Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma kuni Oli Imron nomli surani o‘qisa, Alloh va Uning farishtalari quyosh botguncha unga salavot aytib turadilar», – dedilar (Tabaroniy rivoyat qilgan).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam juma kuni bomdod namozida «Alif lam mim. Tanzilu…»ni – Sajda(surasi)ni – va «Hal ata ’alal-insani»ni qiroat qilar edilar» (Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilishgan).
Ibn Abu Sayf Yamaniy «Al-lam’a fi rag‘oibi yavmil jumu’a» kitobida Termiziyning quyidagi gaplarini keltiradi:
«Tasbeh namozini juma kuni zavol paytida o‘qish mustahabdir. Birinchi rak’atda Fotihadan keyin Takosurni o‘qiydi, ikkinchisida Val asrni, uchinchisida Kofirunni, to‘rtinchisida Ixlosni o‘qiydi». So‘ng oxirida o‘qiladigan qo‘shimcha duoni ham keltirgan.
«Juma haqidagi oyat va hadislar» kitobidan
Hakimlardan biri aytadi: “Odam dard oldida yiqilishi ayb emas, balki lazzatlar jarligiga qulab ketishi haqiqiy aybdir”.
Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot: “Gunohdan lazzatlansang, u lazzat ariydi, uning gunohi esa qoladi. Agar yaxshilik yo‘lida xorisang, charchoqlar tarqab ketadi, yaxshilik (foydaga) qoladi”, dedilar.
Men Shayx Aliy Tantoviydan hayotlarida o‘qigan eng go‘zal hikmat qaysi ekanini so‘raganimda, u zot: “Yetmish yildan oshibdiki, o‘qish bilan bandman va Ibn Javziy rahimahullohning “Saydul-xotir” kitobida rivoyat qilgan “Shak yo‘qki, toatning mashaqqati ketadi va uning savobi qoladi, ma’siyatlarning lazzati ketadi va uning gunohi qoladi” degan hikmatidan go‘zalrog‘ini o‘qiganim yo‘q”, degan edilar.
Ushbu ma’nolarni Kusayyir Izza ham aytib, bunday deganlar:
Haromdan totsang gar lazzat qaymog‘in,
Mazasi ketib qolar, gunohi-ori...
Doimo yodingizda tutingki, hayotda insonni chalg‘itadigan ziynatlar qarshisida nafs ustidan g‘olib bo‘lishdan-da lazzatliroq narsa yo‘q.
Har kishining o‘z lazzat unsurlari bor:
Obidlarning lazzati munojotda.
Ulamolarning lazzati tafakkurda.
Saxiylarning lazzati ehsonda.
Muslihlar (islohotchilar)ning lazzati hidoyatda.
Badbaxtlarning lazzati birov bilan g‘ijillashishda.
Pastkashning lazzati dilozorlikda.
Zalolatdagilarning lazzati ig‘vo va buzg‘unchilikda.
Hech nafsingizdan: “Mening lazzatim nimada?” deb so‘rab ko‘rganmisiz. Hayotning qadr-qimmatini belgilaydigan lazzat puldor bo‘lish, obro‘ orttirish, katta-katta mansablarda emas. Aslida u o‘zingizdan keyin qoldiradigan yaxshi nomdadir... U – riyosiz qilayotgan yaxshi ishingizda. U – foydali ilmda. U – farzandlaringizga o‘rgatgan ilmingizda. Ular Qur’on tilovati ila sizga savob yo‘llashadi. Siz undan dunyo va oxiratda foyda olasiz. Hayotning mazmuni bo‘lgan lazzat – bu biror-bir yaxshi odatdir. Sizdan keyin atrofingizdagilar uni odat qilib, hayotlariga tatbiq etadilar. Bu lazzat hayotning qaysi jabhasida bo‘lmasin, Allohning roziligiga erishtiradi...
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.