Savol: Qur’on o‘qiyotganda farzandlar shovqin qilib qolsa, ularga jim bo‘linglar deyiladi-da, keyin yana Qur’on tilovatida davom etib ketiladi. Shunda qayta a’uzu yoki bismillah aytiladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda "A’uzu billahi minash-shaytonir-rojiym"ni aytib tilovatni davom ettirish mustahabdir. Chunki Qur’on tilovati asnosida qiroatga aloqasi bo‘lmagan gaplarni gapirsa, qiroatni a’uzuni aytib davom ettiradi. Agar Qur’on qiroatiga aloqador gaplarni gapirgandan keyin qiroatni davom ettirsa, a’uzuni aytmasdan davom etaveradi. Bu ikki holatda ham "bismillah" aytilmaydi (“An-nashr fil qiroatil ashr” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Fazilatli Shayx Abdulloh Sirojuddin rahimahullohdan: "Alloh taoloning "As-Somad" ismini zikr qilishda adad bormi?" deb so‘rashdi. U zot: "Hojatlarni ravo bo‘lishi uchun saharda (125) bir yuz yigirma besh marotaba zikr qilinadi", deb javob berdilar.
Alloh taoloning "As-Somad" ismining ma’nosi: "Barcha mahluqotlar Unga yuzlanadigan va bandalari barcha diniy va dunyoviy muhim ishlarida Uni qasd qiladigan Zotdir. U ulug‘ sifatlari kengdir. Barcha mahluqotlarni Unga hojati tushadigan, butun borliq Uni qasd qiladigan Zotdir. Ularning barcha ishlarida undan o‘zga Robb yo‘qdir", demak.