Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2025   |    ,

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:02
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2025, ,

Makkada toshkentlik shayxdan izlagan kitobimni topdim

07.01.2025   5626   8 min.
Makkada toshkentlik shayxdan izlagan kitobimni topdim

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Shayx Abu G‘uddaning birgina kitobni uzoq izlab, nihoyat, Makkai mukarrammada Toshkentlik shayxdan topganlari xususida ajib hikoya

Shayx rahmatullohi alayh «Sahifalar» kitobida o‘zlarining hayotlaridan bir lavhani quyidagicha zikr etadilar: «Ba’zan biron kitobga yetishadigan bo‘lsam, Alloh taolo uchun falon-falon rakat namoz o‘qiyman deb nazr qilar edim. Bir kitobni qo‘lga kiritaman deb, qiziq voqeani boshimdan kechirganman. Uni shu o‘rinda keltirishni maqsadga muvofiq deb bildim:

«Qohiradagi al-Azhar universitetining shariat fakultetida o‘qib yurgan paytlarimda doimo shayximiz, alloma imom Muhammad Zohid Kavsariy rahimahullohning huzurlarida bo‘lardim. U zot alloma Shayx Aliy Qorining «Fathu bobil inoya bisharhi kitobin niqoya» kitobini olishni tavsiya qildilar. Foydali, nodir, durdona kitoblarni qo‘lga kiritishga ishqiboz ekanimligimni bilganliklari sabab, o‘sha kitobni topishga bir necha bor jiddiy tarzda qiziqtirgan edilar.

U kitob Hindistonda chop etilgan bo‘lsa kerak, deb yurardim. Qohirada olti yil yashagan bo‘lsam, to o‘qishni tugatgunimcha o‘sha kitobni izlab yurdim.

Topilishi mumkin deb faraz qilgan barcha kutubxonalarimdan so‘rab-surishtirdim, lekin u haqida biror ma’lumotga ega bo‘la olmadim. O‘z yurtimga qaytganimda ham Halabning qaysi shahrini ziyorat qilmay yoki qaysi kutubxonasiga kirmay, o‘sha kitobni izlashda davom etardim.

Men kitob Hindistonda chop etilgan deb o‘ylaganim va u hanafiy fiqhi borasida yozilgani bois, shoyad maqsadimga erishsam deb, kitobfurushlardan Hindistonda chop etilgan hanafiy mazhabiga oid barcha fiqhiy kitoblar haqida surishtirar edim. Lekin ular bu kitobning hatto nomini ham bilishmas edi. Damashqdagi qadimgi durdona kitoblardan xabardor bo‘lgan eski kitobfurushlar bor edi. Ularda juda ko‘plab qadimgi va qimmatbaho kitoblar bo‘lsa-da, ularni sotish masalasida juda ham qattiq turishar va anchagina qimmat narx belgilashardi.

Ular Sayyid Izzat Qusaybotiy va uning otasi, shuningdek, Shayx Hamdiy Safarjaloniy va Sayyid Ahmad Ubaydlar edi. Bir kuni Sayyid Izzat Qusaybotiydan Hindistonda chop etilgan «Fathul bobil inoya...» kitobi haqida so‘rasam, ul zot kitob unda borligini aytdi va Imom Ayniyning 1293 hijriy yilda Hindistonda chop etilgan juda katta – olti mujalladdan iborat «Al- Binoya bi sharhi Hidoya» kitobini olib chiqdi. Ushbu kitob ham men izlab yurgan qimmatbaho, nodir kitoblardan edi, ammo men u zotdan so‘ragan kitob emasdi.

