Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yosh Muhammad ulg‘ayib katta bo‘lganidan keyin yaqindagina onasi bilan shu tuyada kelishganini eslardi. Ummu Ayman uning ko‘zyoshlarini artib borardi. Go‘yo ortlaridan onasi kelib qoladigandek yosh Muhammad orqalariga o‘girilib qo‘yardi. Ummu Ayman uni bag‘riga olib, boshini silab-silab qo‘yganini sira-sira esdan chiqarmadi.
Ularni kutib olishga Abdulmuttalib chiqdi. Bo‘lgan voqeadan bexabar bobo oldiga yugurib kelgan nabirasining qayg‘uli yuzini ko‘rib hayratlandi. “Nima bo‘ldi, bolam, onang qani?” deb so‘radi. Go‘dak javob bermay yig‘layverdi. Abdulmuttalib taajjublanib turganida Ummu Ayman yo‘lda nima bo‘lganini aytib berdi. Qariya qattiq qayg‘uga tushdi.
Nur yuzli nabirasini bag‘riga bosib, ko‘zlariga termuldi. “Jonim bolam, endi ota-onang ham, bobong ham men bo‘laman. G‘am chekma, doimo sening yoningdaman”, deb ko‘nglini ko‘tardi.
Bobo bergan so‘ziga og‘ishmay amal qildi. U chindan ham bu nabirasini boshqalariga qaraganda boshqacha yaxshi ko‘rar, yonidan bir qadam jildirmas, hech kimga ishonmasdi. Har gal yuziga qaraganida goh o‘g‘li Abdullohni, goh kelini Ominani eslab, yig‘lab olardi. Odamlar haybati va salobatidan qo‘rqadigan Abdulmuttalibning uyiga faqatgina yosh Muhammad ijozatsiz kira olardi. Hali yosh bo‘lishiga qaramay, ba’zi narsalarda bobo undan maslahat so‘rar va gapiga quloq tutardi. Oldiga taom keltirishsa, nabirasi kelmaguncha ovqatga qo‘l cho‘zmasdi.
Kunlarning birida ajoyib voqea sodir bo‘ldi. Yog‘in kamligi sababli Makkada qurg‘oqchilik bo‘lib turardi. O‘sha yili ham shunday bo‘ldi. Hamma qattiq tashvishlandi, chorva mollari nobud bo‘lishidan xavotirga tushishdi. Chunki mollarga ozuqa qolmagandi. Odamlar Abdulmuttalibning uyiga kyolib: “Ka’baning Robbi bo‘lgan Allohga duo qilaylik, yomg‘ir yog‘dirsin. Biz bir necha kundan beri duo qilyapmiz, ammo ijobat bo‘lmayapti”, deyishdi.
Ertasi kuni butun qavm to‘planib tog‘ tomondagi tepalikka chiqdi. Kichkina Muhammad ham ular bilan chiqdi. Abdulmuttalib qo‘lini duoga ochdi: “Ey ushbu Ka’baning Egasi, Ibrohim alayhissalomning Rabbi bo‘lgan Alloh, bizga rahm et, ustimizga yomg‘ir yog‘dirgin”, dedi. Shu payt yonida turgan nabirasiga ko‘zi tushib aytdi: “Mana bu yetim nabiramning hurmatidan bizga yomg‘ir ato qilgin”. Bolaning ham qo‘lchalari duoga ochildi. Osmon musaffo, quyosh charaqlab turar, bir dona ham bulut ko‘rinmasdi. Ammo birdan uzoqdan bulut ko‘zga tashlandi. Abdulmuttalib hayratlanib samoga qaradi. Bulut bir zumda Makka ustiga yetib keldi. Chaqmoq chaqib, momaqaldiroqdan keyin yomg‘ir quya boshladi. Odamlar uylariga borguniga qadar butun ust-boshlari ho‘l bo‘lib ketdi.
Albatta bu voqeaning hikmatini hech kim bilmasdi. Faqatgina Abdulmuttalib berilgan bu ne’mat nur yuzli nabirasi sababli ekanini tushunib turardi.
Vaqt o‘tar, hamisha nabirasini yetaklab yuradigan Abdulmuttalib ham asta-sekin qarib, kuchdan qolib borardi. Bir kuni yosh Muhammad yana og‘ir sinovga duch keldi. Onasidan ayrilgach, bobosi Abdulmuttalibga qattiq o‘rganib qolgan edi. Endi shu mehribon bobodan ham ayrilish arafasida edi. Ota-onam ham, bobom ham siz deb suyangan tog‘idan judo bo‘lish oson emas. Albatta, bu sinovlarning barchasi Allohning irodasi ila sodir bo‘lardi.
Ajali yetganda har bir jonning vafot etishi aniq haqiqat. Alloh taolo hech bir bandasiga “Buning falon ishi bor ekan, tugatib olsin”, “Yetim bolasi bor ekan, katta bo‘lsin”, “Uzatiladigan qizi bor ekan, to‘yini ko‘rsin”, deb muhlat bermaydi.
Abdulmuttalibni ham ajal izlab keldi. Bir kuni bu dunyoni tark etishini yaxshi bilgan Abdulmuttalib nur yuzli nabirasidan ayrilishni istamasdi. Jon berish arafasida atrofiga olazarak boqib “Muhammadim qani?” deb so‘radi. Atrofdagilar sevimli nabirani oldiga olib kelishdi. Abdulmuttalib: “Kel, bolam, oldimda o‘tirsang, biroz yengil bo‘laman”, dedi. Bu nurli nabirasining qo‘llaridan o‘pib, hidlab, bag‘riga bosar ekan, chiroyli ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarni ko‘rib sabri chidamadi.
Qariya hamma farzandlarini to‘plab: “Men vafot etsam, bu nabiramga kim g‘amxo‘rlik qiladi?” deb so‘radi. Hamma amakilari yosh Muhammadni o‘zi bilan birga olib ketishni istadi. Chunki bu bola qayorga borsa, o‘sha yerga fayzu baraka yog‘ilishini yaxshi bilishardi. Abdulmuttalib bu gal nabirasidan so‘radi: “O‘zing nima deysan? Qaysi amaking bilan qolishni xohlaysan?” Go‘dak indamay o‘rnidan turib, halqa bo‘lib o‘tirgan amakilari orasidan Abu Tolibning quchog‘iga bordi. Shu tariqa qaror qabul qilindi. Demak, yosh Muhammad Abu Tolibni tanladi.
Abu Tolib otasi Abdulmuttalib kabi yosh Muhammadni ham, inisi Abdullohni ham juda yaxshi kurardi. Joni uzilayotgan Abdulmuttalib suyukli nabirasining sevikli o‘g‘li Abu Tolib bilan qolayotganidan ko‘ngli to‘ldi. Oxirgi nafasida ham yosh nurli nabirasi yuziga termilib turarkan, Abu Tolibga uni omonat topshirganini, aslo ozor bermaslik va mehrini ayamasligini vasiyat qilib olamdan o‘tdi.
Abdulmuttalibning vafoti butun Quraysh qabilasi, ayniqsa, hoshimiylar xonadoni uchun og‘ir judolik bo‘ldi. Salobatli, aql-farosatli va o‘z qavmi uchun jonini fido etishdan ham qaytmaydigan insondan ayrildilar. Abdulmuttalibning dafn marosimida butun qabila ishtirok etdi. Ular tobutni ko‘tarib ketishar ekan, yosh Muhammadning ko‘zlaridan tinmay yosh oqardi. Bu sinovlarning barchasi Alloh taolo tomonidan yosh Muhammadni payg‘ambarlikka tayyorlash uchun edi. Hammasi ummat, din, siz va biz uchun edi.
“Tasadduq, yo Rasululloh” kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan