuzish va limit olish ishlarini tashkil etish vazifasi topshirildi.
Bosh imom-xatiblar bosh mutavallilar orqali masjidlarga ishga qabul qilingan va vazifasidan ozod etilgan xodimlarni buyruq chiqqan sanadan boshlan uch kun muddatda YAMMT (Yagona milliy mehnat tizimi)ga kiritilishini ta’minlashi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, masjidlar imom-xatiblari va imom-noiblari o‘zlariga biriktirilgan MFYlarda hojilar bilan amalga oshirishlari lozim bo‘lgan ishlarni yanada yaxshilash alohida urg‘u qaratildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyat vakilligi
Matbuot xizmati
Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.
Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).
Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.
Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.
Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.
Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.