Shuning uchun bu kitobni uncha qimmat bo‘lmagan narxda sotib oldim. Keyin men Shayx Hamdiy Safarjaloniy rahimahullohdan qidirib yurgan kitobim haqida so‘radim. Bilsam, kitob Rossiyada, Qozonda chop etilgan ekan. Aytishlaricha, kitob qizil gugurtdan ham nodirroq ekan. U kishi umri davomida qancha-qancha kitoblar bilan shug‘ullangan bo‘lsa-da, o‘sha kitobdan faqat bir nusxasi qo‘liga tushgani va uni alloma Imom Kavsariyga aql bovar qilmaydigan darajada qimmat narxga sotib yuborganini aytdi.

Kitob chop etilgan joyni aniq bilib olgan bo‘lsamda, unga yetishishga bo‘lgan umidim susaydi. Alloh taolo meni 1376/1957 yilda birinchi marotaba Baytullohni haj qilishga muvaffaq qilganida Makkai mukarramaga kirib, kitob bosilgan o‘lkalardan Allohning muborak shahriga ko‘chib kelgan kishilardan birontasi o‘zi bilan o‘sha kitobni olib kelgandir, degan umidda Makkadagi kutubxonalardan kitobni surishtira boshladim, lekin topa olmadim. Alloh taoloning inoyati bilan Makkai mukarramadagi bozorlardan birida odamlardan chekkaroqdagi bir eski kitobfurushning oldiga borib qoldim.

U zot shayx Mustafo ibn Muhammad Shinqitiy hafizahulloh ekan. U zotdan bir necha kitoblar sotib oldim. So‘ng noumid bo‘lgan holda haligi kitob haqida so‘rasam, bir haftacha oldin menda bor edi, deb qoldi. Kitobni buxorolik olimlardan birining merosidan sotib olgan ekan. Bir necha kun oldin uni asli buxorolik Toshkent ulamolaridan biriga qimmat narxga sotib yuborgan ekan. Ishonqiramay turgan edim u o‘sha kitobni menga sifatlay boshladi. Haqiqatdan ham o‘sha men anchadan beri izlab yurgan kitob edi. Shundan keyin kitobni sotib olgan toshkentlik olim kimligini so‘radim.

U zot o‘ylab turib shayx Inoyatulloh Toshkandiyning nomini aytdi. Undan o‘sha shayxning yashaydigan, ishlaydigan manzilini, uni qanday topish mumkinligini so‘radim. U bu haqda bilmasligini aytdi. Yana u kishi haqida kimdan so‘rab-surishtirishim mumkinligi haqida so‘ragan edim, buni ham bilmasligini aytdi. Shundan so‘ng o‘sha kitobni qo‘lga kiritish yoki uni sotib olgan kishi bilan uchrashishdan yanada umidim uzildi. Shunday bo‘lsa-da, Masjidul Haram yoki Makka bozorlarida uchratgan barcha buxorolik kishilardan shayx Inoyatulloh haqida surishtirib yuraverdim. Buxoroliklar bor deb aytilgan hech qaysi madrasa yoki karvonsaroy qolmadi, hammasidan o‘sha shayxni surishtirib chiqdim. Hatto Makka tashqarisidagi mahallalargacha bordim. Chunki ayrimlar u yerda ham buxoroliklar bor deyishgandi.

Lekin izlayotgan odamim bilan uchrashish qayoqda deysiz? Axir Makkai mukarramada Inoyatulloh ismli qanchadan-qancha buxoroliklar bordir. To‘xtovsiz so‘rab-surishtirishlar meni shayx Abdulqodir Toshkandiy Buxoriy Saotiyning huzuriga olib bordi. U zot Makka atrofidagi Jarval mahallasida istiqomat qilar ekan. U zotdan shayx Toshkandiy haqida so‘ragan edim, shayxni tanidi va menga uning asl ismini aytdi. Ismi shayx Mir Inoyat Toshkandiy ekan. Lekin u ham shayxning manzilini u bilan uchrashish mumkin bo‘lgan joylarni bilmas ekan.

Yana «Fathul bobil inoya...» kitobini olgan o‘sha shayx bilan uchrashishdan noumid bo‘lib qoldim. Oradan bir oz vaqt o‘tdi. Bir kuni Ka’bai muazzamani tavof qilib Alloh taolodan meni o‘sha insonga yo‘liqtirishini va o‘sha kitobni qo‘lga kiritishga muyassar etishini so‘radim. Ushbu duo va nolani bi necha bor takrorlayverdim. Oradan bir haftacha vaqt o‘tdi. Bu muddat ichida kitob va uning egasini qidiraverib, fikru hayolim parishon bo‘lib qolgan edi. Bu Allohga ayon.

Bir kuni (masjid kengayishidan oldin) Masjidul Haram eshiklaridan biri- «Bobu ziyoda»ning oldidagi bozorda aylanib yursam, Abu Arab degan eski damashqlik tijoratchi meni ko‘rib, ko‘rinishim va kiyimlarimdan shomlikka o‘xshatib oldiga chaqirdi. Shom o‘lkasi va Shom aholisi haqida so‘radi. Kitobga bo‘lgan ishtiyoqim kuchliligidan u kishidan birinchi bo‘lib haligi buxorolik shayx haqida so‘radim. U oldidagi do‘konda o‘sha shayxning kuyovi savdo qilishini, shayxni hammadan ko‘ra u yaxshi bo‘lishini aytdi. Bu gaplarni eshitib, shu qadar xursand bo‘ldimki, quloqlarimga ishonmay qoldim.

Darhol kuyovining oldiga borib, shayx haqida so‘radim. Savdogar hayron bo‘lib, «Nima uchun u kishi haqida so‘rab-surishtirib, u zot bilan uchrashishga harakat qilyapsiz?» – deb so‘radi. Men: «Bir haftadan beri Makka bo‘ylab u kishini tinmay izlayman, Xudo xayringizni bersin, uning qayerdaligini menga ayting», - dedim. U shayx Misfala mahallasida Saqif qahvaxonasida aytib, manzilini aniq tushuntirib berdi.

Shundan so‘ng men tunu kun u yerga qatnab, oxiri u kishi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldim. U zot kitobni menga o‘zlari istagan narxda arzonga sotdilar. O‘sha kun umrimda eng xursand bo‘lgan onlarimdan biri edi. Darhaqiqat, Alloh taolo menga o‘sha kitobni birinchi juzini tahqiq qilib, nashr qilishni nasib etdi. Alloh taolodan o‘z fazli va karami ila kitobning qolgan qismlarini ham nashr qilishga muvaffaq bo‘lishini so‘rab qolaman!».


Shayx Abdulfattoh Abu G‘udda rahmatullohi alayhning
«Sahifalar» kitobidan. 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

SUKUT saqlashning 702 ta eng muhim FOYDASI

23.12.2025   806   16 min.
SUKUT saqlashning 702 ta eng muhim FOYDASI

(5 qismdan iborat)

(faqat ASOSIYLARI) ni ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

   

      (1-qism)

KALOMULLOH – QUR’ONI  KARIMDA

MЕHRIBON  PARVARDIGORIMIZ

MARHAMAT  QILADI:

 

►«Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad shunda rahm qilingaysiz!» (A’rof surasi 7/204 oyat);

 

►«Yurganingda o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir» (Luqmon surasi 31/19 oyat);

 

►«Allohning rahmati sababli Siz, ey, Muhammad, sahobalarga muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, ular atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, gunohlari uchun kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling!» (Oli Imron surasi 3/159 oyat);

 

►«Ey, Muso! Siz o‘zingiz va birodaringiz Horun Mening oyatlarimni odamlarga olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringiz, chunki u «Men – xudoman», deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qo‘rqsa» (Toho surasi 20/42-44 oyatlar);

 

►«Ularning ko‘p shivirlashib gaplashishlarida yaxshilik yo‘qdir. Magar sadaqa berishga, ezgulikka yoki odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurgan bo‘lsalar, bu yaxshidir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shu ishlarni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz» (Niso surasi 4/114);

 

►«Mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchidirlar. Ular behuda so‘z va ishlardan yuz o‘giruvchidirlar» (Mu’minun surasi 23/1-3 oyatlar);

 

►«Qasamki, agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir» (Ibrohim surasi 14/7 oyat);

 

►«Faqat Allohgagina sig‘inasiz, ota-ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinso‘z bo‘ling...» (Baqara surasi 2/83 oyat);

 

►«Zotan, o‘ng va chap tomonda o‘tirgan ikki yozib turuvchi farishta qabul qilib yozib tururlar. U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir» (Qof surasi 50/17-18 oyatlar);

 

►«Holbuki, sizlarning ustingizda barcha so‘zingiz va ishingizni yodlab turuvchi farishtalar bor. Ular nomai a’molga yozuvchi ulug‘ zotlardir. Ular siz qilayotgan ishlarni bilurlar» (Infitor surasi 82/10-12 oyatlar);

 

►«Kimki tavba qilib ezgu ishlarni qilsa, bas, albatta, u Alloh rizosi va mag‘firatiga qaytgan bo‘lur. Ular (Rahmonning suyukli bandalari) yolg‘on guvohlik bermaslar va behuda so‘z yo ish oldidan o‘tgan vaqtlarida olijanoblik bilan undan yuz o‘girgan holda o‘tarlar» (Furqon surasi 25/71-72 oyatlar);

 

►«Ey, mo‘minlar! Allohdan qo‘rqingiz va to‘g‘ri so‘zlangiz! Shunda Alloh ishlaringizni o‘nglar va gunohlaringizni mag‘firat etar. Kimki Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsa, bas, u ulug‘ yutuqqa erishibdi» (Ahzob surasi 33/70-71 oyatlar).

 

 

JANOBI  PAYG‘AMBARIMIZ

RASULULLOH  SALLALLOHU  ALAYHI  VASALLAM

MЕHR-MURUVVAT  TARIQASIDA  MARHAMAT  QILADILAR:

 

>«Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin!» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);

 

>«Jim turgan najot topibdi» (Imom Termiziy rivoyatlari);

 

> «Haq bo‘la turib, janjalni tark etgan kishiga — jannat  yonidagi bir uyga kafilman!

> Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga — jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman!

> Chiroyli xulqli kishiga — jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman!» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

> «Haqiqiy musulmon – boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan ozor ko‘rmagan odamdir» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);

> «Kim sukut qilsa, najot topdi» (Imom Termiziy rivoyatlari);

> «Kimning gap-so‘zi ko‘p bo‘lsa, ko‘p gapirsa, ko‘p xato qiladi. Ko‘p xato qilgan odamning gunohi ortadi. Gunohi ko‘p odamga do‘zax munosibroqdir»;

> «Bandaning musulmonligi go‘zal bo‘lishining belgilaridan biri — uni o‘ziga aloqasi yo‘q narsalardan sukut qilishi» (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari);

> «Odam bolasining har bir so‘zi unga qarshi hisoblanadi, faqat yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish yoki Allohni zikr qilish bundan mustasno» (Imom Termiziy rivoyatlari);

> «Mo‘minlarning imoni eng mukammali — xulqi go‘zal bo‘lganlaridir» (Imom Termiziy rivoyatlari);

> «Ota-onaga duo qilishni tark etish rizqni kesadi»;

> «Albatta, odamlarga go‘zal xulqdan afzalroq narsa berilmagan» (Imom Tabaroniy rivoyatlari);

> «Uch toifa kishining qo‘lga kiritgan narsasida baraka bo‘lmaydi va qayerda bo‘lsa ham xorlanadi:

> Mening nomimni eshitganda salavoti sharif aytmagan;

> Ramazon oyiga hurmat ko‘rsatmagan;

