Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

Sizni do‘zaxdan xalos etadigan hasana

27.01.2025   4119   2 min.
Sizni do‘zaxdan xalos etadigan hasana

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qadrdonim, tasavvur qiling, siz qiyomat kunidasiz. Gunohlaringiz bilan savoblaringiz pallasi teng kelib qoldi, endi siz do‘zaxdan qutulish payida bitta hasanani izlash kerakligini tushunib turibsiz... O‘sha yaxshilikni qo‘lga kiritish uchun bor-budingizni sarflashga ham tayyorsiz. Shu zayl o‘sha uzun kun yo‘lida nima qilishni bilmay qolasiz. O‘sha kunning miqdori  ellik ming yil. Yana u kun quyosh odamlarning boshiga yaqin kelib qoladigan, tafti esa bir necha barobar kuchaytiriladigan hisob kunidir. Siz ana shu vaqtda milliardlab ust-boshsiz odamlar bilan birga joningiz chiqquday xavfu xatar va ashaddiy qiyinchiliklar girdobida qolgansiz.

Mana shu dahshat ummonidagi odamlar orasidan  sizning savob pallangizni tosh bostiradigan bir amalni so‘ragani mehribon otangizni qidirib yuribsiz. Holbuki hamma o‘zi bilan o‘zi ovora, jonini saqlab qolish ilinjida turibdi, hamma ham siz qidirayotgan narsani qidirayapti. Endi tasavvur qiling-chi, shuncha odam orasidan o‘sha bir yaxshilikni topishga qancha vaqt ketarkin?! Siz uchun dunyoda mol-davlatini ustingizdan to‘kib-sochgan mehribon otangiz o‘sha yaxshilikni beradi deb o‘ylaysiz, taassufki uning “voy jonim, voy jonim” deganini eshitganingizda hafsalangiz pir bo‘ladi. Shu on siz uchun jonini fido aylagan mushfiq onangiz xayolingizga keladi.

Endi siz teringiz sel bo‘lib onaizoringizni izlayapsiz, undan marhamat so‘raysiz-u, zora u sizga bir hasana bersa... Dunyodalik paytingiz nazarga ilmaganingiz bir hasanani... Ammo onangiz ham “o‘zim, o‘zim, o‘zimni qutqaray” deyishdan nariga o‘tmaydi. Bir necha yuz yillar bitta hasanani izlab topa olmaysiz. Biroq dunyoda qanchadan-qancha savobni bir ondayoq qo‘lga kiritishga imkoniyatingiz bor edi, shunday emasmi?!

Ne ajabki, savoblar bozorining narxi oshib ketganini ko‘ring!

Farazan siz o‘sha bir savobni mahshar maydonidagilarning birortasidan qo‘lga kiritgan taqdiringizda ham, uning evaziga qancha haq to‘lashga tayyorsiz?! Bir savob uchun barcha qimmatbaho narsalaringizni berib yuboradigan kun emas bu,  to‘g‘rimi? Albatta, ha, bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas, axir siz uning sababidan jannatga kirib, jahannamdan qutulib qolmoqchisiz!..

Kofirlarning holini bayon qilib Alloh taolo Moida surasining 36-oyatida aytadi: «Darhaqiqat, kufrda bo‘lganlar qiyomat kunining azobidan qutulish uchun mabodo Yer (yuzi)dagi (hamma) narsaning ikki barobariga ega bo‘lganlarida ham, ulardan qabul qilinmagay. Ular uchun alamli azob (tayyorlab qo‘yilgandir)».

 

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

Boshqa maqolalar

Sog‘lom bolaning dunyoga kelishida onaning o‘rni

13.06.2025   2569   4 min.
Sog‘lom bolaning dunyoga kelishida onaning o‘rni

Qur’oni karimda “ONA” so‘zi ulug‘vor va mo‘tabar narsalarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Shuningdek, Alloh taolo ularga hech kimga nasib qilmagan buyuk maqomni in’om etgan. Bu haqda Alloh taolo Luqmon surasida: “Biz insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tardi; uni sutdan ajratish ikki yil ichidadir” degan (14-oyat).


Mufassir Ibn Atiyya rahimahulloh ushbu oyatning tafsirida: “Alloh taolo bu oyatda onaning xizmatini alohida ta’kidlab o‘tgani, onalarning darajasi yuqori ekaniga ishora qiladi”, degan.

O‘z havoi nafslaridan biror so‘z aytmagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kimga yaxshilik qilish kerakligi so‘ralganda uch bora “onangga yaxshilik qil” deb javob berganlar.


Onaning vazifasi – farzandni dunyoga keltirish, boqish va uni tarbiyalab voyaga yetkazish bilan cheklanadimi yoki ularning bundanda boshqa muhim hamda kattaroq mas’uliyatlari bormi?


Bu savolga zamonaviy ilm-fan bizga javob beradi...

Keling, savolga javobni ona qornida rivojlanadigan va ona tanasining ajralmas qismi hisoblangan homiladan boshlaylik. Onaning jismoniy holati va uning ovqatlanishi homilaga ta’sir qilganidek, onaning hissiy holati ham ta’sir qiladi.

2013 yilda Granada (Ispaniya) universiteti olimlari 5 yil davomida tadqiqot o‘tkazishdi. 17 ming nafar onalar va 18 ming chaqaloqlar qamrab olgan tadqiqotda sog‘lom ovqatlanish va emizishning farzand salomatligiga ta’sirini kuzatdilar.

Unga ko‘ra, homiladorlik vaqtida onalarning to‘g‘ri ovqatlanishi va diyeta qilishi – farzandning sog‘lom tug‘ilishi va rivojlanishi uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qilishi aniqlangan. Tadqiqotda onaning aqliy salohiyatining yuqori bo‘lishi farzandga katta ta’sir etishi isbotlangan.

Shuningdek, onaning ruhiy holati homilaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishi kuzatilgan. Ruhiy tushkunlik, depressiya, qayg‘u va tashvish ichki stress, xususan, kortizol gormonini keltirib chiqaradi.

Ona tushkunlikka tushganda kortizol farzand miyasining rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada bola miya qismidagi o‘zgarishlar sababli bezovtanaladi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kortizol gormoni qondagi kislorod miqdoriga, natijada bolaning nafaqat tug‘ma nuqsonlar bilan yoki erta tug‘ilishi, hatto uning butun kelajakdagi hayotiga ta’sir qilishi mumkin.

Stressni boshdan kechirgan homilador ayollardan dunyo kelgan farzandlarda ruhiy kasalliklar, semirish, qand kasalligi, saraton va asab tizimi kasalliklari ehtimoli ham ularda yuqori bo‘lgan.

Xavotirli yeri shuki, bu alomatlar kelgusi avlodga ham o‘tgan. Ha, uning asorati nafaqat farzandlari, balki nabiralarining hayotlariga ta’sir o‘tkazgan.

 

Onaning bolasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi va mehri farzandning maktabdagi fanlarni yaxshi o‘zlashtirishni, ayniqsa, matematika va chet tillari kabi fanlarni puxta o‘rganish qobiliyatini hamda o‘qish ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Shuningdek, olimlarning ta’kidlashicha, bolaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim omillardan biri bu – ona-bola o‘rtasidagi iliq munosabatlar sanaladi. Onaning stress holati esa, farzandning miyasiga jiddiy ta’sir qiladi.

Miyaning tubiga kirib borishga imkon beruvchi so‘nggi texnologiyalar onaning mehr-muhabbati bola miyasining gippokampus deb ataladigan qismiga ta’sir qilishi aniqlangan. U xotira hujayralarining yangilanishi, yodlab qolish qobiliyati va stressga javob berish vazifalarini bajaradi.


Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, gippokampus ko‘rsatkichi onasidan mehr ko‘rganlarda mehr ko‘rmagan bolalarga qaraganda yuqori ekani kuzatilgan.

Ruminiyada yoshligidan stressda, beparvo munosabatda ulg‘aygan bolalar ustida olib borilgan tadqiqot natijalarida ularning miya qismida qora tuynuklar borligi aniqlangan.

Gerhard Suyu o‘zining “Muhabbat qanday ta’sir qiladi?” nomli kitobida “Farzandga qilingan har qanday munosabat uning miya faoliyatiga ta’sir qiladi. Agar farzandga doimiy ravishda qattiqqo‘llik, do‘q-po‘pisa qilinsa, u asabiy, qo‘rqoq, o‘z fikrini erkin bayon eta olmaydigan bo‘lib voyaga yetadi”.

AQSHda 3 mingga yaqin shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada, ona va bola o‘rtasida sog‘lom hissiy munosabatlar mavjud bo‘lsa, ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga ijobiy ta’siri 74 yil davom etishi mumkinligini aniqlangan.

Demak, farzandning nafaqat sog‘lom, balki salohiyatli bo‘lishida ham Onalarning o‘rni va mas’uliyati shunchalik yuqori ekan.

 

Davron NURMUHAMMAD