Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Sentabr, 2025   |   3 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:55
Quyosh
06:13
Peshin
12:20
Asr
16:28
Shom
18:19
Xufton
19:31
Bismillah
25 Sentabr, 2025, 3 Rabi`us soni, 1447
Maqolalar

OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

10.01.2025   10171   4 min.
OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".

Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.

Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.

Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.

Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.

Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.

"Tafsiri Hilol" kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom institutida “Islom ensiklopediyasi”ning 1–3 jildlari taqdimoti o‘tkazildi

23.09.2025   2876   3 min.
Toshkent islom institutida “Islom ensiklopediyasi”ning 1–3 jildlari taqdimoti o‘tkazildi

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida “Islom ensiklopediyasi”ning dastlabki 1–3 jildlari taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Islom ensiklopediyasi bo‘limi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, akademik Nurislom To‘xliyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov hamda Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri, falsafa fanlari doktori (PhD) Ma’murjon Erkayev ishtirok etdilar. Shuningdek, institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va xodimlar tadbirda faol qatnashdilar.

Ensiklopediya – islomshunoslikda ulkan qadam

Tadbirni institutning Ilmiy ishlar va fan bo‘yicha prorektori S.Primov ochib berdi va so‘zni institut rektori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Uyg‘un G‘afurovga berdi. Rektor o‘z nutqida ensiklopediyaning islomshunoslikdagi ahamiyatini alohida ta’kidlab, uning uzoq umr ko‘ruvchi, kelajak avlod uchun ham manba bo‘lib qoladigan asarlardan biri ekanini bildirdi. Shuningdek, u sovet davridagi mashaqqatli sharoitda ham Qur’oni karim ma’nolar tarjimasi kabi buyuk ishlar amalga oshirilganini eslab o‘tdi.

Nurislom To‘xliyev: “Ensiklopediya – davlat rahbarining shaxsan nazaridagi ish”

Akademik Nurislom To‘xliyev nutqida ensiklopediyaning yaratilish tarixi va maqsadlariga to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, bu ish 20 jilddan iborat qilib rejalashtirilgan bo‘lib, davlat rahbarining shaxsan nazoratlari ostida amalga oshirilmoqda.

N.To‘xliyev ensiklopediya maqolalarini tayyorlashda birlamchi manbalardan foydalanishilmiylikxolislik va ommaboplik tamoyillari asos qilinayotganini qayd etdi. Ushbu asarning farqli jihati shundaki, uni keng jamoatchilik ham oson anglay oladi.

Ma’ruzachi turli misollar keltirdi:

  • “Uyg‘onish davri odamlari” asarida 99 nafar Buxoriy nisbali30–40 nafar Termiziy va Nasafiy allomalar tilga olingani,
  • Shahrisabz va Ishtihondan yigirmadan ortiq muhaddislar yetishib chiqqanini,
  • ensiklopediyaning maqsadlaridan biri – keng omma bilmagan, ammo islom ilmida iz qoldirgan allomalarni ham tarixga muhrlab qo‘yish ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, N.To‘xliyev ensiklopediya yaratish tajribasini xalqaro misollar bilan solishtirib, Turkiyadagi ISAM to‘plami 60 yil davomida 700 dan ziyod muallif ishtirokida tayyorlanganini va 44–45 jilddan iborat bo‘lganini qayd etdi.

Ensiklopediyada kimlar aks etadi?

Tadbirda ta’kidlanishicha, ensiklopediyaga:

  • sahobalar va tobeinlar,
  • yurtimizdan chiqqan buyuk allomalar,
  • islom sivilizatsiyasiga hissa qo‘shgan Yevropa olimlari ham kiritilmoqda.

Maqolalarda shaxslar hayoti bilan birga ularning asarlari, ilmiy merosi va ular haqidagi tadqiqotlar ham havola qilinadi. Bu esa ensiklopediyani nafaqat umumiy ma’lumot, balki ilmiy yo‘nalishda ham muhim manbaga aylantiradi.

 

Mehmonlar fikrlari

O‘MI raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov nutqida ensiklopediyaning yurtimizda ilm qayta tiklanayotganidan dalolat berishini ta’kidladi. U Samarqanddagi Chokardiza qabristoni haqida qiziqarli ma’lumotlar keltirib, unda 1 mln 240 ming ulamo dafn etilgani, ularning 400 mingdan ortig‘i Muhammad ismi bilan tanilganini qayd etdi.

Ma’murjon Erkayev esa ensiklopediyaning ilmiy va ommabop yo‘nalishda bo‘lishi lozimligini aytib, bu asarning har bir atama va misollar bilan boyitilishi muhimligini qayd etdi.

Ensiklopediyaning ahamiyati

Nurislom To‘xliyev ensiklopediyaning ahamiyatini quyidagicha ifoda etdi:

  • u din, ilm, fan va madaniyat vakillari uchun mas’uliyatli vazifa,
  • ommaga yetkazishda qisqa, lo‘nda va tushunarli bo‘lishi,
  • maqolalar ilmiy talablarga javob berishi,
  • xar bir maqolaning muallifi ko‘rsatilishi orqali mas’uliyat va javobgarlik ta’minlanishi.

Tadbir yakunida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Ensiklopediya maqolalarining OAK talablariga mosligielektron shakli va Vikipediya kabi ochiq platformalardagi rivojlanish istiqbollari muhokama etildi.

Institut rahbariyati tadbir mehmonlariga minnatdorlik bildirib, tashakurnoma va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Manba: https://oliymahad.uz/45368

Yangiliklar