> Ota-onasi tirik bo‘la turib, ularni xursand qilmagan»;

> «Yarimta xurmo bilan bo‘lsa ham o‘zingizni do‘zaxdan saqlang! Agar kimki buni topolmasa – shirin so‘z bilan!»;

> «O‘ziga tegishli bo‘lmagan narsalarni tark etishi – kishining yaxshi musulmon ekanligidan dalolatdir» (Imom Termiziy rivoyatlari);

> «Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular:  sihat-salomatlik va xotirjamlikdir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);

> «Yer yuzidagilarga rahm qiling, osmondagi Zot sizga rahm qilgusidir»;

> «Bir kishiga tabassum bilan yaxshi so‘z aytish – sadaqadir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);

> «Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat biling: keksaligingizdan oldin yoshligingizni, betobligingizdan oldin salomatligingizni, faqirligingizdan oldin boyligingizni, bandligingizdan oldin bo‘sh vaqtingizni,   o‘limingizdan oldin tirikligingizni!» (Imom Hokim rivoyatlari);

> «Qo‘shnilaringiz sizni “yaxshi odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yaxshisiz. Agar ular sizni “yomon odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yomon odamsiz»;

> «Sadaqaning afzali – kelisholmay qolganlarning o‘rtasini isloh qilishdir» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

> «Biror kishi bor aybingizni aytib, sizni haqoratlasa, siz uni unda bor aybi bilan ham haqoratlamang. Shunda buning savobi sizga, gunohi unga bo‘lur»;

> «Kim agar birovning aybini aytib, odamlarga oshkor qilsa, to o‘zi ham shu aybni qilmasdan dunyodan ketmaydi»;

> «Kimiki biror mo‘min kishining aybi yoki gunohini bilib turib, uni fosh etmay yashirsa, go‘yo tirigicha ko‘milgan go‘dakni tiriltirganchalik savobga ega bo‘lur» (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);

> «Kimki bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyo-yu oxiratda uning aybini yashiradi»;

> «Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur»;

> «Qaysi kishi o‘zganing aybini ko‘rib, uni yashirsa, xuddi tiriklay ko‘milgan qizni qabridan qutqargan kabi bo‘ladi» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

> «Kimki bir chumchuqni bekordan-bekor o‘ldirsa, Qiyomat kunida u chumchuq Arsh oldiga kelib, baland ovoz bilan: “Parvardigorim, bu bandadan so‘ragin, nima uchun meni behuda o‘ldirdi ekan?” deydi»;

> «Zolim bilan birga yurgan odam jinoyat sodir qilibdi»;

> «Birodaringiz zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham unga yordam bering!» (zulm ildiziga bolta urish – ham zolimga, ham mazlumga yordamdir);

> «Maslahatni aql egalaridan so‘ranglar – to‘g‘ri yo‘l topasizlar. Ularning aytganidan chiqmang – pushaymon bo‘lasizlar»;

> «Kim bir musulmonning gunohini yashirsa, Alloh uning gunohini dunyoda ham, oxiratda ham yashiradi»;

> «Kimniki Alloh Taolo do‘st tutsa, unga odamlarning hojatlari tushadigan qilib qo‘yadi»;h

> «Siz yaxshilikni unga munosib bo‘lganga ham, bo‘lmaganga ham qilavering. Agar siz ezgulikka loyiq odamni topsangiz, demak, u ezgulik ahlidir, agar unday odamni topmasangiz, demak, siz o‘zingiz ezgulik ahlidansiz»;

> «Kimki biror gunoh ish qilishni niyat qilsa-yu, so‘ngra niyatidan qaytsa, unga bir yaxshilik savobi yozilajak»;

> «Butun umr ezgulikni tilanglar!»;

> «Odamlarning yaxshisi – kishilarga manfaati ko‘p tekkanidir»;

> «Ummatimning rahmdillaridan va shafqatlilaridan fazilat istanglar! Chunki sizlar ularning qanotlari ostida yashaysizlar»;

> «Mazlumning duosidan saqlaninglar, garchi u kofir bo‘lsa ham. Chunki uning duosi to‘siqsizdir»;

«Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qilaolmagan odam — Xudoga ham shukr qila olmaydi»;

> «Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha, mo‘min bo‘la olmaydi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);

> «Allohning ne’matlari bilan yaxshi qo‘shnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin»

> «Kimki yaxshilik ko‘chatini qadasa, orzu qilgan hosilini yig‘ib oladi va kimki yomonlik urug‘ini sepsa, afsus-nadomat mevasini terib oladi»;

«Gunohli gapni eshitgan kishi ham uni aytganning sherigidir»;

> «Biror banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning ayblarini yashiradi» (Imom Muslim rivoyatlari);

«Kim o‘zining haq ekanini bilib turib, tortishuvni to‘xtatmasa, imonda haqqoniylik darajasiga yetmagan bo‘ladi»;

«Janjalni avval tugatgan kishiga jannatdan bir saroy beriladi»;

«Kim haqsiz bo‘la turib janjalni to‘xtatsa, unga jannatning chetidan bir saroy beriladi.

Kim haq bo‘la turib janjalni to‘xtatsa, unga jannatning o‘rtasidan bir saroy beriladi»;

«Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini Qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o‘z uyida ham sharmanda qiladi» (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

 

 

SAHOBAI KIROMLARDAN NAQL:

 

♦ «Biz Rasulullohning oldilarida hisob-kitobidan qo‘rqqanimiz uchun ko‘p sukut qilardik».

♦ Soib raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldim. Bas, odamlar meni maqtay boshladilar va go‘zal axloqlar bilan zikr qila boshladilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

 

“Rost aytdingiz! Otam, onam sizga fido bo‘lsin! Siz sherigim edingiz. Qanday ham yaxshi sherik edingiz.

Xilof ham qilmas edingiz. Talashib-tortishmas ham edingiz” dedim» (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyatlari).

 

: ushbu hadisi sharifning roviysi Soib ibn Abu Soib raziyallohu anhu avvallari Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning sheriklari bo‘lgan edilar. Ikki sherik bir-birlarini juda ham yaxshi bilar edilar. Shuning uchun ular bir-birlarini vasf qilishda boshqalardan ko‘ra afzal edilar.

 

Soib ibn Abu Soib raziyallohu anhuning Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga qilgan vasflarida U Zotning talashib-tortishish odatlari yo‘qligi aytilmoqda.

 

 

ULUG‘LARDAN   HIKMATLAR:

⇒ «Sukut – hikmat, lekin unga amal qilganlar juda oz».

 

⇒ «Kishi faqat kerakli gapni aytsin. Keraklisi kam, keraksizi ko‘pdir».

 

⇒ «Insonni yiqitadigan narsalarning eng ko‘pisi — tilidir».

 

⇒ «Kim “Muhammad sallallohu alayhi vasallamga ummatman, U Zotga ergashaman, U Zotdan o‘rnak olaman”, desa, hech ham talashib-tortishuvchi bo‘lmasin!».

 

«Sunnat ermish, kofir bo‘lsa, berma ozor,

Ko‘ngli qottig‘, dil ozordin Xudo bezor,

Alloh haqi, ondog‘ qulg‘a sijjin tayyor,

Donolardin eshitib, bu so‘z aydim mano»

(Hoja Ahmad Yassaviy).

 

⇒ «Har kim gapiradi, lekin kam odam sukutning qiymatini tushunadi».

 

⇒ «Jannatda faqat pok so‘z. Shuning uchun dunyoda ham pok so‘z — yoxud sukut afzal».

 

⇒ «Kishi sukut orqali o‘z yuragini, aqlini, vaqtini va obro‘yini saqlab qoladi».

