Mol-dunyo masalasida o‘zingizdan pastroqdagilarga qarang, dedik. Lekin dinu diyonat masalasida doim o‘zingizdan oldindagilarga qarang, ulardan ibrat oling, ularga yetib olishga intiling. Dunyo, boylik, sog‘lik va go‘zallik borasida o‘zingizdan quyidagilarga qarab, cheksiz marhamati uchun Allohga shukr qilsangiz, hayotingiz baxt-saodatga to‘ladi, Alloh taolo sizni shukr va sabr qiluvchilar safiga yozib, fazlu marhamati bilan ularga beriladigan mukofotlaridan sizga ham beradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
«Kimda ikki xislat bor bo‘lsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kimda bu ikki xislat bo‘lmasa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi. Dinu diyonatda o‘zidan yuqoridagilarga qarab, ularga ergashsa; mol-dunyoda esa o‘zidan pastdagilarga qarab, o‘zini ulardan afzal qilgan Allohga hamd aytsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kim din borasida o‘zidan pastdagilarga, dunyo borasida esa o‘zidan yuqoridagilarga qarab, o‘zi yetisha olmagan narsaga afsuslansa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi» (Imom Termiziy rivoyati).
Uch xil qarash qalbingizdagi mahzunlikni ketkazadi:
- birovlardagi narsalarga rozilik ko‘zi bilan qarash;
- musibatga uchraganlarga ibrat ko‘zi bilan qarash;
- ahvoli sizdan yomonroq, holi xarobroq odamlarga qarash.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Joriy yilning 2 iyun kuni ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, otinoyilar faoliyatini takomillashtirish maqsadida Namangan viloyatining shahar va tumanlarida faoliyat yuritayotgan bosh otinoyilar va targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirokida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Matluba Qahharova, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Iroda Ahmedova, O‘zbekiston musulmonlar idorasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Egamova ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda “Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”ning mazmun-mohiyati, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, “Vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘grisida”gi farmon mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Otinoyilar faoliyati bo‘yicha yangi ishlab chiqilgan qo‘llanma o‘qib eshittirilib, har bir bandiga izoh berib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati