Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Abu Jahl: «Muhammad sizning oldingizda yuzini tuproqqa tekkizadimi (sajda qiladimi)?» dedi. «Ha», deyishdi. «Lot va Uzzo bilan qasamki, agar shunday qilganini ko‘rsam, albatta, bo‘ynini oyog‘im bilan bosaman yoki yuzini tuproqqa ishqayman», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib, namoz o‘qiy boshladilar. Bo‘yinlariga oyog‘i bilan bosadi, deb o‘ylashdi. Ammo birdan u ortiga qaragancha qo‘li bilan yuzini to‘sib qocha boshladi. Shunda unga: «Senga nima bo‘ldi?» deyishdi. «Men bilan uning orasida olovli xandaq bor. Anavilar... qanotlar bor», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar u menga yaqinlashganida uni farishtalar parcha-parcha qilib olib ketishar edi», dedilar.
Shunda Alloh azza va jalla – bilmadim, Abu Hurayraning hadisidami yoki unga yetgan narsadami – «Yo‘q! Albatta, inson tug‘yonga ketadi»dan «Yo‘q! Unga itoat etma»gacha nozil qildi va u zotga amr qilgan narsasini amr qildi» (Muslim rivoyat qilgan).
#xabar #haj2025 #tabrik
Muqaddas zaminda haj ibodatini ado etayotgan millionlab mo‘min-musulmonlar qatori 15 ming nafar yurtdoshlarimiz Mino va Arafot kabi muborak manzillarda ulug‘ amallarni ixlos ila bajarmoqdalar.
Shu yil 5 iyun Arafa kuni Makkai mukarramadagi Arafot hududida bo‘lib turgan hojilarimiz toatu ibodatlarda bo‘lib, muhtaram Prezidentimiz va xalqimizga Qurbon hayiti tabriklarini yo‘lladilar. (https://muslim.uz/e/post/43499-o-zbekiston-hojilarining-prezident-shavkat-mirziyoyevga-qurbon-hayiti-munosabati-bilan-yo-llagan-tabrigi) Uni haj ibodatini ixlos ila ado etayotgan hojilarimiz nomidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqanazar hazratlari o‘qib eshittirdilar. Unda jumladan bunday deyilgan:
“Hurmatli Prezident Sizni va Siz orqali yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etayotgan hamyurtlarimiz nomidan musulmon ummati uchun eng ulug‘ bayram – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.
Biz, o‘zbekistonlik hojilar shunday fayzli kunlar uchun shukronalar aytib, Haq taolodan jonajon yurtimizga qut-baraka, aziz xalqimizga farovonlik va farzandlarimizga barkamollik so‘rab ezgu duolar qilmoqdamiz.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Duolarning eng yaxshisi arafa kuni qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar.
Shuningdek, hojilarimiz gunohlar afv etiladigan va duolar ijobat bo‘ladigan Arafotda turib, Alloh taolodan Yurtboshimizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr va ulkan muvaffaqiyatlar tilab, xayrli ishlari doimo bardavom bo‘lishini iltijo qilib so‘rashdi.
Shu bilan birga yurtimiz hojilari yaratib berilgan imkoniyatlar va ko‘rsatilgan ehtiromdan ruhlanib, yurtga qaytgandan keyin “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni amalga oshirishni bir ovozdan ilgari surdilar. (https://muslim.uz/e/post/43499-o-zbekiston-hojilarining-prezident-shavkat-mirziyoyevga-qurbon-hayiti-munosabati-bilan-yo-llagan-tabrigi)
Alloh taolo mo‘min-musulmonlarning hajlarini mabrur aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati