Qachonki Alloh taolo: "Har bir nafs o‘limning mazasini totguvchidir" (Oli Imron surasi, 185-oyat) oyatini nozil qilganida, farishtalar: "Biz nafs emasmiz, balki biz pokiza ruhlarmiz", dedilar.
Shunda Alloh taolo: "Uning ustidagi (ya’ni yerdagi) barcha narsa halok bo‘lguvchidir" (Rahmon surasi, 26-oyat)ni nozil qildi.
Shunda farishtalar: "Biz yerda emas, balki osmondamiz", dedilar.
Shunda Alloh taolo: "Undan o‘zga har bir narsa halok bo‘lguvchidir. Hukm Uning O‘zigaginadir va faqat Ungagina qaytarilursiz" (Qasas surasi, 88-oyat)ni nozil qildi.
Shunda farishtalar Robbilariga sajda qilib: "Faqat Uning O‘zi abadiydir", deb tasbih aytdilar.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Bugun, 23 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi elchisi Yusuf al-Utaybiyni qabul qildilar.
Muloqot chog‘ida ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari tufayli O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni aloqalari tarixiy davrga qadam qo‘ygani, ayniqsa, mana shunday iliq munosabatlar natijasida oliy darajadagi muloqotlar, tashriflar, kelishuvlar amalga oshirilgani, ko‘p qirrali hamkorlik va keng ko‘lamli sheriklik kengaygani, shuningdek, qo‘shma korxonalar soni ortgani va ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar ko‘paygani ta’kidlandi.
Ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani, xususan, haj va umra tadbirlari namunali tarzda tashkil etilayotgani, keng ko‘lamli xayriya tadbirlari va ijtimoiy loyihalar muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgani, xalqaro anjuman va ko‘rgazmalarda ikki tomonlama faol ishtirok va hamkorlik qilinayotgani kabi jihatlarga urg‘u qaratildi.
Tomonlar haj-umra, ziyorat turizmi, ilmiy-tadqiqot, tajriba almashish va diniy-ma’rifiy sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati