Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyun, 2025   |   14 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:28
Asr
17:37
Shom
19:59
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyun, 2025, 14 Zulhijja, 1446

"Maqsadimga erishdim" degan adashadi

16.01.2025   8507   4 min.

Har birimiz hayotda muvaffaqiyat qozonish istagida bo‘lamiz-u, lekin unga yetisha olmaymiz. Buning sababi esa “muvaffaqiyat”ni yetib bo‘lmas bir ro‘yo deb o‘ylashimizdir. Aslida biz muvaffaqiyatga eltuvchi omillarga bee’tibor bo‘lamiz, natijada muvaffaqiyatsizliklarimiz ko‘payib boraveradi.

Muvaffaqiyat – bu yaxshidan yanada yaxshirog‘i tomon intilishimizdir. (Barkamollik Alloh taoloning O‘zigagina xosdir). Birortasi sizga “Hayotdagi maqsadimga erishdim” desa, bilingki, u odam qulay boshlabdi. Kishi muvaffaqiyat sari harakat qilishi zarur. Zero, Alloh azza va jalla hech bir odamning ajrini zoye qilmas. Badi’uz zamon Hamazoniy bunday deydilar:

Vojib manga tirishmog‘im, qilmoq jahd,
Shart bo‘lmag‘ay najohni idrok etmak.

Hayot bo‘stonidan muvaffaqiyat mevalarini terish ilinjidagi kishiga oid mana bu nasihatlar sizga ham asqatadi. Bu nasihatlar ikki dunyo saodatini topish uchun chaqiriqdir. Zero, oxirat diyorida kishi ochiq-oydin xusronga yuz tutar ekan, uning dunyo hayotidagi zafaridan ne naf?!

Alloh taologa taqvoni lozim tuting, shuning o‘zi xayr­li oziqa va a’lo nasihatdir. Zero, Alloh taolo Taloq surasining 2–3-oyatlarida: «...Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning yo‘lini ochib qo‘yur. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur...», deya marhamat qiladi va yana xuddi shu suraning 4-oyati so‘ngida ham: «...Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning ishida osonlik qilib beradur!» – deya  taqvo qilishga amr qilgan.

Qalbingiz avval Alloh taolo va Uning Rasuliga, ke­yin esa ota-onangiz va atrofingizdagilarga muhabbat ila to‘lib-toshsin. Zero, muhabbat kishini yoshartiradi, umrni uzaytiradi, xotirjamlik baxsh etadi. Nafrat esa qalbni qoraytiradi. Muhabbat jarohatga malham bo‘lib xizmat qiladi hamda qalbga mehr va yaqinlik taftini soladi.

O‘zingizga bo‘lgan muhabbatingiz boshqalarga nisbatan kichikroq, ozroq bo‘lsin. Alloh taolo Hashr surasining 9-oyatida ansoriylarni maqtab: «...Va gar o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, (ularni) o‘zlaridan ustun qo‘yarlar...», deya marhamat qiladi. Odamlarga yaxshilik ilinib farahmand bo‘ladigan kishilar haqiqiy baxtiyor insonlardir. Badbaxtlar esa faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlaydilar. Oxir-oqibatda hech qanday savobga erishmaydilar.

Qalbingizni muhabbat, bag‘rikenglik, g‘amxo‘rlik kabi tuyg‘ular bilan to‘ldirish uchun harakat qiling. Hech shak yo‘qki, badbaxtlarning qalblari hasad, g‘azab va nifoq ila limmo-lim bo‘ladi.

O‘tgan ishlarga qayg‘urmang! Noxushliklarga ko‘z yosh to‘kish foyda bermaydi. Birovlarning musibatlaridan kuladiganlar esa o‘zlariga jabr qiladilar. Ko‘zadagi to‘kilgan sutga ayyuhannos solgandan ko‘ra, uning o‘rnini qoplash payida bo‘ling. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu muborak so‘zlarini doimo yodda tuting: “Senga biror ish sodir bo‘lsa, “agar bunday qilganimda, mana bunday bo‘lardi-da” deya ko‘rma, faqatgina “Alloh taqdir qilgan ekan, O‘zi xohlagani bo‘ldi” deb
aytgin. “Agarda” shaytonga yo‘l ochib beradi”[1].

