Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Mart, 2025   |   11 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:42
Peshin
12:38
Asr
16:39
Shom
18:28
Xufton
19:41
Bismillah
11 Mart, 2025, 11 Ramazon, 1446
Maqolalar

Faqihlar tabib, muhaddislar dorishunos

3.01.2025   3824   3 min.
Faqihlar tabib, muhaddislar dorishunos

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Tashaddud yo‘nalishi tarafdorlari dinni faqatgina Qur’on va Sunnat deb talqin qilib, har bir masalaga dalil so‘rayverishadi, chunki ular ikkinchi ta’rifdan, ya’ni «Fiqh ilmi – mukallaflar qiladigan amallarning holatini halol yoki haromlik, fasod yoki sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir», degan ta’rifdan g‘ofil qolishgan.

Demak, faqihning ishi shifokorning ishidek ekan. Hozir shifokorning huzuriga borib, «Qornim og‘riyapti», deysiz. U sizga: «Nima yeding? Nima ichding? Qon bosiming bormi? Qandli diabet bilan og‘rimaganmisan?» degan savollarni beradi. Keyin dori yozib beradi. Shifokorning ishi shunaqa. O‘sha shifokordan: «Siz aytgan falon dori qanday tayyorlangan?» deb so‘raysizmi? Yo‘q. Bu sohaning o‘z mutaxassislari bo‘ladi – dorishunoslar.

Xuddi shunga o‘xshab, muhaddislar ham faqihlarga: «Sizlar tabibsizlar, bizlar esa dorishunos», deyishadi. Ha, faqihlar shifokorga o‘xshaydi, ularning amali hukm chiqarish bo‘ladi. Ularni biror tashkilot deb olsak, odamlar ularga nikoh va taloq, savdo-sotiq masalalari bo‘yicha murojaat qilishsa, holatga qarab, hukm chiqarib berishadi. Demak, faqihlar mukallaflar qilayotgan amallarning holati haqida bahs qilishadi, ularning dalili haqida emas. Dalilning bahsini qila oladigan zotlar esa mutlaq mujtahidlardir.

Bir masalaning dalili mujtahid tomonidan Qur’on va sahih Sunnatdan olinganiga ishonch hosil qilmasak, uni qabul qilmaymiz.

Mujtahidlar kimlar? Ular sahoba, tobe’in va mazhab imomlaridir. Hukm faqat hanafiy, molikiy, shofe’iy yoki hanbaliy mazhabi ulamolari tomonidan chiqarilgan bo‘lsagina qabul qilamiz. Masalan, bir hukmning Abu Hanifaga nisbat berilganini ko‘rsak, aniq bilamizki, u zot hech qachon dalilsiz gap aytmaganlar. Oddiy muftiy esa mazhabni puxta o‘rgangach, mana shu mazhab asosida fatvo beradi, chunki uning oldida mutlaq mujtahidlardan yetib kelgan, ishonchli, mazhabda qaror topgan hukmlar bo‘ladi. Biz hukmni mana shunday mazhabdan sodir bo‘lsagina qabul qilamiz. Farmatsevt odam dorini faqat ishonchli korxonadan olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muhrlangan holatda berishi kerak bo‘lganidek, biz ham hukmni faqatgina ishonchli, muhr bosilgan mazhab tomonidan berilgandagina qabul qilamiz. Shundagina ko‘nglimiz xotirjam bo‘ladi.

Masalan, kamina xodimingizning ishi ham shaxsning holatlarini o‘rganishdir. Falonchida nima sodir bo‘ldi, nega xotinini taloq qildi, uning holati qanday? Shularni bilib, so‘ng unga mazhabdan hukm aytaman. Men shifokor bo‘lsam-u, dorishunos bo‘lmasam, lekin o‘zimcha borib, dori tayyorlasam, bemorni o‘ldirib qo‘yishi mumkin, chunki mening ishim uni davolashdir, unga dori tayyorlash emas. Dorini shu sohaning mutaxassislari tayyorlaydi. Buning uchun juda katta ilm, tajriba kerak. Endi men faqih bo‘la turib, yangitdan hukm chiqarish bilan shug‘ullansam, «Falonchining xotiniga taloq tushibdi», deb fatvo berib yuboraman, Falonchining qo‘lini kesishga hukm qilaman, yana kimningdir hayotini barbod qilaman, natijada butun jamiyatni buzib yuboraman. E’tibor beryapsizlarmi?! Shunday holat yuzaga keladi!

