Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Nabiyimiz alayhissalomning mavlidlari – nurning tug‘ilishi

28.01.2025   4892   9 min.
Nabiyimiz alayhissalomning mavlidlari – nurning tug‘ilishi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Mana, kun o‘tib, hafta o‘tib, oy o‘tib, yana rabi’ul avval oyi keldi. Ahli musulmon bu oyning boshqa ismlarini qo‘yib, qisqa qilib «Mavlid oyi» deb nomlaydigan oy keldi. Mavlid oyi – tug‘ilish oyi. Ha, bu oy – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan oylari, u zotning siymolarida insoniyatni zalolat qorong‘uligidan hidoyat yorug‘ligiga boshlovchi nurning tug‘ilish oyi. Jaholat botqog‘iga botib yotgan insoniyatni najot qirg‘og‘iga olib chiquvchi kuchning tug‘ilish oyi. Insoniyatni ikki dunyo saodatiga erishtiruvchi xaloskorning tug‘ilish kuni.

Mulohaza qiladigan bo‘lsak, dunyodagi barcha millat va elatlar, xususan, turli din vakillari o‘z ulug‘larining, rahnamolarining tug‘ilgan kunlarini alohida e’tibor bilan nishonlaydilar. Ko‘plari esa o‘sha kunlarni o‘z tarihlarining boshlang‘ich sanasi qilib olganlar.

Ming afsuslar bo‘lsinki, musulmonlar o‘zlarining mahbub Payg‘ambarlari, sarvari koinot bo‘lmish Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan kun va oylarini o‘zaro ixtiloflar bilan kutib oladilar. Har yili rabi’ul avval oyi yaqinlashishi bilan, «Mavlid» nomli marosim haqidagi ixtiloflar yangidan boshlanadi. Ko‘pchilik bu ishni qilish yaxshi desa, ba’zilar bu bid’atdir, har bir bid’at esa zalolat, har bir zalolat kufrdir, deydi.

Natijada yillar bo‘yi davom etib kelayotgan ixtilof yangidan boshlanadi. Yana eski gaplar avval boshdan qo‘zg‘aladi. Ikki taraf bir-biriga qarshi fatvolar chiqaradi. Bu esa o‘z navbatida ikki taraf ham ittifoq qilgan narsa – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari va ta’limotlarini xalqqa yetkazish ishini orqaga suradi, zaiflashtiradi.

Ko‘rinib turibdiki, befoyda tortishuvlarni yig‘ishtirib qo‘yib, har ikki tomon ixtilof qilayotgan narsalarida o‘z fikrlarida qolgan holda, ittifoq qilgan narsalari – nabiylarning xotimi Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sifatlariyu siyratlari, vasiyatlariyu sunnatlarini xaloyiqqa yetkazishga e’tibor bersalar yaxshi bo‘lar edi.

Shak-shubha yo‘qki, har ikki tomon ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga muhabbatlari cheksizligini da’vo qiladi. Har ikki tomon ham Allohga muhabbati zo‘rligini ta’kidlaydi. Allohning muhabbatiga sazovor bo‘lish umidida ekanini izhor etadi. Alloh subhanahu va taolo esa O‘zining qiyomatgacha boqiy mo‘jizasi Qur’oni azimush-sha’nda Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning tillaridan bunday deydi:

«Ayt: «Agar Allohni sevsangiz, bas, menga ergashing, Alloh sizni sevadir...» (Oli Imron surasi, 31-oyat)

Allohga muhabbati borligini da’vo qilgan odam Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashsin. Allohning muhabbatiga erishishni orzu qilgan odam ham Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashsin. Agar musulmon ulamolar, yozuvchilar va talabalar mavlid haqidagi ixtilofga sarflanayotgan bilim, kuch-quvvat, aql-zakovat, moddiy va ma’naviy imkoniyatlarini yuqorida zikr qilingan haqiqatni dunyoga tarqatishga sarf qilganlarida, ayni muddao bo‘lur edi.

Shu o‘rinda qadimgi musulmon fotihlar hayotida bo‘lib o‘tgan bir ibratli hodisani eslab o‘tish joiz. Yer yuziga Islom nurini taratish, insonlarni turli tuzumlar zulmidan Islom adolatiga olib chiqish, bandalarga qullik qilish xorligidan Alloh taologa bandalik qilish sharafiga erishtirish uchun chiqqan fotihlardan bir guruhi necha bor urinsalar ham, dushman istehkomini zabt eta olmabdilar. O‘ylab ko‘rishsa, avvallari bundan bir qancha qiyin ishlarni ham osonlik bilan amalga oshirgan ekanlar. Ammo bu sirni tushuna olmay xunob bo‘libdilar. Kelishib, tafakkur qilib, bu g‘alati ishning sababini topishga qaror qilishibdi. Tuzukroq o‘ylab qarashsa, o‘sha kunlari ba’zi omillarga ko‘ra, sevimli Nabiylari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biriga amal qila olmagan ekanlar. Hammalari o‘zlariga kelib, o‘sha tark etilgan nabaviy sunnatga amal qilibdilar va darhol fathu nusratga noil bo‘libdilar.

Ushbu qissa bugungi kunda nafaqat bitta sunnati nabaviyni, balki hamma sunnat, vojib va farzlarni tark eta turib, «Nima uchun musulmon bo‘lsak ham, Rasulullohning ummati bo‘lsak ham muvaffaqiyatga erisha olmayapmiz?» deyayotganlarning ko‘zini ochishi kerak.

Bundan kelib chiqib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashmaganlar Alloh taologa muhabbatlari borligini da’vo qilmasinlar hamda Alloh taoloning muhabbatidan umidvor bo‘lmasinlar, deyish mumkin. Chunki yuqorida zikr qilib o‘tilganidek, Alloh taoloning O‘zi Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tillaridan:

«Agar Allohga muhabbat qiladigan bo‘lsangiz, menga ergashing, Alloh sizga muhabbat qiladi», demoqda.

Insoniyatga ikki dunyo baxt-saodatini ta’min etuvchi ilohiy ta’limotlarni olib kelgan, butun olamga rahmat etib yuborilgan Rasuli Akram Muhammad sollallohu alayhi vasallamning mavlidlarini eslayotgan bugungi kunimizda, butun olam u kishining zotlariga, sifatlariga va ta’limotlariga qanchalik muhtoj ekanligini asrimizning buyuk aql egalaridan biri, zabardast ingliz mutafakkiri va yozuvchisi Bernard Shou qanday ifodalaganini eslash o‘rinlidir. «Agar Muhammad Rasululloh tirik bo‘lganida, zamonamiz muammolarini bir piyola choy ustida hal qilgan bo‘lar edi», degan ekan u.

Agar buyuk yozuvchining bu so‘zlari Bernard Shouga o‘xshash g‘arbliklar uchun shonu sharaf bo‘ladigan bo‘lsa, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ummatlikni da’vo qilib turib, u zotga ergashmay yurgan sharqliklar uchun oru nomusdir.

Ha, insoniyat bugungi kunda sarvari koinot Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning ta’limotlariga, u zotning shaxsiy sifatlariga nihoyatda muhtojdir. Birgina husni xulq – odob-axloq masalasini olib ko‘raylik. Insoniyat bugungi kunda odobsizlik, axloqsizlik botqog‘iga botib yotibdi. U hozir Muhammad sollallohu alayhi vasallamda mujassam bo‘lgan rostgo‘ylik, mehribonlik, juvonmardlik, ahdiga vafoli bo‘lish, omonatdorlik, sahiylik, halimlik, shijoatlilik kabi ko‘plab yaxshi sifatlar bilan sifatlanishga juda ham muhtoj.

Komil inson bo‘lmish Muhammad sollallohu alayhi vasallam komil axloq egasi ham edilar. Bu sifatni vasf etish uchun oddiy inson tili ojizlik qiladi. Bu boradagi vasf insonlarning Robbi tomonidan kelmishdir. Alloh jalla jaloluhu O‘zining mahbub Rasuli Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga bu haqda Qur’oni Majidda xitob qilib shunday deydi:

«Albatta, sen ulug‘ xulqdasan» (Qamar surasi, 4-oyat).

Demak, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning axloq-odoblari oddiy axloq-odob emas, ulug‘ axloq-odobdir. Binobarin, u zotga ergashganlarning axloq-odoblari ham shunday bo‘lmog‘i darkor.

Kishilar Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari, mo‘minlarning onasi Oisha Siddiqa roziyallohu anhodan u zoti bobarakotning xulqlari qanday bo‘lganligi haqida so‘raganlarida:

«U zotning xulqlari Qur’on edi», degan ekanlar.

Bu degani, u zot Qur’onda kelgan hamma yaxshi sifatlarni o‘zlarida mujassam qilgan edilar, deganidir. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam Qur’ondagi yaxshi sifat va ta’limotlarni nafaqat o‘zlarida mujassam qilgan edilar, balki ularni harfma-harf o‘z ummatlariga tatbiq qilib, ko‘rsatib ham bergan edilar. Ul zotdan bevosita ta’lim olgan sahobai kiromlarning har birlari yer yuzida qadam tashlab yuradigan tirik Qur’onlarga aylandilar. Buning samarasi o‘laroq ular qisqa muddat ichida butun dunyoga Islom nuri taralishiga sabab bo‘ldilar.

Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, bugunga kelib musulmonlar tirik Qur’on bo‘lish u yoqda tursin-u, ko‘plari Qur’on nimaligini ham, uning birorta surasini maromiga yetkazib tilovat qilishni ham bilmaydigan holga keldilar.

Mahbub Rasulimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning mavlidlarini eslar ekanmiz, u zotga sodiq ummat bo‘lish ahdini yangilaymiz.

Mahbub Rasulimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning mavlidlarini eslar ekanmiz, u zotga salavotu salomlar yuboramiz, Alloh taolodan bu dunyoda u zotga ergashib yashash nasib etishini, u dunyoda O‘zining roziligiga va Rasulining shafoatiga muyassar qilishini so‘raymiz. Omin!


ILOVA

Ushbu maqolalar nashr qilinganidan keyingi davrda dunyoda bo‘lib o‘tgan ba’zi hodisalar Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, siyratlari, hayotlari va sifatlarini yanada yaxshiroq teranroq va ko‘proq o‘rganishimiz zarurligini ko‘rsatdi.

Ba’zi g‘ayrimusulmon toifa va shaxslar Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning halarida mislsiz nobakorlik va beodoblik qildilar. U zotning shaxslariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar uyushtirdilar. Ba’zi nashrlar hatto u zotni mas'haralovchi rasmlar ham chop etdilar, turli tuman gap-so‘zlarni ko‘paytirdilar.

Albatta, dunyo musulmonlari bu kabi nobakorliklarga qattiq qarshilik ko‘rsatdilar va turli chora-tadbirlarni ko‘rdilar. Ana o‘sha chora-tadbirlardan eng ko‘zga ko‘ringani Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, siyratlari, hayotlari va sifatlarini yanada yaxshiroq, teranroq va ko‘proq o‘rganish yo‘lidagi harakatlar bo‘ldi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Ayni shu munosabat ila butun dunyo bo‘ylab Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlangan turli tashkilotlar tuzildi. Turli tillarda u zotning siyratlari, sifatlari, sunnatlari va ta’limotlarini bayon qiluvchi kitoblar, nashrlar, filmlar va boshqa asarlar yaratildi.

Butun dunyo bo‘ylab mavlid marosimlari o‘tkazildi va o‘tkazilmoqda. Bu marosimlarning aksari xalqaro ko‘lamga ega bo‘lib, ularda yuz minglab odamlar ishtirok etmoqda. Huddi shu munosabat ila minglab kishilar Islom dinini qabul qilmoqda va Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga ummat bo‘lmoqda.

Keyingi mavzu:
Ayollarning erkaklarga o‘xshab namoz o‘qishi.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

18.06.2025   1389   3 min.
Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.

Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.

Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?! 

Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.

Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:

Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!

 Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:

1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.

2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.

3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.

Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni  saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.

Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.

Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2]  Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.

 

Maqolalar