Nafsingizni yaxshi gumon qilishga o‘rgating! Zero, yaxshi gumonda bo‘ladiganlar tunda osmonga tikilib, oyning nazokatini ham ko‘ra oladilar. Badgumonlar esa samoga tashlagan nazari ortida zulmatdan boshqa narsani ko‘ra olmaydilar. Boshqalarni o‘zidan ko‘ra yaxshiroq deb o‘ylaydiganlardan bo‘ling. Yaxshilikka yo‘yuvchilar boshqalarning muhabbatiga sazovor bo‘ladilar. Badgumonlar esa o‘z atrofidagilarni go‘yo quvib-soladilar.

Haliymiy  aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam yaxshi gumonni xush ko‘rardilar. Chunki  badgumonlik Alloh taolo xususidagi yomon o‘ylovdir. Nekgumonda bo‘lish esa Alloh taolo xususidagi yaxshi o‘ydir. Mo‘min hamma holatda ham Alloh taolo xususida yaxshi gumonda bo‘lishga ma’murdir”.

Boshqa bir hadisda Muoviya ibn Hakam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men: “Yo Allohning Rasuli, bizning oramizda shumlanadiganlar bor”, dedim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “U ko‘ngillariga kelgan narsa xolos. Bu narsa ularni (biron ish qilishdan) to‘smasin”, dedilar».

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1] Imom Muslim rivoyati.

 

 

Boshqa maqolalar

Jannatning hamma eshiklarini ochinglar...

09.06.2025   3575   2 min.
Jannatning hamma eshiklarini ochinglar...

 

﴿ شَهِدَ ٱللَّهُ أَنَّهُۥ لَآ إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ وَٱلۡمَلَٰٓئِكَةُ وَأُوْلُواْ ٱلۡعِلۡمِ قَآئِمَۢا بِٱلۡقِسۡطِۚ لَآ إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ ٱلۡعَزِيزُ ٱلۡحَكِيمُ ﴾
[ آل عمران: 18]

 
 


O‘qilishi: Shahidallohu annahu laa ilaha illa huva val malaaikatu va ulul ilmi qooiman bilqisti laa ilaha illa huval ’aziyzul hakiym.

Ma’nosi: "Alloh adolat ila turib, albatta, Undan o‘zga iloh yo‘qligiga shohidlik berdi. Farishtalar va ilm egalari ham guvohlik berdilar. Undan o‘zga iloh yo‘q. U aziz va hakim Zotdir" (Oli Imron surasi, 18-oyat).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida "Allohdan boshqa iloh yo‘q ekanligiga men ham guvohman" desa, Alloh taolo ushbu oyatning harflari adadicha farishtalarni qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqqiga istig‘for ayttirib qo‘yadi".


U zot alayhissalom boshqa hadisda bunday deganlar: "Kim uyquga yotishidan oldin ushbu oyatni o‘qisa, Alloh taolo yetmish mingta farishtani yaratadi va ular qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar".


Abu G‘olib aytadilar: "Men Kufaga tijorat qilish uchun borganimda A’mashga qo‘shni bo‘lib turdim. Shunda u kishini har kecha ushbu oyatni takror va takror o‘qigani va undan keyin: "Men ham Alloh guvohlik bergan narsaga guvohman, men ushbu guvohligimni Allohga omonat qilib topshiraman. Qiyomat kunida Alloh taolo menga omonatimni qaytargay" deganlarini eshitar edim.
 
Shunda u kishidan buning sababini so‘raganimda, aytgan edilar: "Abu Voil menga Ibn Mas’uddan rivoyat qilib aytgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida ushbu kalimalarni aytsa, qiyomat kunida Alloh taolo unga xitob qilib bunday deydi: "Bandam menga bergan va’dangda turding, ya’ni tavhidda, Men ham O‘z va’damda turaman. Ey, maloikalarim! Jannatning hamma eshiklarini ochinglar, bu bandam xohlagan eshigidan kirsin", deydi".