Guvohi bo‘lmoqdamizki, yurtimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarga hayotda teng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish borasida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bugunga kelib mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ularning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishda boshqa barcha fuqarolar bilan teng imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlash, ularning turmush faoliyatidagi cheklashlarni bartaraf etish, ularni to‘laqonli hayot kechirishlariga, jamiyatning iqtisodiy va siyosiy turmushida faol qatnashishlariga keng imkoniyat yaratib berilmoqda. Bu ezgu ishlar zamirida xalqimizga xos yuksak insoniy fazilatlar mujassamdir.
Shu o‘rinda hazrat Alisher Navoiyning:
Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay, — deya aytilgan so‘zlarini eslashning o‘zi maqsad ezgulik bo‘lsa, ortidan ulug‘ ajr ham namoyon bo‘lishiga ishora bergandek.
E’tiborlisi, islom dinida jismonan zaif, ko‘makka muhtoj kishilarga mehr ko‘rsatish lozimligi ta’kidlanadi. G‘amxo‘rlikka muhtoj kishilarni doimo hurmat qilish, ularga yordam ko‘rsatish buyuriladi. Qur’oni Karimda bir necha o‘rinlarda ularga mushkullarini yengillatish, qulaylik yaratish haqidagi oyatlar nozil bo‘lgan. Alloh taolo aytadi: “Zaifhollarga, bemorlarga va sarf xarajat qiladigan narsa topa olmayotganlarga, agar Allohga va Rasuliga ixlosli bo‘lsalar, nasihat qilsalar, gunoh yo‘q. Yaxshilik qiluvchilarni ayblashga yo‘l yo‘q. Alloh mag‘firatlidir, rahmlidir”. («Tavba» surasi, 91-oyat). Ya’ni, agar zaifhollar va bemorlar sog‘lom birodarlari bilan birgalikda jang qilolmasalar, hech qanday mashaqqat yo‘qdir.
Shuningdek, «Nur» surasining 61-oyatida aytiladiki: «Ko‘zi ojizga tanglik yo‘q. Cho‘loqqa ham tanglik yo‘q. Bemorga ham tanglik yo‘q». Ya’ni, yaqin qarindoshlar uylarida yeb-ichish masalasida tanglik, noqulaylik yo‘q.
«Fath» surasining 17-oyatida esa shunday deyiladi: “Ko‘zi ojizga tanglik yo‘q, cho‘loqqa ham tanglik yo‘q. Xastaga ham tanglik yo‘q. Kim Allohga va uning Rasuliga itoat qilsa, uni ostilaridan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritar. Kim yuz o‘girsa, alamli azob bilan azoblar”.
Hadisi shariflarda esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam ko‘p o‘rinlarda ehtiyojmand kishilarga yordamlashish, bemorlarni ziyorat qilishga targ‘ib qilganlar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Kim bir bemorni ko‘rgani borsa, to qaytgunicha jannatning xurfasida bo‘lur», dedilar. «Yo Allohning Rasuli, jannatning xurfasi nedir?» deyilgan edi. U zot: «Bog‘idir», dedilar (Imom Muslim rivoyati). Kishi bemor birodarini ziyorat qilib, uni ko‘nglini ko‘tarishi, jannat bog‘ida sayr etgani kabidir.
Jismida bemorligi bor kishilar ichida eng ko‘p yordamga muhtojroq kishi ko‘zi ojizlardir. Muhaddis ulamolar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ularga qanchalik e’tibor qilganliklarini ko‘rsatib, kitoblarida quyidagi hadislarni keltirganlar. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayh va sallam aytadilar: «Kim bir ko‘zi ojizni qirq qadam yetaklasa, unga jannat vojib bo‘ladi», dedilar.
Yana bir shunday hadis bor: Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim ko‘zi ojiz kishini qirq ziro’ yetaklasa, unga bir qulni ozod qilgandek ajr bo‘ladi».
Yana bir rivoyatda esa shunday marhamat qilinadi: Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim ko‘zi ojiz kishini xavfsiz joyiga yetkazib qo‘ysa, Alloh uni qirqta gunohini va jahannamni vojib qiluvchi to‘rtta gunohi kabirasini mag‘firat qiradi».
Bu hadislardan ko‘zi ojiz kishiga yordamlashish va uni yetaklab manziliga olib borib qo‘yish nechog‘lik ulkan ajrga sabab bo‘lishi ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.
Qur’oni Karim va hadisi sharifni dastur bilgan salafi solihlar nogironligi bor kishilarga alohida g‘amxo‘rlik qilib, o‘zlaridan keyingilarga munosib namuna ko‘rsatganlar. Masalan, Umar ibn Abdulaziz musulmonlar diyorida qiyin ahvoldagi kishilar adadini hisoblab chiqishga buyurib, har bir nogironligi bor kishilarga parvarishlovchi va tabiblarni biriktirganlar.
Imom Abu Hanifa rahimahulloh g‘amxo‘rlikka muhtoj kishilar uchun baytulmoldan nafaqa va mas’ul tayinlashni joriy qilish lozimligini ta’kidlaganlar. Hijriy 88 yilda Xalifa Valid ibn Abdulmalik moxov kasaliga chalinganlar uchun birinchi kasalxonani qurdirgan va har bir nogiron bemor uchun maxsus xizmatchi, ko‘zi ojizlarga yetaklovchi tayinlagan.
Valid Is'hoq ibn Qobisa Xuzo’iyni Damashqdagi surunkali kasalliklar devoniga bosh qilib tayinlayotganda: «Albatta, surunkali kasallikka chalingan kishini sog‘lom ahliga qoldirishim yaxshiroq», degan va ularni ahli bilan birga bemalol davolanishi uchun sharoit hozirlab bergan. U yerda kasallarga moddiy nafaqalar tayinlanib, doim holidan xabar olib turilgan.
Umaviylar aqli zaif, ruhiy kasallar uchun maxsus shifoxona qurdirganlar. Xalifa Ma’mun Bog‘dod va katta shaharlarda ko‘zi ojizlar va qiynalgan ayollar uchun boshpana, Sulton Qolovun nogironligi bor kishilarni parvarishlash uchun kasalxona barpo qilgan.
Ko‘rinib turibdiki, dinimizda jismida nogironligi bor kishilarga ko‘maklashish ulug‘ ish hisoblanadi. Demak, kimning uyida yoki atrofida shunday bemorlar bo‘lsa, ularning xizmatini qilib, duosini olish va hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashish lozim. Zero, bunday go‘zal amal jamiyatdagi barchani bir-biri bilan bog‘lashga, o‘zaro mehr-muhabbatni uyg‘otishga va ulkan ajr savoblarni hosil qilishga sabab bo‘ladi.
Xulosa sifatida aytishimiz lozimki, mehr-muruvvatli va bag‘rikeng xalqimiz azal-azaldan yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan eng muhim qadriyatlardan biri sifatida e’zozlab keladi. Ana shunday ezgu an’analarimizni bugungi zamon talablari asosida rivojlantirish maqsadida mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish borasidagi davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilayotgani yanada quvonarli holdir.
Musoxon ABBASIDDINOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakili,
viloyat bosh imom-xatibi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.