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qur’on karimda zikr etilgan 26 ta jonzot

11.03.2025   243   5 min.
Qur’on karimda zikr etilgan 26 ta jonzot

Bismillahir Rohmanir Rohiym

  • Hudhud. U qushlarni ko‘zdan kechirib: «Nega men hudhudni ko‘rmayapman, balki u (beruxsat) g‘oyib bo‘luvchilardandir?! (Naml surasi, 20-oyat).
     
  • Bedana. Alloh dedi: «Ey, Isroil avlodi! Biz sizlarga dushmaningizdan najot berdik va sizlarga (Musoga Tavrot nozil qilish uchun) Tur (tog‘i)ning o‘ng tomonini va’dalashdik va sizlarga shirinlik va bedanalar yog‘dirdik (Toho surasi, 80-oyat).
     
  • Qarg‘a. Shundan so‘ng, Alloh unga birodari murdasini qanday ko‘mishni ko‘rsatish uchun yerni kavlovchi bir qarg‘ani yubordi. «Holimga voy! Nahot shu qarg‘achalik bo‘lishdan ojiz bo‘lsam? (Men ham) birodarim jasadini (tuproqqa) ko‘ma qolay», – dedi. Shunday qilib (u) pushaymon qiluvchilardan bo‘lib qoldi (Naml surasi, 31-oyat).
     
  • Asalari. (Ey, Muhammad!) Robbingiz asalarilarga vahiy (bo‘yruq) qildi: «Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) barpo qiladigan narsalarga in quringiz (Nahl surasi, 68-oyat).
     
  • Ko‘rshapalak. U kuni odamlar to‘zitib yuborilgan ko‘rshapalaklar kabi bo‘lurlar (Qoria surasi, 4-oyat).
     
  • Chivin. Alloh chivin, balki undan ham «yuqori» narsalar haqida zarbulmasal aytishdan uyalmaydi. Imonli kishilar-ku, uni (masalni) haqiqatan o‘zlarining Rabbi tomonidan (yuborilgan) haq narsa deb biladilar (Baqara surasi, 26-oyat).
     
  • Pashsha. Ey, insonlar! (Sizlarga) zarbulmasal qilindi. Bas, unga quloq tutingiz! Aniqki, sizlar Allohni qo‘yib, sig‘inayotgan narsalaringizning barchasi birlashganda ham, bir pashshani yarata olmaslar, agar pashsha ulardan biror narsani tortib olsa, uni undan ayirib ololmaslar. Talab qiluvchi ham, talab etiluvchi (butlar) ham zaiflik qilurlar (Haj surasi, 73-oyat).
     
  • Chigirtka. (Ular) ko‘zlari (qo‘rquvdan) quyiga boqqan hollarida, go‘yo to‘zigan chigirtkalar kabi qabrlaridan chiqib kelurlar (Qamar surasi, 7-oyat).
     
  • Bit va baqa. Shundan keyin ular ustiga to‘fon, chigirtka, bit, baqalar va qon (balolari)ni aniq mo‘jizalar sifatida yubordik. (Shundan) so‘ng (ham ular) kibr qildilar. (Ular oldindan) jinoyatchilar qavmi edi (A’rof surasi, 133-oyat).
  •  
  • Chumoli. To ular chumolilar vodiysiga yetganlarida, bir chumoli: «Ey, chumolilar! Uyalaringizga kiringiz, yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni ezib ketmasinlar!» – dedi (Naml surasi, 18-oyat).
     
  • O‘rgimchak. Allohdan o‘zgalarni do‘st tutgan kimsalarning misoli xuddi in qurib olgan o‘rgimchakka o‘xshaydi. Zotan, inlarning eng nimjoni, albatta, o‘rgimchak inidir, agar bilsalar (Ankabut surasi, 41-oyat).
     
