Jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida shu yil 27-28 yanvar kunlari “Nazarbek” talabalar turar joyida “Barkamol avlod” sport musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqa 3 ta sport turi — shaxmat, stol tennisi va o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha o‘tkazildi.
E’tiborlisi, bellashuv nafaqat talabalar o‘rtasida, balki ustoz va murabbiylar o‘rtasida ham stol tennisi bo‘yicha tashkil qilindi.
Murosasiz kechgan bahslarda musobaqa g‘oliblari aniqlandi. Barcha ishtirokchilar sportda o‘z kuchini sinab ko‘rish barobarida bir-biri bilan tajriba almashish, do‘stona muhitda kuchli jamoa sifatida harakat qilish imkoniyatini berdi. Shuningdek, yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
G‘oliblarga ta’lim muassasasining diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV,
“Ko‘kaldosh” O‘MIBYU mudarrisi
Folbinlik – bu kelajakni bashorat qilish, noyob bilimlarga ega ekanligini da’vo qilish yoki g‘ayrioddiy usullar bilan kimnidir davolash iddaosi. Ba’zilar qo‘llar, kaft chiziqlari yoki karta bilan, boshqalari esa turli sehrli amaliyotlar bilan odamlarni ishontiradi.
Islom dinida folbinlik va sehrdan qat’iy qaytarilgan. Alloh taolo Qur’onda bunday ishlardan qaytargan: “...Senga zarar ham, foyda ham yetkaza olmaydigan narsalarga duo qilma. Agar shunday qilsang, albatta zolimlardan bo‘lasan” (Yunus surasi, 106-oyat).
Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim folbin yoki ko‘zboylog‘ichga borib, uning so‘zini tasdiqlasa, u Muhammadga sollallohu alayhi vasallam nozil qilingan narsaga kofir bo‘libdi” (Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Bu hadis folbinlarga ishonish qanchalar og‘ir gunoh ekanini ko‘rsatadi.
Ba’zilar qiyinchiliklardan chiqish yo‘lini qidirib, hech qanday dalilsiz folbinlarga yuguradi.
Ko‘pincha inson o‘z hayoti haqida “maxfiy ma’lumot” bilishni xohlaydi va buni folbinlardan izlaydi.
Kimdir folbinlarning so‘zlariga ishonib, ularni haqiqat deb qabul qiladi. Vaholangki, folbinga borish dunyo va oxirat uchun xatarlidir.
1. Iymonni zaiflashtiradi – Folbinlarga ishonish Allohga bo‘lgan tavakkulni kamaytiradi.
2. Odamlarni aldaydi – Folbinlar ko‘pincha yolg‘on aytadi va odamlarning pullarini nohaq yo‘llar bilan oladi.
3. Jamiyatni buzadi – Folbinlarga ishongan odamlar o‘z hayotlarini ularning gaplariga qarab yo‘naltiradi va haqiqatdan uzoqlashadi.
Folbinlardan himoyalanishning yo‘llari:
1. Qur’on va hadislarni o‘rganish – Islomda taqdir va tavakkul haqidagi tushunchalarni bilish folbinlarga ishonishdan saqlaydi.
2. Istig‘for va duo qilish – Qiyinchilikda Allohga yuzlanish kerak, chunki haqiqiy yordam faqat Undan keladi.
3. Sahih ilmga tayanish – Har qanday masalada ilmli ulamolardan maslahat olish kerak.
Folbinlarga ishonish nafaqat odamning aqliga, balki iymoniga ham zarar yetkazadi. Haqiqiy hidoyat faqat Allohning kalomi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatidandir. Shuning uchun hamma vaqt Allohga tavakkul qilib, Undan yordam so‘raylik.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV