Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan
«Mahr» aqdi nikoh yoki er-xotinlik qilish barobarida ayol haqdor bo‘ladigan narsaning ismidir.
Mahr turli nomlar bilan nomlanadi. Qur’oni karimda unga nisbatan «sadoq», «sadaqa», «ajr», «fariyza», «nihla» ismlari ishlatilgan. Bizda mahrning o‘rniga «qalin», «sut puli» kabi iboralar qo‘llanadi.
Ba’zi ulamolar: «Mahrning o‘nta ismi bor», deganlar. Bizda «mahr» ismi mashhur bo‘lganligi uchun shu ismni qo‘llashni ma’qul ko‘rdik.
Alloh taolo «Niso» surasida quyidagicha marhamat qiladi: «Ayollarga mahrlarini ko‘ngildan chiqarib bering» (4-oyat).
Ushbu oyati karima erga mahr berish vojib ekanini anglatuvchi to‘rtta oyati karimadan biridir. Aqdi nikoh bo‘lishi bilan mahr berish vojib bo‘ladi, agar qovushmay turib ajrashadigan bo‘lsalar ham.
Berilganda ham, kuyov tomonidan chin qalbdan chiqarib berilishi talab etiladi va mahr kelinning shaxsiy mulki bo‘ladi. Bu shar’iy hukm kelinlarni hurmatlash, taqdirlash va erkalashning muhim bir ko‘rinishidir.
Mahr berish farz amal hisoblanadi. Hatto shundayki, kelin-kuyov o‘zaro kelishib, ikkimiz ham rozimiz, bu hukmga amal qilmay qo‘yaveramiz, deyishga ham imkonlari yo‘q. Agar bilimsizlik oqibatida yoki boshqa sabablarga ko‘ra mahr belgilanmay, nikohlanib ketgan bo‘lsalar ham, keyin baribir mahr berilishi kerak. Hattoki, er mahrni berishdan oldin vafot etib qolsa ham, merosxo‘rlari mahrni ado etishlari lozim bo‘ladi.
Ushbu oyatda er o‘ziga xotin bo‘lishga rozi bo‘lgan ayolga mahrni og‘rinib emas, chin ko‘ngildan chiqarib berishi lozimligi uqtirilmoqda va mahr kelinning o‘z mulkiga aylanishiga ham ishora qilinmoqda.
Ayol mahrni olganidan keyin nima qilsa, o‘zi biladi. Jumladan, ushbu oyatda zikr qilinganidek, eriga qaytarib bersa ham o‘zining ishi.
Agar kelin o‘z ixtiyori bilan rozi bo‘lib erining bergan mahrining hammasini yoki bir qismini qaytarib bersa, er uni bemalol olib, tasarruf qilsa bo‘laveradi.
عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: «...فَالْتَمِسْ وَلَوْ خَاتَمًا مِنْ حَدِيدٍ...». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.
Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylanmoqchi bo‘lgan kishiga:
«...Agar bir temir uzuk bo‘lsa ham top...», – deganlar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Nabiy alayhissalom biror nikohni mahrsiz qo‘ymaganlari sobitdir.
Musulmonlarning barchasi nikoh mahrsiz bo‘lmasligiga ijmo’ qilganlar.
Mahrning ozi o‘n dirhamdir
O‘n dirham bir dinorga teng keladi. Bu – nisobga yetgan molning yigirmadan biri deganidir. Ushbu ma’lumotga suyanib, har bir davrdagi mahrning eng oz miqdorini belgilash oson bo‘ladi. Buning uchun o‘sha davrning zakot nisobi, mazkur miqdorning yigirmadan biri aniqlansa, eng oz mahr miqdori chiqadi.
عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: لَا مَهْرَ أَقَلَّ مِنْ عَشْرَةِ دَرَاهِمَ. رَوَاهُ الدَّارَقُطْنِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘n dirhamdan oz mahr yo‘q», dedilar (Doraqutniy va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).
Agar o‘n dirham miqdoridan ozni aytgan bo‘lsa ham, o‘n dirham miqdorini berish vojib bo‘ladi.
Mahr pul bo‘lishi shart emas. Kiyim, taqinchoq yoki shunga o‘xshash mulk bo‘ladigan va halol narsa bo‘lsa joiz. Kuyov taraf o‘n dirham yoki uning qiymatidan oz miqdordagi narsani mahr deb aytgan bo‘lsa, baribir o‘n dirham yoki uning qiymatidagi narsani berishi lozim bo‘ladi.
Agar undan boshqani aytgan bo‘lsa, ikkovlaridan biri vafot etganda yoki sahih xilvat bo‘lganda atalgan narsani berish vojib bo‘ladi.
Ya’ni, er taraf kelinga o‘n dirhamdan oz bo‘lgan mahrdan boshqani, o‘n dirham yoki undan ko‘pni mahrga berishni atagan bo‘lsa, birlari vafot etgan chog‘ida yoki ikkovlari sahih xilvatda qolganlaridan keyin o‘shani berish vojibga aylanadi.
Sahih xilvat deganda, aqdi nikohdan keyin eru xotin bir joyda xoli qolib, ularni jinsiy aloqadan to‘suvchi hissiy, shar’iy va tabiiy mone’liklar bo‘lmasligi ko‘zda tutiladi.
Xoli joy deganda, hamma tomoni yaxshi to‘silgan, ikkovlarining iznisiz oldilariga birov kira olmaydigan makon ko‘zda tutiladi.
Hissiy mone’lik deganda, er bemorligi tufayli vaqtincha jinsiy aloqaga yaramay turganligi ko‘zda tutiladi. Shuningdek, ayolning farjida to‘siq bo‘lib, jinsiy aloqaga mone’ bo‘lishi ham hissiy mone’likka kiradi.
Shar’iy mone’lik deganda, ayolning hayzli yoki nifosli bo‘lishi, ikkisidan biri ro‘zador yoki ehromda bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Tabiiy mone’lik deganda, er-xotindan boshqa shaxsning ular bilan birga bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Ana o‘sha shartlar to‘liq bo‘lib, sahih xilvat yuzaga kelgandan keyin erga mahrni to‘liq berish vojib bo‘ladi, agar xotinning aybi bilan nikoh buzilsa ham. Misol uchun, qovushgandan yoki sahih xilvatdan keyin ayol dindan chiqib, murtad bo‘lsa ham, mahrni to‘liq olish haqqiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, avval ham aytib o‘tilganidek, er‑xotinning birining o‘limi bilan ham to‘liq mahr vojib bo‘ladi. O‘lim qovushganlaridan oldin sodir bo‘ladimi, keyinmi, baribir.
Jinsiy olatning kesilgan bo‘lishi, jinsiy zaiflik va bichilganlik man qiluvchi omil emas.
Bunday holatlarda ham kelin-kuyov yolg‘iz qolsalar, sahih xilvat hisoblanaveradi.
Davomi bor...
"Baxtiyor oila" kitobidan