Mashhur ishbilarmon bilan bo‘lgan suhbatda undan hayotidagi esda qolarli voqea haqida so‘rashdi. U bunday hikoya qilib berdi:
«Bir kuni o‘zimda ikkilanish, taraddudni his qilib, ochiq havoda sayr qildim. Eshigi ochiq turgan bir masjid yonidan o‘tarkanman, o‘zimga-o‘zim: “Kirib ikki rakat namoz o‘qiy”, deya masjidga burildim. Unda bir kishi qiblaga yuzlanib, qo‘llarini ko‘targancha yolvorib duo qilayotgan ekan. Bildimki, biror muammosi bor. U duo qilib bo‘lgach, sekin oldiga bordim:
– Biror muammo bormi?
– Bo‘ynimda qarzim bor, – dedi u. – Shu meni bezovta qilyapti.
– Qancha?
– To‘rt ming.
Saxiyligim tutdi. Cho‘ntagimdan pul chiqarib, unga to‘rt ming berdim. U juda xursand bo‘lib ketdi va menga rahmat aytib, haqqimga duo qildi. Men tashrif qog‘ozimni berib: “Biror ehtiyojingiz bo‘lsa qo‘ng‘iroq qiling yoki ishxonamga keling”, dedim. Bu taklifdan yanada xursand bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Biroq uning javobi meni hayratda qoldirdi! U aytdiki: “Yo‘q, birodar! Alloh sizni mukofotlasin, bu tashrif qog‘oziga ehtiyojim yo‘q. Men biror ehtiyojim bo‘lsa, ikki rakat namoz o‘qib, qo‘limni duoga ochib, hojatimni Allohdan so‘rayman. Alloh tez orada hojatimni ravo qiladi. Xuddi hozir sizni bu yerga boshlab kelib, vosita qilganidek!..”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadis yodimga keldi: “Agar Allohga haqiqiy tavakkal qilsangiz, Alloh xuddi qushlarga rizq berib qo‘yganidek rizqingizni yetkazadi. Ular tongda hech vaqosiz chiqib ketib, kech bo‘lganda qorinlarini to‘yg‘azib qaytgani kabi”.
Masjiddan Alloh taoloning quyidagi oyatini takrorlab chiqdim: “Va barhayot, o‘lmaydigan Zotga tavakkal qil hamda Uni hamdu sano ila poklab yod et. Bandalarining gunohlaridan o‘ta xabardor bo‘lishda Uning O‘zi kifoyadir” (Furqon surasi, 58-oyat)».
Misrlik yozuvchi Anis Mansurning ota-ona haqida yozgan eng go‘zal so‘zlari:
"Ota-onang seni tashlab ketganlaridan so‘ng afsuslanasan. Chunki sen ularga biror yordam yoki biror narsa taklif qilganingda, ular "hojati yo‘q", "kerak emas qo‘yaver" deyishardi, sen esa ularga ishonarding, vijdoningni tinchlantirar eding – haqiqatan otamga kerak emas, onam hech narsa istamayapti, deb o‘ylarding.
Otalaringiz va onalaringiz "hech narsa kerak emas" deganlarida ularga ishonmang. Ular buni sizni o‘ylab, sizni holatingizni inobatga olib yoki sizdan hijolat bo‘lib aytishadi... Siz ulardan so‘ramasdan, ularga takalluflik qilmasdan, ulardan ruxsat olmasdan bering, hadya qiling.
Ko‘pchilik odamlar aldangani kabi siz ham otangizning qariligiga aldanmang. Onangizning yoshi ulug‘ligi, ojizligi yoki soddaligi sizni aldab qo‘ymasin. Chunki ularning har birining ichida erkalatishga va e’tiborga muhtoj bo‘lgan bir bola yashaydi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV