Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:
وجعلنا بعضكم لبعض فتنة أتصبرون
“Biz sizlarning ba’zilaringizni ba’zilaringiz uchun sinov qilib qo’ydik – (qani) sabr qila olurmisiz?”
Mufassirlar ushbu oyatni turli xil uslubda tafsir qilganlar. Masalan, Tafsiyrul Bag’aviyda shunday sharhlangan: فتنة so’zi balo, sinov ma’nosini bildiradi. Boy inson faqir kishi uchun sinov hisoblanadi, chunki kambag’al inson aytadiki, nega men anavi boy singari emasman?! Sog’lom inson kasal inson uchun, sharafli inson martabasi past inson uchun imtihondir.
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Alloh taolo bu oyatda sizni bir-biringizga sinov qildim, ulardan eshitadigan gap-so’zlarga sabr qilishingiz va kelishmovchiliklarni ko’rib hidoyatga erishishingiz uchun, imtihon qilaman. Muqotil rohimahulloh aytadilar: “Bu oyat Makka mushriklaridan Abu Jahl, Valid ibn Uqba, Os ibn Voil va Nazr ibn Horisalar haqida nozil bo’lgan. Chunki ular Abu Zar, Ibn Mas’ud, Ammor, Bilol, Suhayb, Omir ibn Fuhayr roziyallohu anhum va ular tengi insonlarni ko’rishganda: “Biz ham musulmon bo’lsak, anavilar singari bo’lamizmi?”, deyishgan. (ya’ni ular singari xor, kambag’al, muhtoj bo’lib yashaymizmi deyishmoqchi, chunki u kofirlarni aksari zodagon boylardan bo’lishgan. O’zlariga muhtojlik hayotini ravo ko’rishmagan)
Endi Tafsiyrul ibn Kasirga nazar tashlaydigan bo’lsak, unda:
وجعلنا بعضكم لبعض فتنة أتصبرون
Oyatini “Ba’zingizni ba’zingiz bilan biz imtihon qildik, osiy bo’lganlardan kim itoat qilishini (bo’ysunishini) bilishimiz uchun. Shuning uchun Alloh taolo oyatning davomida aytadi: أتصبرون وكان ربك بصيرا sabr qilmaysizlarmi va Robbingiz ko’rib turuvchi zotdir. (ya’ni sabr qilsangiz, sizlarni mukofotlaydi. U hamma ishlaringizni ko’rib bilib turibdi)
Muhammad ibn Is’hoq Alloh taoloning
وجعلنا بعضكم لبعض فتنة أتصبرون
oyati borasida aytadilar: Alloh taolo aytadi: “Agar dunyoni rasullarim bilan birga qilishni xohlaganimda, menga hech kim xilof qilmasdi va shuni albatta qilardim. Lekin men bandalarimni payg‘ambarlar bilan imtihon qilishni hamda rasullarni ham sinashni iroda qildim”.
Sahihi Muslimda Iyoz ibn Himardan, u kishi Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: “Alloh taolo aytadi: Men seni imtihon qilaman va sen sababingdan (boshqalarga) sinov beraman”.
Musnad kitobida esa, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Agar xohlasam, Alloh men bilan birga oltin va kumushdan iborat tog’larni yurgizib qo’yardi”. Sahih kitobida esa, U zot sollallohu alayhi vasallamga podshoh maqomidagi payg’ambarlik yoki oddiy rasul bo’lish ixtiyori berildi. U zot oddiy rasul bo’lishni ixtiyor qildilar. (bu yerda ham Rasulga qaysi bilan sinalish imkoni berilyapti. Lekin U zot bizga namuna o’rnak bo’lish uchun oddiylikni ixtiyor qildilar)
Tafsiyrul Qurtubiyda mazkur oyat bo’yicha 9 ta masala zikr qilingan bo’lib, biz tafsirini sharhlayotgan oyatning qismi 8-masalada keladi. Unda aytiladiki bu dunyo sinov va imtihon dunyosidir. Alloh taolo barcha insonlarni umumiy tarzda ba’zilarini boshqalariga fitna (imtihon) qildi, u banda mo’min bo’lsin, kofir bo’lsin, farqi yo’q. Sog’lom inson bemor inson uchun, behojat inson hojatmand inson uchun, sabrli kambag’al boy inson uchun ham sinov-imtihon bo’lishi mumkin. Buning ma’nosi shundayki, ulardan har biri o’z sohibi-sherigi bilan sinaladi. Masalan, boyning kambag’al bilan sinalishi, boy unga mehribonlik qilib turishi va uning ustidan mazax qilmasligi. Kambag’al esa, boyga hasad ko’zi bilan qaramasligi, undan faqatgina bergan narsanigina olishidir. Hamda boy ham kambag’al ham haq ustida sabr qilishidir.
Oyatning davomida kelgan أتصبرون javobi hazf bo’lgan, ya’ni sabr qilmaysizlarmi deyilganda, javob kutiladigan so’zdir. Muzaniy aytadilar: “Qashshoqlik meni haydab chiqargan edi va men aravalarda va egarlarda amaldorlarni ko’rib xayolimga nimadir tushdi. Shunda bir kishini وجعلنا بعضكم لبعض فتنة أتصبرون oyatini o’qiyotganini eshitdim va aytdim: “Ha, albatta Robbimiz, sabr qilamiz va savob umid qilamiz”.
أتصبرون sabr qilish hammaning ishi ham emas, u haq ustida turgan mo’minlarga xosdir. Qachonki musulmonlar sabr qilishgach, Alloh taolo ular borasida oyat nozil qildi:
إني جزيتهم اليوم بما صبروا
“Men bugun ularni (sizlarning ozor-aziyatlaringizga) sabr-toqat qilganlari sababli mukofotladim – ular haqiqiy (baxt-saodatga) erishguvchilar”. (Mo’minun surasi, 111-oyat)
Demak, xulosa o’rnida aytish mumkinki, inson bu hayoti dunyoda doim imtihon ustida yurganini unutmasligi lozim. Garchi uning boshiga ming turli sinovlar kelsa ham sabr qilib uning mukofotini Allohdan kutsin. Agar unda boshqalar orzu qiladigan mol-dunyosi yoki farzandlari, mansabi bo’lsa, Allohga shukrini ado etib yurishi, Alloh xohlasa, bu ne’matlarni tortib olishi mumkinligini unutmasin, hozirda ne’matlar bilan bo’lishi, uni xohlagancha tasarruf qilishi g’ururga ketkazmasin. Chunki g’urur shaytonning amalidan bo’lib, bandani jarlik tomon yetaklaydi.
Alloh taolo bir oyatda sinayman dedi, oyatni oxirida sabr qilmaysizlarmi deb ham tasalli bermoqda. Agar shu imtihonlardan o’tsak, bu dunyoda baxt-saodatni, oxiratda biz bilmagan qancha mukofotlarni hozirlaganini boshqa oyat bilan bayon qilmoqda. Alloh taolo aslida hech bir bandaga yomonlikni ravo ko’rmaydi, lekin boshiga kelgan musibatlarni, imtihonlarni uning gunohiga kafforat bo’lishini, duolari mustajob bo’lishini, O’ziga qaytishini xohlaydi. Aslida bu sinovlar ne’mat bo’lib, banda Alloh yo’lida chiniqib, hadislarda kelganidek kuchli mo’minga aylanadi.
Habiba Kamolitdinova,
Toshkent Islom instituti talabasi.
Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘zal odatlaridan biri shu ediki, o‘z as'hoblari bilan o‘tirib, goho savol-javob tarzida ham ularga yaxshilkini ta’lim berardilar. Bu safar U zot muflis deb ular kimni tushunishlari haqida so‘radilar. Arab tilida “aflasa” (muflis bo‘ldi, iflos etdi) fe’li qachonki, savdogar tijoratida ziyonga uchrab, sarmoyasi qo‘ldan ketib, zararga kirganda ishlatiladi.
Qarzlarini uzishga puli ham, sotib pul qilishga molu matosi ham qolmasa bunday insonni arablar muflis bo‘ldi deydilar. Buni zamonaviy tilda bankrot bo‘lish deyiladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam as'hobdan oxirat muflisi haqida so‘ragandilar, ular esa dunyo muflisidan so‘z etdilar. Holbuki, bu dunyoda zararga kirib qolish uzoq davom etmaydi. Nari borsa o‘lim bilan tugaydi. Ammo, oxirat muflisining iflosi uzoq davom etadi va juda ham ayanchli bo‘ladi.
Oxirat muflisi o‘z ko‘nglida jannatga birinchilardan kiraman deb o‘ylab, mahshar maydonida bankrotga uchrashini bilmagan va kutmagan holda namozu ro‘zab zakotu ham va umralardan iborat katta-katta ibodatlar bilan keladi. Ammo, u bilan birga Qiyomat maydoniga uning zulmlari ham kelgan bo‘ladi, uning esa xabari yo‘q. Chunki u o‘zini sarhisob qilmagan, o‘zining naqadar zulmkor va dilozorligiga e’tibor qilmagan. Chunki bu uning tabiati va sajiyasiga aylanib qolgan edi.
Shu bois, Oxiratda bir onda muflis bo‘lib qolishini aslo o‘ylamasdi. Biroq, u esidan chiqargan, xotirjam uxlagan, mog‘or bosgan vijdoni zarra qiynalmasdan sodir etgan zulmlari uni qiyomat maydonigacha ta’qib qilib kelganidan xabari yo‘q.
Xullas, ilohiy adolat qaror topadigan buyuk Kunda uning barcha savobli amallari u ozor yetkazgan, urgan, so‘kkan, o‘ldirgan, tuhmat toshi otgan insonlarga taqsimlab beriladi. Bu orada savobi qolmasa, ularning gunohlari buning yelkasiga ortiladi, so‘ngra esa do‘zaxga uloqtiriladi.
Muflislik sabablari
Hadisi sharif ma’nolarini diqqat bilan tafakkur qilgan inson qiyomatdagi bankrotlik, muflislik sabablarining bari bitta narsaga borib taqalishini ko‘radi, garchi ko‘rinishlari turlicha bo‘lsa ham. U ham bo‘lsa o‘zgalarga turli shakllarda zulm va ozor berish, moddiy va ma’naviy haqlarga tajovuz qilish, qul haqqini poymol qilish.
O‘z amaliga aldanib qolish, namoz o‘qiyapman, ro‘za tutyapman, haj va umra qilyapman, ichmayapman, chekmayapman demak men yaxshi odamman, jannatga tushaman, deya o‘z nafsini sarhisob qilmaslik, o‘zini tergamaslik, qalbning ruhiy tarbiyaga muhtojligi. Alloh kechiradi, deya Uning afviga suyanib qolish. Alloh taoloning makridan o‘zni omonda deb bilish va xotirjam bo‘lib qolish. Johilligi va bilimsizligi tufayli Dinni faqat marosimiy ibodatlardan iborat deb hisoblash.
Alloh taolo barchamizni qiyomat muflislaridan bo‘lib qolishdan asrasin, o‘z nafsini sarhisob qiladigan, kibrdan yiroq, Allohning makri va sinovidan xotirjam bo‘lib qolmagan hushyor va solih bandalaridan qilsin!
Ziyo Ashraf