Uydan faqirlikni quvishda Ixlos surasini o‘qish haqida
Sahl ibn Sa’d Su’adiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi, ansorlardan bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib faqirlik va yashash qiyinligidan shikoyat qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Uyingga kirsang, uyda biron kim bo‘lsa salom ber. Hech kim bo‘lmasa menga salovot ayt va “Qul huvallohu ahad”ni bir marta o‘qi”, dedilar.
U kishi shunday qilgandi, Alloh taolo unga mo‘l rizq ato etdi, rizqini ko‘payib berdi va hatto (orttirib) qo‘shnilariga ehson qila boshladi.
“Tafsiri Abul futuh” va “Mustadrok”dan
Oisha roziyallohu anho aytadilar: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mehrlari ortib turganini ko‘rgan vaqtimda u zotga: "Yo Rasululloh, Allohga men uchun duo qiling!", dedim.
U zot alayhissalom: "Allohim, Oishaning oldingi va keyingi, oshkorayu maxfiy gunohlarini mag‘firat qilgin!" deb duo qildilar.
Oisha roziyallohu anho juda xursand bo‘lib, kula boshladilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Duoim seni quvontirib yubordimi?" dedilar.
Oisha roziyallohu anho: "Axir qanday qilib duoingiz quvontirmasin, albatta xursand bo‘ldim!" dedilar.
U zot alayhissalom: "Allohga qasamki, ushbu duoni ummatim uchun har namozimda so‘rayman", dedilar (Ibn Hibbon rivoyati).