  • Nahang baliq. Bas, malomatga qolgan holida uni bir nahang baliq yutib yubordi. Bas, agar u (Allohga doimo) tasbeh aytuvchilardan bo‘lmaganida, albatta, u (baliq) qornida, to (odamlar) qayta tiriladigan kunlarigacha (qiyomatgacha), qolib ketgan bo‘lur edi (Soffot surasi, 142-144-oyat).
     
  • Qo‘y. (Ularning biri dedi:) «Darvoqe, mana bu mening birodarim, uning to‘qson to‘qqiz sovliq qo‘yi bor, mening esa birgina sovlig‘im bordir. Bas, u: «O‘shani ham menga topshirgin!» – dedi va meni bahsda yengib qo‘ydi» (Sod surasi, 23-oyat).
     
  • Echki. Sakkiz juft (hayvonlar) – qo‘ydan ikki (jins) va echkidan (ikki jins)ni (yaratdi) (A’nom surasi, 143-oyat).
     
  • Sigir. Eslang, Muso o‘z qavmiga: «Alloh sizlarni (biror) sigir so‘yishga buyurdi», – deganida, ular: «Bizni istehzoga tutyapsanmi?» – dedilar. (Muso) dedi: «Johillardan bo‘lib qolishimdan meni Alloh asrasin!» (Baqara surasi, 67-oyat).
     
  • Tuya. Axir, ular tuyalarga qarab, qanday yaratilganiga (G‘oshiya surasi, 17-oyat).
     
  • Ot. Qasamyod etaman pishqirib chopadigan, (chopganda tuyoqlaridan) chaqmoq chaqnatadigan, tong paytida (yov sari) bostirib boradigan, bas, o‘sha paytda (ortida) chang qoldiradigan, shu (chang) bilan (dushman) jamoasining o‘rtasiga kirib boradigan (ot)lar bilanki, haqiqatan, (kofir bo‘lgan) inson Parvardigori (ato etgan ne’matlar)ga noshukurdir! (Odiyot surasi, 1-6-oyat).
     
  • Xachir va eshak. U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur (Nahl surasi, 8-oyat).
     
  • Cho‘chqa. U sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti va Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan narsalarni (iste’mol qilishni qat’iy) harom qildi. Ammo, zulmkor va tajovuzkor bo‘lmagan holda, zaruratan, majbur bo‘lsa (ochlik tangligi yuzasidan tanovul  qilsa), unga gunoh yo‘qdir. Darhaqiqat, Alloh kechirimli va rahmlidir (Baqara surasi, 173-oyat).
     
  • Fil. (Ey, Muhammad!) Rabbingiz «fil egalari»ni ne qilganini ko‘rmadingizmi? (Fil surasi, 1-oyat).
     
  • Bo‘ri. (Ya’qub) dedi: «Uni olib ketishingiz meni juda tashvishlantirayapti, sizlar undan g‘aflatda bo‘lgan chog‘ingizda (nogoh) uni bo‘ri yeb ketishidan qo‘rqaman» (Yusuf surasi, 13-oyat).
     
  • It. Uxloq bo‘lsalar-da, (ko‘zlari ochiq bo‘lgani uchun) ularni uyg‘oq, deb o‘ylaysan. Biz ularni (chirib ketmasligi uchun) o‘ng tomon, so‘l tomonga aylantirib turarmiz. Ularning iti esa, ostonada ikki old oyoqlarini uzatib yotur. Agar ularni ko‘rib qolsangiz, dahshatga tushib, ulardan yuz o‘girib qochib ketgan bo‘lur edingiz (Kahf surasi, 18-oyat).
     
  • Maymun. Shanba (kuni)da sizlardan tajovuz qilganlarni bildingiz. Biz ularga: «Qadrsiz maymunlarga aylaningiz!», – dedik (Baqara surasi, 65-oyat).
     
  • Ajdaho. (Muso) asosini tashlagan edi, birdaniga u chin ajdahoga aylandi (Shuaro surasi, 32-oyat).

Davron NURMUHAMMAD