 

⇒ «Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,

 Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay»

⇒ «Ko‘p so‘z — ko‘p xato. Sukut — qutqaruv».

⇒ «Aqlli kishi avval o‘ylaydi, keyin gapiradi».

⇒ «Bilimning ko‘pchiligi – so‘zda emas, sukutdadir».

⇒ «Agar bo‘lsang ipak kabi muloyim,

 Muloyim sen bo‘lsang, quling bo‘layin.

Qulog‘imga bergan panding olayin,

Kishiga qattiq so‘z aytuvchi bo‘lma»

⇒ «Sukut orqali inson gunohdan, xusumatdan, fitnadan saqlanadi».

 

⇒ «Tilni himoya qiladigan eng kuchli devor — sukut».

 

⇒ «Odamning yaxshiligi uning tilida namoyon bo‘ladi».

 

⇒ «Agarchi ul oyoq ostidadur xor –
Xudo maxluqidur, og‘ritma zinhor!
Takabbur qilmag‘il, ey, bema’oniy,
Faloniy o‘g‘lidurman deb faloniy!
»
                                                                      (So‘fi Ollohyor quddisa sirruhu).

 

⇒ «Tilga ega bo‘lgan inson — axloqiga ega bo‘lgan inson».

 

⇒ «Sukut – taqvo alomatlaridan».

 

⇒ «Sukut — ibodat sifatida ham bo‘lishi mumkin».

 

⇒ «Burung‘i holig‘a qilma nazzora,
Ani Tangrim aziz etsa na chora?!?
Ishonma otag‘a, qolma talabdin!
Qiyomatda so‘ralmasdir nasabdin
»

So‘fi Ollohyor quddisa sirruhu).

 

⇒ «Mo‘minning sifati — foydasiz gapdan saqlanish va sukut bilan nafsini himoya qilish».

 

⇒ «Agar so‘z yaxshilikka olib bormasa, sukut afzal».

 

⇒ «Gapni faqat yaxshi va haq so‘z bilan aytish darkor. Nojoiz, qattiq, fitnaga olib keladigan so‘zdan sukut qilish – Alloh amriga muvofiq».

 

⇒ «Agar sen qiblaga burmasang yuzni,

Besh mahal sajdayu namozing bekor.

Jannatga hech qachon tikmagil ko‘zni

Agar bir mo‘minga yetkazsang ozor»

(Abdulla Oripov).

 

⇒ «Sidq va xulqning belgisi — nazorat qilingan til».

 

⇒ «So‘zda tejamkorlik — kamso‘zlik va sukutga yaqin bo‘lgan odob».

 

⇒ «Agar so‘z rost va haq bo‘lmasa, sukut afzal».

 

⇒ «Qo‘pol so‘z — ilon gazagidek zararli».

⇒ «Makkaga yetti qat borgancha bo‘lur,

Boshini silasang o‘ksik insonni»

(Abdulla Oripov).

 

⇒ «Bekorchi va behuda so‘zlarni gapirish ham nafs kasalligidir».

 

⇒ «Sukut qiladigan odam kam gunoh qiladi, chunki har so‘z qayd qilinadi».

 

⇒ «Behuda so‘z ham “behuda ishlar”dan. Mo‘min bundaydan o‘zini olib qochadi».

 

⇒ «Qo‘pol so‘zdan sukut qilgan inson o‘zini ham, boshqani ham azobdan saqlaydi».

 

⇒ «Kamgap bo‘ling! Og‘zi yopiq baliqni hech kim qarmoqqa tushira olmaydi. Siz ham og‘zingizni yoping. Chunki qanchadan-qancha insonlar sizning xatolaringizni ovlash payida yurgan bo‘ladi. Siz xuddi mayin yomg‘ir kabi bo‘lingki, yomg‘ir qayerga yog‘sa, o‘sha yerga manfaat yetkazadi».

 

                    (Davomi bor...)

 

Ibrohimjon domla Inomov

Maqolalar